Xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos
Shu kunlarda yangi tahrirdagi Konstitutsiya yuzasidan oʻtkaziladigan umumxalq referendumiga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida qator yangi normalar mustahkamlab qoʻyilmoqdaki, ularning zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash, qonun hamda adolat ustuvorligi, insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik kabi muhim qadriyatlar mujassam etgan.
Chunonchi, ana shunday normalardan biri — 15-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismiga kiritilayotgan qoʻshimchalardir. Ularga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda, Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi sifatida mustahkamlab qoʻyilmoqda. Shu bilan birga, agar xalqaro shartnomada qonunlarda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllanilishi belgilanmoqda.
Mazkur qoʻshimchalar amaldagi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasi talablari va ayniqsa, xorijiy tajribani hisobga olgan holda kiritilmoqda.
Taʼkidlash joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari milliy huquq tizimi tarkibiy qismi sifatida belgilanishi ushbu xujjatlar normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, sudlar, huquq-tartibot idoralari va boshqa davlat organlari, fuqarolar xalqaro shartnomalar normalariga toʻgʻridan-toʻgʻri tayangan holda oʻz faoliyatini tashkil etadilar.
Yuqoridagi norma xalqaro konstitutsiyaviy tajribaga ham toʻliq hamohang boʻlib, qator davlatlarning Konstitutsiyalarida mustahkamlab qoʻyilgan. Xususan, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Sloveniya va boshqa davlatlar konstitutsiyaviy amaliyotida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari milliy huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi belgilangan.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllanilishiga oid qoidaning belgilanishi esa bevosita xalqaro huquqning “Pacta sunt servanta”, yaʼni “shartnomalar bajarilishi lozim” tamoyilidan kelib chiqadi.
Mazkur tamoyil BMT Ustavi hamda Xalqaro shartnomalar huquqi toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasida mustahkamlab qoʻyilgan boʻlib, unga muvofiq davlatlar xalqaro shartnomalarga koʻra oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni vijdonan bajarishlari shart.
Yana bir muhim jihat, xalqaro shartnomalar xalqaro huquqning turli subyektlari, xususan, davlatlar oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yoki boshqa sohalarga oid oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilab beradigan kelishuv boʻlib, ular ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalarga boʻlinadi. Koʻp tomonlama shartnomalarning ham, oʻz navbatida, ochiq va yopiq turlari mavjud boʻlib, ochiq xalqaro shartnomaga boshqa davlatlar ham bemalol qoʻshilishi mumkin; yopiq xalqaro shartnomaga esa boshqa davlatlar ushbu xalqaro shartnoma ishtirokchilarining roziligi bilangina qoʻshilishi mumkin.
Xalqaro shartnomalarning nomlari ham turli-tuman boʻlib, ularga shartnoma, bitim, konvensiya, pakt, deklaratsiya, memorandum, statut, bayonnoma, nizom va boshqalarni kiritish mumkin. Xalqaro shartnomalar muddati tugaganidan soʻng, taraflarning oʻzaro kelishuvi asosida uning muddati uzaytirilishi yoki denonsatsiya yoʻli bilan amal qilishdan toʻxtatilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining milliy huquq tizimning tarkibiy qismi sifatida konstitutsiviy darajada belgilanishi, bir tomondan, davlatimizning oʻz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga sodiqligini bildirib, xalqaro miqyosda ishonchli hamkor sifatida namoyon boʻlishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning huquq va erkinliklari nafaqat milliy qonunchilik, balki xalqaro huquq asosida himoyalanishini taʼminlaydi.
Barqaror rivojlanish markazi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring