Xavfsizlik kamari taqishdan ozod etiladigan shaxslar roʻyxati tasdiqlandi

17:30 14 Yanvar 2026 Jamiyat
179 0

Illyustrativ foto

Sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 13-yanvardagi yangi buyrugʻi bilan salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan shaxslar roʻyxati tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur roʻyxatga jami 20 turdagi kasallik va holatlar kiritilgan. Bular:

  1. Oʻmrov va toʻsh suyagi sinishi;
  2. Yelka kamari sinishi;
  3. Qovurgʻalar sinishi;
  4. Chap oʻmrov suyagi chiqishi tufayli oʻtkazilgan operatsiyalar;
  5. Chap oʻmrov suyagining soxta boʻgʻimi sinishi;
  6. Umurtqa pogʻonasining kompression sinishi;
  7. Oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich);
  8. Bronxial astma (IV bosqich);
  9. Oʻpkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar);
  10. Oʻpkaning bir qismi yoki butun qismining (chap yoki oʻng) olib tashlanishi (lobektomiya, pnevmonektomiya);
  11. Surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi;
  12. Ogʻir yurak-qon tomir kasalliklari (oʻtkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar);
  13. III darajali (morbid) semizlik (Tananing massa indeksi ≥ 40);
  14. Past boʻylik (nanizm) 150 santimetrdan past;
  15. Qoʻl yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
  16. Tananing koʻkrak qismida joylashgan ogʻir allergik yoki dermatologik kasalliklarning ogʻir shakllari (ekzema, psoriaz va boshqalar);
  17. Oʻmrov, kurak, yelka, toʻsh suyaklari va qovurgʻalarda ichki va tashqi implantlarning mavjudligi;
  18. Koʻkrak qafasi va qorin boʻshligʻida oʻtkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar;
  19. Stomalar mavjud boʻlishi;
  20. Koʻkrak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (oʻsma).

Mazkur holat/kasallik mavjudligi tibbiyot muassasalari tomonidan rasmiy tasdiqlanadi hamda fuqaroga QR-kodli elektron tibbiy maʼlumotnoma beriladi. Ushbu tibbiy maʼlumotnoma bir yil muddatga davlat tibbiyot muassasasi tomonidan bepul beriladi.

Tibbiy maʼlumotnoma ushbu kasalliklar yuzasidan qoʻyilgan tashxislar boʻyicha belgilangan muddatlar (2 oy, 4 oy, 6 oy, 1-yil) doirasida beriladi. Tibbiy maʼlumotnoma ushbu kasalliklar uchun doimiy muddatga beriladi.

Buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?