Xazonrezgi: muammo bor, yechim-chi?

11:17 06 Oktyabr 2020 Siyosat
2532 0

Daraxtlarning tabiat va inson hayotida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Xususan, yashil olam shahar havosini 2-8 darajaga salqinroq qiladi. Bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi. Daraxtlarning atrof-muhitga berayotgan foydasi tufayli megapolislar har yili 150 million dollarga yaqin mablagʻni tejaydi.

Daraxtlar har doim tabiatga, insoniyatga foyda keltirgan. Soyasi jonga mevasi tanga darmon. Lekin har bir faslning oʻz xususiyati bor. Kuz fasli kelishi bilan daraxtlar oʻzining yashil olamini xazonrezgilikka boʻshatib beradi. Ayni kuz faslida aholi tomonidan daraxtlardan toʻkilayotgan barglarni yigʻish tashish ishlari tashvishga soladi. Shuningdek, uni yoqib yuborish holatlari ham kuzatiladi.

Keling, shu oʻrinda yongan xazonning nechogʻlik zararli ekanini statistik maʼlumotlar orqali tahlil qilib koʻraylik. Bir tonna xazon yoqilganda, atmosferaga 30 kg. uglerod oksidi ajralib chiqadi. Bundan tashqari, inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi boshqa moddalar, yaʼni oltingugurt angidridi, qurum, azot oksidi va murakkab tarkibli organik birikmalar – dioksinlar ham tashlanadi. Xazondan chiqayotgan tutun atmosfera tarkibidagi kislorod miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa, chala yongan xazon oʻzidan zaharli gaz chiqaradi.

Mutaxassislar fikricha, zararli moddalarga toʻyingan havodan nafas olgan kishining nafas yoʻllari, koʻzi hamda markaziy asab tizimi shikastlanadi. Shu bilan birga, organizmda oʻpka saratoni, bronxial astma kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishi xavfi ortadi. Xazonni yoqishdan kelib chiqadigan zararli tutun, ayniqsa, bolalar, yurak qon tomir nafas olish yoʻllari xastaliklariga chalingan hamda allergiyasi bor insonlarga koʻproq salbiy taʼsir etadi.

Shuni unutmaslik kerakki, koronavirus pandemiyasi sharoitida atmosferaning turli moddalar bilan ifloslanishi, ushbu kasallik bilan kasallanganlar, tuzalib chiqqanlar uchun esa nihoyatda zararlidir. Shunday ekan, atmosferani muhofaza qilish talablariga qatʼiy rioya qilish atrof-muhit musaffoligini taʼminlash va inson salomatligini himoyalashda alohida ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 88-moddasida «Dala va aholi punktlarida angʻiz, xazon va shox-shabbalarni yoki oʻsimliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish, atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirishga olib kelsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi», deya alohida taʼkidlangan. Shu bilan birga, yongʻin sodir boʻlishi oqibatlaridan kelib chiqib jinoiy javobgarlik ham mavjud. Shundan kelib chiqib, fuqarolar, mahalla faollari sogʻlom ekologik vaziyatni saqlash ishlaridan chetda qolmasligi lozim. Ekologik qoidalarni buzgan shaxslar aniqlanishida mahalla faollarining roli juda ham muhim. Olib borilayotgan tadbirlar natijasi yildan-yilga xazon va shox-shabbalar hamda oʻsimliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish holatlari kamayib borayotganligini koʻrsatmoqda. Biroq bu orada amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator vazifalar ham mavjud. Bu bir necha omillarga bogʻliqdir.

Birinchidan, tegishli mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan xazon yoqishning oʻz vaqtida oldini olish boʻyicha chora-tadbir amalga oshirish lozim. Daraxtlardan toʻkilgan xazonlarni yigʻib mutasaddi tashkilotlar koʻmagida shahar tashqarisiga tegishli joylarga tashlash.

Ikkinchidan, kesilgan shox-shabbalarni qayta ishlash natijasida turli xil qurilish materiallari va briketlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish.

Uchinchidan, daraxtlardan toʻkilgan xazonlarni alohida ajratilgan holda yigʻib olish natijasida ulardan oʻgʻitlar tayyorlash yoʻlga qoʻyish.

Toʻrtinchidan, aholi punktlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishda, ekologik talablarga qatʼiy rioya qilish va tumanning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda atrof-muhit musaffoligini taʼminlash va inson salomatligi uchun maqbul boʻlgan oʻsimlik va daraxt turlarini ekishga alohida eʼtibor qaratish.

Beshinchidan, mahallalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida ekologik hasharlar oʻtkazilib, avvalo, ekologik tozaligini taʼminlash, chiqindixonalarni ozoda saqlash, bunda ayniqsa, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish.

Oltinchidan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, ommaviy axborot vositalari orqali ular oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borish ekologik qoidabuzarliklarni oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalardan yana biri, bu sohada qonunchilikni takomillashtirishdir. Shuni alohida qayd etish joizki, hozir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi Ekopartiya fraksiyasi aʼzolari hamkorligida qator qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, yangi qonunlar qabul qilish, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Ekologik kodeksini ishlab chiqish borasida ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, yaqinda deputatlar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda qabul qilingan “Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi daraxtlar, butalar va boshqa oʻsimliklarning gʻayriqonuniy kesilishi, yoʻq qilinishi, shikastlantirilishining oldini olishni nazarda tutadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish orqali bu boradagi huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qiladi.

Bu borada olib borilayotgan amaliy ishlar sohada qonunchilikni yana-da takomillashtirish borasidagi qonun ijodkorligi samarasi ekologik farovonlikni taʼminlash, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasi, kelajak avlodning musaffo muhitda yashash huquqini kafolatlashga xizmat qilishi lozim.

Islom XUSHVAQTOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?