Xavfsiz uy-joylar qurilishi – aholining asosiy istagi
Odam oʻz uyida xavfsizlikni his qilmasa, qanchalik chiroyli fasad yoki zamonaviy liftlar boʻlsa ham xotirjamlikka erisholmaydi. Shu bois, bugun qurilayotgan har bir koʻp qavatli uy sifati faqat qurilish sohasiga emas, balki butun jamiyat hayotiga daxldordir. Ayniqsa, poydevori yetarlicha mustahkam boʻlmagan binolarda ertami-kech muammolar paydo boʻlishi tabiiy.
Surxondaryo viloyatida mazkur masʼuliyatni zimmasiga olgan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi faoliyati sifat, xavfsizlik va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Inspeksiya qoshida faoliyat yuritayotgan Qurilish-sinov laboratoriyasi mutaxassislari hududda barpo etilayotgan koʻp qavatli turar-joy binolarida muntazam tekshiruvlar oʻtkazishadi. Bu orqali har bir qurilishning sifat va barqarorligi aniqlanadi.
Soʻnggi oʻrganishlar Termiz shahridagi Abdulla Avloniy mahallasi hamda Termiz tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massividagi koʻp qavatli turar-joylarda amalga oshirildi. Zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari yordamida beton va temir-beton konstruksiyalarining sifati, mustahkamligi hamda meʼyoriy talablarga muvofiqligi chuqur tahlil qilindi. Ayniqsa, binolarning poydevor qismiga alohida eʼtibor qaratildi, chunki aynan shu asos keyingi barcha qurilish jarayonlarining “taqdiri”ni belgilaydi.

Qurilish maydonlarida olib borilayotgan bunday sinovlar ayrimlarga oddiy tekshiruvdek tuyulishi mumkin, ammo amalda bu jarayon qurilishdagi shoshma-shosharlik, iqtisod qilish bahonasida sifatdan chekinish kabi holatlarga qarshi eng samarali toʻsiqdir. Kamchilik aniqlangan taqdirda ishlar toʻxtatiladi, nuqsonlar bartaraf etilmaguncha keyingi bosqichga oʻtishga ruxsat berilmaydi.
Inspeksiya yetakchi mutaxassisi Murodjon Nabiyevning taʼbiri bilan aytganda, poydevordan olingan beton namunasini laboratoriyadan oʻtkazish qurilayotgan uyning kelajakda odamlar uchun xavfsiz boʻlishini taʼminlaydigan eng muhim kafolat sanaladi.
— Inspeksiya faoliyati faqat alohida obyektlarni tekshirish bilan cheklanib qolmayapti, — deydi Inspeksiya yetakchi mutaxassisi Murodjon Nabiyev. – Raqamlarga murojaat qilsak, oʻtgan yil mobaynida 28 ming marotabadan ortiq monitoring ishlari amalga oshirildi. Bu jarayonda 175 ta holatda shaharsozlik talablariga javob bermaydigan qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi. Bu koʻrsatkichlar qurilish sohasida hali hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar borligini koʻrsatadi.

Muhimi, bu nazorat jazolash uchun emas, balki tartib oʻrnatish, qurilish madaniyatini oshirish va fuqarolar manfaatini himoya qilishga qaratilgan. Termiz shahri va tumanida olib borilgan oʻrganishlar shuni koʻrsatadiki, qatʼiy laboratoriya nazorati pudrat tashkilotlarini sifatga jiddiy yondashishga majbur qilmoqda. Bu esa oddiy odamlar uchun mustahkam, ishonchli va xavfsiz turar-joylar barpo etilishiga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyatida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi faoliyati samarasi har bir poydevorning mustahkamligida, har beton qavatning sifatida va har bir uyning barpo etilishida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Chunki mustahkam poydevor ustida, barcha talablar asosida barpo etilgan uygina insonga xotirjam hayot baxsh eta oladi.
Farhod ESONOV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring