Xitoyda Alisher Navoiy tavallud kuni oldidan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda

12:45 06 Fevral 2021 Madaniyat
863 0

Buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi oldidan mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi hamda Shanxaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish asnosida keng targʻibot ishlari amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Jumladan, Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasida talabalar ishtirokida sheʼrxonlik kechasi tashkil etildi. Ushbu maʼrifiy tadbir chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati, Alisher Navoiy sheʼriyati va soʻzining qudrati, uning ulkan maʼnaviy merosi, Navoiy sheʼrlari xitoy tiliga tarjima qilingani holda Xitoyda bir necha marotaba alohida toʻplam holida nashr etilgani bilan bogʻliq maʼlumotlar yuzasidan atroflicha fikr yuritildi.

Shu bilan birga, elchixonaning Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlashga doir tadbirlari rejasiga binoan Xitoyda boʻlib turgan vatandoshlar bilan videokonferensiya tashkil etilib, ushbu tadbir doirasida vakolatxona tomonidan xitoy tiliga tarjima qilingan Navoiy sheʼrlari yangi kitobining taqdimoti ham oʻtkazildi.

Yuqoridagilar bilan birga, mamlakatimizning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi xodimlari, oʻzbek tilidan saboq olayotgan xitoylik talabalar, oʻzbekistonlik yoshlar va mahalliy jamoatchilik vakillari Shanxay universiteti markaziy maydonida Alisher Navoiy siymosiga ehtirom ramzi sifatida oʻrnatilgan haykal poyiga gul qoʻydi.

Mazkur tadbir doirasida xitoylik va oʻzbekistonlik yoshlar buyuk bobokalonimizning muborak haykali yonida gʻazal mulkining sultoni ijodidan namunalarni yoddan oʻqib berdi.

— Alisher Navoiy haykali Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstona va madaniy munosabatlarining yuksak timsoli hisoblanadi, — deydi Shanxay universitetining Xalqaro aloqalar boshqarmasi direktori oʻrinbosari Lyu I. — Fursatdan foydalanib, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tugʻilgan kun oldidan tashkil etilgan bugungi tadbirning barcha ishtirokchilarini ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy va maʼrifiy aloqalar yana-da ravnaq topishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?