Xazonlar noyob xomashyo

17:43 25 Noyabr 2025 Jamiyat
296 0

Uni qayta ishlab ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin.

Mutaxassislarning aytishicha, bir tonna barg yoqilganda 9 kilogrammgacha zararli tutun havoga koʻtariladi. Bu mikrozarralar ichida chang ham, azot oksidlari ham, is gazi ham, inson uchun eng xavfli moddalardan biri — dioksin ham bor. Ular havo orqali inson tanasiga kirsa, immunitetni zaiflashtiradi, tananing tabiiy mezonini buzadi, hatto organizmning eng nozik jarayonlariga ham putur yetkazadi. Avvalo, insonning oʻpka tizimi zararlanadi. Zaharli moddalar qon orqali butun tanaga tarqab, buyrak, jigar, bosh miya va asab tizimi ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Bundan anglashiladiki, xazonlarni yoqish nafaqat tabiatga, balki inson salomatligi uchun ham jiddiy xavfdir. Shu bois bunday holat qonunchiligimizda huquqbuzarlik sifatida baholanadi.

Dala yoki aholi punktlarida xazon, shox-shabba va boshqa oʻsimlik qoldiqlarini yoqish — Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4 va 24-moddalariga zid harakat hisoblanadi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 88-moddasi 3-qismiga muvofiq, bunday qonunbuzarlik uchun fuqarolarga BHMning 3-5 baravari, mansabdor shaxslarga esa 5-10 baravari miqdorida jarima belgilanadi. Agar bu ish bir yil ichida yana takrorlansa, jazo miqdori yana bir necha baravarga oshiriladi.

Oyoq ostidagi xazonlar kimgadir keraksiz, qolib ketgan barglardek tuyulishi mumkin. Ammo tabiatda hech narsa bejiz yaratilmagan. Yevropaning koʻplab mamlakatlarida toʻkilgan barglar yigʻib olinmaydi. Amerika Qoʻshma Shtatlarida esa hududni, hatto oʻzingizning shaxsiy yeringizni ham barglardan tozalash ayrim hollarda jiddiy qonunbuzarlik sifatida baholanishi mumkin. Rossiyada Moskva shahar maʼmuriyati ham maysazorlarda toʻkilgan barglarni yigʻib olishni taqiqlovchi qaror qabul qilgan.

Bu kabi chora-tadbirlarni meʼyoriy hujjatlar asosida tartibga solishdan koʻzlangan asosiy maqsad — tabiatning oʻz-oʻzini qayta tiklash imkoniyatini taʼminlashdir. Chunki tabiatdagi har bir unsur oʻzaro bogʻliq holda umumiy muvozanatni tashkil etadi. Masalan, daraxtlar kuz faslida barg toʻkishi orqali tuproqni tabiiy oʻgʻit bilan boyitadi. Bu esa keyingi mavsumda oʻsadigan oʻsimliklar rivojiga, shuningdek, daraxtning kelajakda barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayrim mamlakatlarda toʻkilgan barglarni yigʻib olish amaliyoti qoʻllanmasligining asosiy sababi ham shu ekologik muvozanat bilan bogʻliq.

Xazonlarni qayta ishlash orqali ulardan turli mahsulotlar olish jarayoni dunyoda tobora kengayib bormoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada barglardan maxsus texnologiya asosida briket oʻtin tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan va bu mahsulotga talab kun sayin oshib bormoqda. Inglizlarning ajoyib kashfiyoti boshqa mamlakat tadbirkorlarini ham qiziqtirib, ularni mazkur sohada ishlashga undamoqda. Yoki boshqa bir kompaniya esa toʻkilgan xazonlardan bir martalik ekologik toza idishlar — tovoq va stakanlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Bunday mahsulotlar nafaqat foydalanish uchun qulay, balki atrof-muhitga zararsizligi bilan ham ahamiyatga ega.

Shunday ekan, yurtimiz tadbirkor va ishbilarmonlari mazkur tajribani oʻzimizda ham qoʻllab koʻrsa, har tomonlama foydali boʻlar edi. Zero, xazonlarni yigʻib, uyum-uyum chiqindiga aylantirmasdan, uni qayta ishlab, “ikkinchi hayot” berish tabiat sofligi, iqtisodiyot rivoji uchun birdek manfaatlidir.

Doston XOʻJANOV,

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi masʼul xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер