Xitoy Afrikada oʻz taʼsirini tobora oshirmoqda

16:48 05 Sentyabr 2024 Dunyo
185 0

Foto: AFP

Xitoy raisi Si Szinpin Xitoy — Afrika hamkorlik forumida Afrika uchun kamida 1 millionta ish oʻrni yaratishga vaʼda berdi. U Afrika mamlakatlariga yangi moliyalashtirish dasturida 51 milliard dollar ajratishni, shu jumladan, kreditlar va turli xil yordam turlarini taqdim etishini va qitʼa boʻylab bir qancha infratuzilma loyihalarini qoʻllab-quvvatlashini aytdi.

“Biz birgalikda yoʻllar, temir yoʻllar, maktablar, kasalxonalar, sanoat markazlari va maxsus iqtisodiy zonalarni qurdik. Ushbu loyihalar koʻplab odamlarning hayoti va taqdirini oʻzgartirdi”, dedi Xitoy rahbari. Shuningdek, u Xitoy va Afrika xalqi yangi hamda katta ishlarni amalga oshirishi, Global Janubni modernizatsiya qilishga rahbarlik qilishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Pekin Afrikadagi taʼsirini Gʻarb davlatlari, shu jumladan, AQSH bilan tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy va diplomatik kelishmovchiliklar sharoitida kengaytirishga intilmoqda. Xitoy Afrikaning eng yirik savdo hamkori boʻlib, qitʼa eksportining deyarli toʻrtdan bir qismi boʻlgan minerallar, yoqilgʻi va metallar ushbu davlat hisobiga toʻgʻri keladi. Pekin 2006-2021-yillar oraligʻida Afrika davlatlariga 191 milliard dollarlik sarmoya kiritgan va qitʼaning eng yirik qarz beruvchisi hisoblanadi.

Uch kunlik sammit arafasida Afrika rahbarlari infratuzilma, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon va energetika boʻyicha hamkorlik bilan bogʻliq koʻplab bitimlarni eʼlon qilishdi. Boshqa kelishuvlar qatorida Keniya Prezidenti Uilyam Ruto poytaxt Nayrobi va Mombasa oʻrtasidagi temir yoʻlni va Sharqiy Afrika mamlakatining gʻarbidagi avtomagistralni kengaytirish boʻyicha hamkorlik qilish rejalarini eʼlon qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?