Xonobod tarixining yangi qirralari ochilmoqda

15:36 20 Fevral 2023 Jamiyat
713 0

Foto: Xalq so‘zi

Xonobod shahri mamlakatimizning eng chekka hududida joylashgan boʻlib, Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh. U oʻzining joylashuvi, tabiati, iqlimi jihatidan farqlanib turadi. Bu yerda oʻsimlik dunyosining oʻn mingdan ortiq turini uchratasiz. Oʻz vaqtida “Oʻzbekiston Shveysariyasi” nomini olgan manzilda sayyohlik salohiyatini oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017-yilda Xonobod shahrida boʻlib, hududning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda uni Fargʻona vodiysining sayyohlik markaziga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi bu boradagi saʼy-harakatlarni yanada jonlantirdi. Hozirda Xonobod shahri katta bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu yerda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun yetarli sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, shu kungacha dam olish sanatoriysi, dala hovlilar, temir yoʻl, dam olish maskanlari, savdo va koʻngilochar manzillar barpo etildi.

Xonobod shahrida sayyohlar eʼtiborini jalb etishi mumkin boʻlgan jihatlar juda koʻp. Ularni yuzaga chiqarish uchun 2020-yildan buyon “Hamkor Stimul Servis” innovatsion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan arxeologik izlanishlar olib borilmoqda.

— Buning uchun “Xonobod ekspeditsiyasi” tashkil etilgan boʻlib, unga respublikamizdagi eng tajribali mutaxassislar jalb etildi, — deydi markaz rahbari, “Antique world” xalqaro akademiyasi professori Shohida Sultonova. — Faoliyatimizni dengiz osti qatlamlarini, tosh boʻlaklari joylashgan tik hududlarni oʻrganishdan boshladik. Natijada “Avliyolar darasi” hududida 7 ta tabiiy koʻrinishdagi tik va bitta yotiq usulda joylashgan dengiz tubi qatlami ochildi. Bu qatlamlar ostida bir necha ranglardan iborat minerallar mavjudligi aniqlandi.

Ekspeditsiya aʼzolari dengiz sathidan 857 metr balandlikdagi buloq koʻzini ochish davomida uning atrofidan uch davrga oid qurilish ashyolarini topishdi. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan izlanishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ular Amir Temur saroyining yoʻlaklarini hosil qilishda qoʻllanilgan xom ashyoning namunasidir.

Markaz mutaxassislari izlanishlari tufayli shu kungacha 11 ta buloqlar koʻzi ochildi. Ajablanarlisi shundaki, garchi ularning oraliq masofasi 1-1,5 metrni tashkil etsada, taʼmi bir-biridan tubdan farq qiladi. Ushbu holatning oʻziyoq sayyohlar eʼtiborini jalb qiluvchi ajoyib jihatlardan biridir. Respublika farmatseftika instituti lobaratoriyasi tomonidan buloq suvining tarkibi oʻrganilganida, behisob minerallarga boyligi, ayniqsa, kremniy kislotasining yuqoriligi aniqlandi. Buloq atrofidan topilgan qurilish ashyolari esa bu joylar tarixda obod maskanlardan boʻlganini tasdiqlamoqda. Shu bilan birga qazishma davomida aniqlangan argillit va angop minerallari rang yoʻqotmasligi, qorishmasining mustahkamligi sababli qadimiy minoralardagi bezak ishlarini bajarishda qoʻllanilgan, degan xulosaga kelish mumkin.

— Bu hududda paleogen, boʻr va yura davri yotqiziqlari tektonik harakatlar natijasida Yer yuzasiga chiqib qolgan, — deydi Fargʻona geofizika ekspeditsiyasi bosh geologi Murodjon Abdullayev. — Fargʻona vodiysida bu davr yotqiziqlarida koʻplab neft va gaz konlari ochilgan. Kuchli siqilishlar bu yotqiziqlarning haqiqiy holatini buzib, boʻlaklarga boʻlib tashlagan.

Ekspeditsiya tomonidan hozirgacha turli chigʻanoqlar, bahaybat hayvonlarning suyak qoldiqlari, koʻmirli qatlamlar, toshga aylangan daraxt tanasi topildi. Eng muhimi, Markaziy Osiyo geografik xaritasida qayd qilinmagan argillit konlari izlariga duch kelinishi kutilmagan edi. Mutaxassislar xulosasiga koʻra, argillit paleogen, boʻr va yura davri yotqiziqlarining rangli qoldiqlari hisoblanadi. Maʼlumotlarda bayon etilishicha, undan turli kasalliklarni davolashda ham foydalansa boʻladi. Sababi, argillit taʼsirida jigar, buyrak, buyrak usti va oshqozon osti bezi, geniteriya, siydik yoʻllari tizimi bilan bogʻliq dardlarni davolash mumkin. Shuningdek, qon aylanishini yaxshilaydi va ravonlashtiradi, jarohat bitishini tezlashtiradi, yalligʻlanish jarayonlarini muskullar va boʻgʻinlardan olib tashlaydi. Qolaversa, spirtli ichimliklarga qarshi kurashishda foydalidir. Undan kosmetologiyada ham oʻrinli foydalansa boʻladi.

— Xonobod adirliklarida aniqlangan minerallar yordamida bemorlarni davolash boʻyicha bir yil davomida izlanishlarni amalga oshirdik, — deydi Andijon davlat tibbiyot instituti katta oʻqituvchisi Akbarali Madixanov. — Natijada ularning oshqozon ichak kasalliklari, jigar, buyrak, surunkali bronxit, qand kasalliklari, revmotizm, boʻgʻin va poy xastaliklarida muvaffaqiyatli natijalariga guvoh boʻldik.

Xulosa qilish mumkinki, Xonobod shahrida sayyohlik salohiyatini yuksaltirish bilan bir qatorda undagi mavjud imkoniyatlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirish mumkin. Bu borada Shohida Sultonova boshchiligidagi “Hamkor Stimul Servis” innovatsion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер