Xonqalik fermer “Shinjon” agrotexnologiyasi orqali hosil yaratmoqda

21:35 25 Aprel 2025 Iqtisodiyot
304 0

Xorazm viloyatida ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugun Xonqa tumanining “Tomadurgadik” qishlog‘ida joylashgan “Vaisyaz Qaxramon” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Fermer xo‘jaligining 61 gektarlik yer maydonida samaradorlik yuqori, buning 59,4 gektari ekin maydoni bo‘lib, shundan 44 gektar paxta, 15 gektar g‘allaga ajratilgan.

Vazir tashrif buyurgan 7,5 gektarlik konturda esa Xitoyning “Xin Lu zao-78” paxta navi “Shinjon” agrotexnologiyasi asosida ekilgan. Bu texnologiya zamonaviy yondashuvni talab qilgani bois, fermer xo‘jaligi yer maydonini oldindan lazer usulida tekislagan. Hozirda nihollar yaxshi unib chiqqan bo‘lib, dalaning holati va madaniyati namunaviy darajada.

Yana bir e’tiborga molik jihat — maydonning 0,5 gektar qismiga mahalliy “Xorazm-127” paxta navidan xo‘rak maydoni sifatida foydalanilgan. Fermer xo‘jaligi rahbari har qarich yerni hisoblab, bo‘sh yotgan bir qarich maydonni ham behuda qoldirmagan. Dala atroflarida ham turli ekinlar yetishtirilmoqda. Bu esa yurtimiz dehqonining mehnatga sadoqati, yangilikdan qo‘rqmasdan, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishga bo‘lgan intilishining yaqqol isbotidir.

Tashrif chog‘ida vazir Ibrohim Abdurahmonov fermer manfaat topsa, yangilikdan hech qachon cho‘chimasligi kerakligini, innovatsiyalar – bu ertangi hosilning kafolati ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?