Xalqimizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlovchi bebaho meros

Arxiv surat
Mamlakatimizda soʻnggi besh yilda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Jamiyatni modernizatsiyalash islohotlari qisqa muddatda oʻz natijalarini bera boshladi. Davlat va mahalliy hokimiyat organlari xalq manfaatlari hamda ehtiyojlaridan kelib chiqib, faoliyat yuritayotir. Fuqarolik jamiyati alomatlari kengaymoqda. Iqtisodiyotning asosi — oʻrta sinf shakllandi. Mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati oʻsdi. Oʻzbekiston atrofdagi qoʻshni va boshqa xorijiy davlatlar uchun ochildi. Mamlakatdagi demokratik oʻzgarishlarni jahon jamoatchiligi eʼtirof etmoqda. Albatta, bu oʻzgarishlar yangi Oʻzbekiston poydevorini qurish jarayoni izchillik bilan davom etayotganini anglatadi.
Barcha islohot va tub oʻzgarishlar tashabbuskori Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik”, degan soʻzlari mamlakatimiz istiqboli qanday boʻlishini bashorat qilmoqda.
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining 5-yoʻnalishi — “Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish”ning asosiy maqsadlaridan biri, bu buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etishga qaratilgan. Shu maʼnoda, bugun Alisher Navoiyning inson qadrini ulugʻlash, davlat hokimiyati organlari boshqaruvini maʼnaviy qadriyatlar asosida olib borishga oid boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish, uni xalqimiz oʻrtasida keng targʻib etish dolzarb vazifalardan biridir.
2021-yil 27-dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarimizga hazrat Navoiy ijodini chuqur oʻrgatishni tizimli yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga egaligini taʼkidlarkan, Alisher Navoiy asarlarining bugungi yoshlar tushunadigan ixcham namunalarini yaratib, turli mobil ilova va elektron dasturlar ishlab chiqish vazifasini qoʻygan edi.
Prezidentimiz 2021-yil 17-avgustda matbuotga bergan intervyusida “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish — yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur oʻrganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yoʻlimizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir”, degan gʻoyani ilgari surishi, albatta, bejiz emas.
Hozirgi Renessans poydevorini qurish jarayonida XV asrda nafaqat ilmiy-ijodiy faoliyatda maʼnaviy qadriyatlarga oid noyob fikrlar bildirgan, balki oʻz shaxsiy hayoti maʼnaviy idealdan iborat boʻlgan, milliy iftixorimiz — Alisher Navoiy merosiga bot-bot murojaat qilishga zarurat tugʻilmoqda. Uning davlat boshqaruvini adolat prinsiplari va maʼnaviyat mezonlari asosida yoʻlga qoʻyishga oid merosini oʻrganish, ulardan hozirgi davrdagi islohotlar jarayonida keng foydalanish — yangi Oʻzbekistonni qurish konsepsiyasini yanada boyitadi, unda belgilangan inson qadrini ulugʻlash va adolat prinsiplariga oid maqsad-vazifalarni amalga oshirish jarayonlari jozibasini kuchaytiradi.
Alisher Navoiyning xalq uchun yashash, elga saxovat qilish, xizmat koʻrsatish, mazlumlar dardini bilish va ularni himoya etish kabi maʼnaviy qadriyatlarga oid mulohazalari, fikrlari, nasihatlarini jo qilgan merosi juda boy boʻlib, ularni hali toʻliq darajada oʻrgana olganimiz yoʻq. Izlanishlar koʻrsatadiki, u nafaqat buyuk shoir sifatida, balki ulugʻ davlat arbobi, adolatli va fozil jamiyat islohotchisi sifatida ham oʻzini namoyon etgan edi. Lekin hozirgi kunga qadar uning siyosiy arbob va islohotchi sifatidagi faoliyati toʻliq oʻrganilgan emas.
Agar tarixiy dalillarga murojaat qilsak, hazrat Navoiyning shoh oldidagi va saltanatdagi maqomi yuksak boʻlganiga guvoh boʻlamiz. Husayn Boyqaro saroyida unga Alisher Navoiy kabi kuchli taʼsir qila oladigan biror shaxs boʻlmagan.
Koʻpchilik adabiyotlarda Alisher Navoiyning Astrobodga hokimlik mansabiga tayinlanishi “uni saroydan uzoqlashtirish edi” qabilida baholanadi. Lekin baʼzi tarixiy manbalarni oʻrganish uning aksini koʻrsatadi: Alisher Navoiyni Astrobodga hokim qilishdan maqsad — oʻsha paytlarda davlat chegaralarida yangi qudratli kuchlarning paydo boʻlishi, ularning mamlakatga hujumlar qilish xavfining mavjudligi, bu tahdidlardan Alisher Navoiyning obroʻsi va nufuzidan foydalanish asnosida himoyalanish ekanligi oydinlashadi.
Shoh Husayn Boyqaro 1487-yilda hozirgi Ozarbayjon hududini egallagan Oq qoʻyunlilar hukmdori Yaʼqub bekka yozgan maktubida Alisher Navoiyni Astrobodga hokim mansabiga tayinlaganining asl sababi, shu bilan birga, uning davlat saltanatidagi yuksak siyosiy maqomini nihoyatda samimiy tarzda tavsiflab bergan. Mazkur maktubdan parcha keltiramiz:
Astrobodga hokim boʻladigan inson “...kamoli aqidatu ixlos va nihoyatda yaqinligu maxsuslik bilan birga, yana baland himmatlilik bezagida barchadan koʻrkam va shuhratu davlatmandlikda barchadan yuqori boʻlsin. Alhaq, bu saodatli sifatlarni oʻzida jamlagan kishi — poydor davlatimizning sirlariga mahram, osmon qadrli borgohimiz xilvatgohida (bizga) hamnishin, saltanatimiz ustuni, mamlakatimiz tayanchi, sulton hazratlarining ishonchlisi va xoqonlikning kifti Nizomuddin Alisherdir. Har qalay, u kishining parishtadek xislatlari (sizning) xushbaxt xotiringizga maxfiy boʻlmasa kerak. Misraʼ, agar senga u yor boʻlmasa, boshqa kim boʻladi! Bu (bizning) davlatning yorugʻ nuri va hashamat tongining yorqin shuʼlasi feruzarang ufqdan bolqigan (onlar)dan beri u (zot)ning jannatmonand suhbatidan bir lahza ham bosh tortilgan emas va tortilmaydi. Ammo yuqorida zikr qilingan ulugʻlar qoidasiga binoan, u taraflarning hukumatini tamoman mazkur amir (Alisher)ning tasarruf panjasi ihotasiga kiritib, muqarrar qildikki, u kishi doʻstlik va hamjihatlik silsilasini kun sayin harakatga keltirib, birdamlik va ittifoqlik omillarini taraqqiy ettirsin. ...Mazkur (amir) har nimaniki oʻz uhdasiga olishni lozim topsa, dinu davlatning toʻgʻri tadbiri va mulku millatning rivoji butunlay ana shunda ekanligiga sira shubha yoʻqdir. Uning pok xotiriga nimaiki kelsa va uni amalga oshirsa, (bizning) oftobdek nurli zamirimiz oldida ayni savob va ezgulikning oʻzginasidir».
Aytish joizki, Husayn Boyqaro sohibqiron Amir Temur va Shohruh Mirzodan keyingi eng qudratli hukmdor boʻlib, u Alisher Navoiydan boshqa mansabdor yoki hatto temuriylarga mansub davlat arboblaridan birortasini bu qadar samimiy va ulugʻvor tarzda tavsiflamagan, bu haqda boshqa daliliy hujjat uchramaydi. Koʻrinib turibdiki, Alisher Navoiy oʻz davrining mashhur, har tomonlama tan olingan, hatto qoʻshni mamlakatlar davlat arkonlari ham eʼtirof etgan buyuk bir inson boʻlgan.
Alisher Navoiy Astrobodga hokimlik davrida mamlakat sarhadlarida Husayn Boyqaro saltanatiga xavf solib turgan barcha siyosiy kuchlar tahdidi butunlay toʻxtaydi. Ular bilan doʻstona aloqalar oʻrnatiladi. Bu holatni Xondamirning quyidagi bitiklaridan bilish mumkin: «Mozandaron, Rustamdor va Gʻilon viloyatlarining hokimlari ul janobning Astrobodga hokim etib tayinlangani xabarini eshitib, itoat gardanlarini uning yelkasiga qoʻyib, Astrobodga maktub bilan elchilar orqali munosib tuhfa va hadyalar yuborib, oʻzlarining ixlos javohirlarini arz tavogʻiga qoʻydilar. Astrobod ul hashamatli amirning izzatli masnadi boʻlgan oʻsha kunlari oliy darajali podshoh, adolatpanoh Sulton Yaʼqub mirzo bir necha bor soʻzamol va ishonchli odamlarni faxrli choponlar va moʻl-koʻl tansiq mollar, inoyatli va marhamat uygʻotuvchi maktublar bilan yuborib, muhabbat va doʻstlikni kamolotiga yetkazdi».
Alisher Navoiyning oʻzi nafaqat gʻazal mulkining sultoni, balki maʼnaviy olamning gultoji, komil inson sifatida ham eʼtirof etilishi tabiiy holdir. U davlatni boshqarishni adolat va ezgu qadriyatlar asosida amalga oshirish tashabbuskori va islohotchisi boʻlishidan tashqari, “maʼnaviyat” tushunchasini ilk bor taʼriflab bergan mutafakkirdir.
Alisher Navoiy “maʼnaviyat” tushunchasini “maʼni”, maʼnaviyat sohiblarini “ahli maʼni” deb ataydi. Bu kabi tushuncha ehtimol yana kimningdir asarida uchrashi mumkin, lekin “ahli maʼni” atamasini turkiy xalqlar olamiga yoygan, davlatni boshqarishda qoʻllagan, amaliy hayotda sinovlardan oʻtkazgan mutafakkir bu — Alisher Navoiydir. U insoniyatni “ahli maʼni” va «ahli suvrat»dan iborat, deb koʻrsatadi. «Ahli suvrat» — bu toifaga mansub kishilar insoniy munosabatlarning faqat shaklu tamoyiliga muhim eʼtibor beradi. Ularga viqorli boʻlish, kibrlanish, zebu ziynatga berilish, oʻzgalarga zulm oʻtkazishdan huzurlanish mansub. Ular goʻyoki:
Toʻnni zarboft aylabon hiffatdin uchqon har taraf.
Yoʻq ajab gar bor esa dunyo matoi kom anga.
“Suvrat ahli” uchun dunyoni qalban anglash, ezgulik his-tuygʻulari butunlay yot. Ular insoniy munosabatlarning faqat tashqi koʻrinishlarini tan oladi, mohiyat va mazmunga kirib bora olmaydi. Ularning asosiy xususiyatlaridan biri — taqlidchilikdir. Bu toifadagi kishilar kuchlilar oldida qul, ojizlar ustidan zulmkor. Ular shariatga amal qilmasligi va maslaksizligi tufayli faqat bugungi kun huzur-halovati bilan yashaydi, bu bilan haqiqiy dunyosini quydiradi. “Suvrat ahli” diniy amallarni ham faqat qoʻrquv va u dunyodagi moddiy lazzatlanish ilinjida bajaradi.
“Ahli maʼni” — yuksak tafakkur sohiblari. Ularning maʼni ahli ekanligi shundaki, bu toifa insonlar uchun aql-idrokli boʻlish, turli insoniy munosabatlarning mohiyat va mazmunini anglash xosdir. Bu kabi insonlar oʻz ehtiyoj va manfaatlarini oʻzgalarniki bilan uygʻunlashgan holda idrok etadi. Jamiyat va xalq uchun xizmat qilish, yashashdan lazzatlanadi. Ular oʻzlarining har bir xatti-harakati va roʻy berishi mumkin boʻlgan voqelikning oqibatini oʻylab ish tutadi, bu dunyoning oʻtkinchi ekanligini chuqur his qiladi.
Alisher Navoiyning talqinicha, “ahli maʼni” Yaratganning ato etgan tafakkur fazilatlari vositasida dunyoni anglashga, bu yoʻlda ilm-fanni egallashga va maʼrifatli boʻlishga intiladi. Ularning bosh maqsadi — Haqqa, haqiqatga yetishish. Bu toifa erkin, dovyurak, haqiqatparvar, burch va masʼuliyatni his etuvchi, kamtar, kuch va tazyiq ishlatishdan xoli, xalq va din uchun fidoyi, imonli, hayoli, oʻzga insonlar uchun hamdard, zulmga qarshi bora oladigan, adolat oldida har qanday boylik, izzat-nafs va manfaatlardan voz kecha biladigan insonlardir. Shu bois buyuk ajdodimiz ularni quyidagicha sharaflaydi:
Ahli maʼni guruhida zinhor,
Hech or aylama gadoligʻdin.
Kim bulargʻa gadoligʻ ortiqdur,
Ahli suratqa podsholigʻdin.
Koʻrinib turibdiki, “ahli maʼni”ga mansub boʻlish, yaʼni yuksak maʼnaviyat sohibi boʻlish insonning eng oliy orzusi, fozil jamiyatning belgisidir. Alisher Navoiyning bu talqinini anglagan, chuqur his etgan har bir kishi uchun maʼnaviyat — bu inson mazmuni va mohiyatidir. Jahonda insoniyatning jamiyat sifatida yashashini taʼminlovchi qudratli tutqilar ham, insoniy rivojlanish yoki umuman, sivilizatsiyaga erishuv, uni barqaror ushlab turish hamda yanada takomillashtiruvchi beqiyos kuch ham maʼnaviyatdir.
Maʼnaviy boylik chegara bilmaydi, millat tanlamaydi, u qaysi mamlakat yoki jamiyatda boʻlmasin, bu oʻsha joydagi “ahli maʼni” mulkidir. Umuminsoniy qadriyatlar qaysi hududda egallansa, oʻsha joyda maʼnaviyatning unib-oʻsishi uchun muhit va shart-sharoitlar tugʻiladi.
Albatta, mustaqil fikrli insongina dunyoni anglashga, aql-idrokini takomillashtirishga ehtiyoj sezadi, bilimlarni mexanik tarzda oʻzlashtirmaydi yoki quruqdan-quruq yodlamaydi. Bunday insonlarga oʻzga kishilar oldida (ularning kimligidan qatʼi nazar) sajda qilish yoki mutelik ruhiyati butunlay yotdir. Ular oʻz ish faoliyatlarida, mehnatda ham ijodkor, tashabbuskor, yaratuvchidir. Oʻz fikriga ega boʻlmagan kishilar mehnati esa baholu qudrat, faqat majburiyat va qoʻrquv asosida amalga oshadi, ular ishlab chiqargan mahsulotlar narxi ham baland boʻlmaydi.
Agar xalqning siyosiy tushuncha ekaniga eʼtibor bersak, Alisher Navoiy xalqni ulugʻlaganida uni boshqarayotgan davlat va mansabdorlardan oʻz ish faoliyatlarida adolat prinsiplari va maʼnaviy qadriyatlarga amal qilishni talab etadi. Bunga ters mansabdorlar oʻz oxiratlarini kuydirishini bashorat qiladi. U nafaqat saroy arkonlari va hokimlar, balki har qanday insonni boshqalar gʻami bilan yashashiga daʼvat etadi:
Odamiy ersang demagil odami,
Oniki yoʻq xalq gʻamidin gʻami.
Alisher Navoiy davlatni boshqarish jarayonining oʻzini ham muayyan bir maʼnaviy hodisa sifatida qabul qilib, bu jarayon maʼnaviy talablarga asoslanmasa tamagirlik, poraxoʻrlik avj olishini, davlat tanazzulga uchrashini taʼkidlaydi. Bu kabi noxushliklarni keltirib chiqaruvchi sabab sifatida nafsni koʻrsatadi: «Nafsning yuzi malaknikiga oʻxshasa ham, oʻzi yashirin; unda dev bilan shayton ikkalasi birlashib, juft boʻlgan. Ikkalasi juft boʻlib qoʻya qolmasdan, har nafasda oʻzlaridaqalarning yuztasini tugʻdirib oladi. ...Dindan faqat nafsgina chiqarishi mumkin».
Alisher Navoiy 1472-yilda Husayn Boyqaro farmoni bilan Bosh vazir (Amiri kabir) lavozimiga tayinlanganidan keyin mamlakatda avj olgan tamagirlik, oʻzboshimchalik, hokimiyatni suiisteʼmol qilishning boshqa turli koʻrinishlariga qarshi astoydil kurashdi. Davlat boshqaruvini shariat doirasida va adolat prinsiplari asosida boshqarish amaliyotini oʻrnatishga intildi. Bu davrda davlatchilik, adabiyot va sanʼat gullab-yashnadi. U bosh vazirlik mansabini topshirganidan keyin ham davlat boshqaruvidagi oʻrni va maqomi deyarli oʻzgarmadi. Turli mashvaratlarda deyarli shohning yonida oʻtirar, muammolar va ularning yechimlariga oid koʻplab masalalarni muhokamaga tashlar edi. Faqat Alisher Navoiyga hal boʻlmagan bir masalani shoh oldida toʻqqiz martagacha qayta-qayta koʻtarish huquqi berilgandi.
Alisher Navoiyning tengi yoʻq fozil, maʼnan pok, komil inson ekanini uning xalqqa, miskinlarga ulashgan xayriyalari, mamlakat obodligi uchun oʻz yonidan sarflagan mablagʻlari miqyosidan ham bilish mumkin. U kamxarj, tejamkor, turli hukmdor va shahzodalar tomonidan berilgan katta mulkka ega, uning bir kunlik daromadi 18 ming shohruhiyga teng ekani toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Hazrat Navoiyning zamondoshi Isfizariy guvohlik berganidek, oʻsha davrda Xurosonda arzonchilik boʻlganiga eʼtibor qaratilsa, bu mablagʻning katta miqdorda ekanligi ayon boʻladi.
Lekin Alisher Navoiy oʻz shaxsiy mablagʻlarini qurilishga, obodonchilikka, homiylikka sarflab, oʻzi kamtarona tarzda hayot kechirdi. Muarrix Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida koʻrsatilishicha, u orttirgan mulkidan tashqari otasidan meros boʻlib qolgan yer-suv, mol-mulkdan ham katta daromadlar olardi.
Tarixchi Xondamirning qayd etishicha, Alisher Navoiy oʻzining shaxsiy mablagʻi hisobiga 52 ta rabot, 19 ta hovuz, 16 ta koʻprik, 9 ta hammom va oʻnlab imorat va inshootlar qurdirgan. Misol uchun, Astrobod shahridagi Mir saroyi, Jome masjidini, Marv shahridagi Xisraviya madrasasini keltirish mumkin. Shuningdek, Xondamirning “Xulosatul-axbor” asarida keltirilishicha, XII asrda Hirotda bunyod etilgan, lekin ishdan chiqqan Jome masjidini taʼmirlashda birvarakayiga 100 ga yaqin ustalar ishlagan. Bu masjidning uzunligi 114 metr, eni 84 metr, 6 ta darvozasi boʻlib, u qisqa fursat ichida muhtasham binoga aylanadi. Mazkur masjid shu kunlarda ham Hirotning xushmanzara joylaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, hazrat Navoiy koʻrsatmasi bilan Hirot, Mashhad, Marv kabi shaharlarda xarobaga aylanayozgan Gavharshod masjidi, Qobus minorasi, Arslon-joziba raboti kabi 12 ta yirik imorat taʼmirlangan.
Alisher Navoiy Xuroson va uning atrofidagi hududlar nihoyatda siyosiylashgan bir davrda yashadi. Uning ruhiyatiga nafaqat tashqi dushmanlar, balki davlat ichidagi siyosiy ziddiyatlar, oʻzaro urushlar va ular natijasida xalqning ahvoli yomonlashib borayotgani kuchli taʼsir qildi. Shu bois u nafaqat inson qadr-qimmatini ulugʻlab ashʼor bitdi, balki urushlar girdobidagi hukmdorlarni insofga keltirish, mamlakatda osuda hayot boʻlishiga erishish, barcha davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlar oʻrnatishga daʼvat qiladigan asarlar yozdi. Shuningdek, uning shaxsiy hayoti ham siyosatning ziddiyatli va qaynoq muhitida kechdi.
Alisher Navoiy davlatdagi muhrdorlik, bosh vazirlik, hokimlik kabi rasmiy mansablardan voz kechishi sabablaridan biri — bu koʻproq ijod istagi boʻlsa, ikkinchisi — u qanday mansabni egallaganidan qatʼi nazar, davlat siyosatida shohdan keyingi shaxs maqomida edi. Husayn Boyqaro qachon urushga otlansa, Hirotga Alisher Navoiyni boshliq mansabiga tayinlardi. Chunki hazrat Navoiy Husayn Boyqaroning maktabdosh doʻsti, shu bilan birga, hayotdagi eng yaqin maslahatgoʻyi edi.
Alisher Navoiyning ulkan siyosiy maqomi haqida oʻsha davrda musulmon olamida mashhur boʻlgan mutafakkir Xoʻja Ahrorning unga yozgan maktublari ham shohidlik beradi. Xoʻja Ahror Hirotga uch kishiga — Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiyga 128 ta dastxat maktubi yoʻllagan. Tabiiyki, ularning barchasiga javob maktublari ham olgan. Xoʻja Ahror oʻz maktublaridan birida Alisher Navoiyga quyidagi dil izhorini bayon qiladi: “Siz bilan muloqot sharafiga muyassar boʻlish orzusi bu faqirda juda bisyordir...”
Alisher Navoiy amirlik mansabidan ketishga harakat qilayotgan paytda bundan tashvishga tushgan Xoʻja Ahror unga quyidagi iltimos bilan murojaat etadi: «Eshitishimizcha, baʼzi bir voqealar va hodisalar sababli onhazratning mulozamatida boʻlishdan Siz janoblari malollik chekayotgan emishsiz. Iltimos shuki, musulmonlarga yordam koʻrsatish uchun xotiri sharifingizni saroyda mulozamat qilish tomon qaratsangiz. ...Hech kim musulmonlar gʻamini yemay qoʻygan bir vaqtda ular haqida qaygʻurish eng xayrli ishlarda koʻrinadi». Hatto, Xoʻja Ahror xasta boʻlib qolganida, Alisher Navoiy uning iltimosi bilan Hirotdan mashhur bir tabibni yuboradi. Tarixiy dalillardan koʻrinib turibdiki, Alisher Navoiyning davlat saltanatidagi oʻrni beqiyos darajada yuqori boʻlgan.
Buyuk shoir oʻz siyosiy mavqeidan foydalanib, saroy arkonlari, hokimlar va boshqa mansabdorlardan shariat hamda adolat qoidalari asosida faoliyat yuritishni doimiy ravishda talab qilib turar, davlat boshqaruvining mohiyati va maqsadlari haqida pandu nasihatlarini ayamasdi. Bu uning davlat boshqaruvi sohasida ham oʻz davrining tengi yoʻq bilimdoni va mutafakkiri ekanini anglatadi. U hatto shahzoda Badiuzzamon, Marv hokimi Muhsinbek va boshqalarni oʻz pand-nasihatlari bilan toʻgʻri yoʻlga solgan. Otalariga qaysarlik qilgan shahzodalar faqat hazrat Navoiy oʻgitlariga quloq tutardi.
Alisher Navoiy mamlakat siyosiy birligini saqlash maqsadlarida shahzoda Badiuzzamonga alohida maktublar yozadi, shuningdek, «Hayrat ul-abror» dostonining yigirmanchi maqolatida toʻgʻridan-toʻgʻri unga murojaat qiladi. Unda davlat boshqaruvini adolat prinsiplari, shariat va maʼnaviy qadriyatlar asosida, “xalq gʻami”ga dardkashlik ruhida olib borish yoʻl-yoʻriqlari bayon qilinadi:
“Shoh ishini adolat bilan yurgizsa, adolat uning vayrona mamlakatini ham obod qilib yuboradi”; “Mazlumning shikoyat soʻzlari har qancha choʻzilsa ham uzoq umr koʻrishni istasang, malol kelmasdan eshit. Adolat istovchi zulm oʻtidan figʻon qilsa, adolatning soyasidan unga panoh ber. U soyada uni qaygʻuda qoʻyma, shamning tagini unga qorongʻi qilma. Mazlumning soʻzi toʻgʻri boʻlib chiqdimi, endi zolim oʻzingga tegishli odam boʻlsa ham, yuziga borma. Uning nafsi davomli ayshni istadimi, demak, u senga gunoh orttirib, oʻz maqsadini hosil etmoqchi boʻlgan”; “Lutfu karam qancha yoqimli boʻlmasin, qahru siyosatning ham oʻz oʻrni bor. Olamdagi hamma odam birday yaxshi emas, har kimning hamma ishi maʼqul boʻla bermaydi. Yaxshi bilan yomonga barobar yaxshilik qilish yomonga koʻp, yaxshiga kam yaxshilik qilish demakdir”; “Xayolingga yaxshi bir buyruq kelsa, uni maslahatsiz amalga oshirishga oshiqma. ...Oʻz fikringga koʻp ishona berma. Ishonchli kishilar fikridan foydalan”; «Yana ulkim, tongla saboh haramdan chiqqach, devonda oʻtirilib arzi shikoyat tinglansa, agar bir mazlumga birovdan zulm oʻtgan boʻlsa, zolimga shundoq siyosat qilinsaki, oʻzga zolimlarga oʻrnak boʻlsa»; «Yana bir soʻz shulkim, shahar hisob-kitobi ishlariga yaxshi eʼtibor qaratilsa. Sharobxona, fahshxona, qimorxona kabi nosharʼiy ishlar butunlay taqiqlansa. Muhtasiblar haftada ikki marta bozor ahlining narxlarini tekshirib turishsa»; «Yana ulkim, devon beklariga hukm qilinsaki, bir kun devonda oʻtirib, musulmonlar ishini barpo qilsalar, bugungi ishni ertaga qoʻymasalar»; «Yana bir soʻz shuki, beklar va devon xodimlariga, shuningdek, parvonachi va muhrdor va munshiyga buyurilsakim, tama umidida musulmonlarning ishini kechiktirmasalar. Sharʼiy va qavliy arznomani bir toʻrtburchak muhr bilan topshirilgan kuniyoq bitkazib bersalar. Kattaroq arznomalarni ham hukmdan qoʻrqib, tezroq bitkazsalar».
Bu kabi davlat boshqaruviga oid pand-nasihatlar va daʼvatlar roʻyxatini uzoq davom ettirish mumkin. Agar jahondagi boshqa boshqaruv ilmi qoidalari va qonuniyatlari bilan qiyoslansa, Alisher Navoiyning fozil jamiyat va adolatli davlatni shakllantirishga oid qarashlari nihoyatda xalqchilligi, noyobligi, maʼnaviy qadriyatlar va shariat talablariga mosligi bilan ajralib turadi.
Koʻrinib turibdiki, Alisher Navoiy ikkinchi Renessansning eng buyuk namoyandasi boʻlishi barobarida unga eng koʻp hissa qoʻshgan, yuqori darajaga koʻtargan, unga gumanizm gʻoyalarini singdira olgan, oʻz davridagi tengi va qiyosi yoʻq shoir, mashhur davlat arbobi, milliy maʼnaviy qadriyatlarning ilk asoschisi, xalq xaloskori sifatida tarix zarvaraqlaridan oltin harflar bilan joy oldi.
Hozirgi yangi Oʻzbekistonni qurishga qaratilgan islohotlar jarayonida Alisher Navoiy merosiga murojaat qilishga zarurat tugʻilishi bor haqiqatdir. Uning maʼnaviy va davlatchilikka oid merosini oʻrganish, ularni uchinchi Renessans poydevorini yaratishning tamal toshlaridan biri sifatida qabul qilish eng dolzarb vazifalardan biri.
Prezidentimiz 2020-yil 30-sentyabrda Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida Alisher Navoiy va boshqa Renessans mutafakkirlari merosini oʻrganish vazifasini qoʻyish barobarida quyidagi fikrlarni bildirgandi: «Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilgʻor, taraqqiy etgan xalqlari qatorida boʻlgani barchamizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi...
Tan olish kerakki, biz ana shunday bebaho merosga koʻpincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda boʻlib kelmoqdamiz. Bunday tengsiz boylikni amaliy hayotimizga tatbiq etishda beparvolik va eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻymoqdamiz. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan...
Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim».
Koʻrinib turibdiki, Alisher Navoiy ilmiy va ijodiy merosi bitmas-tuganmas ummondir. Bu ummondan xalqimiz va yoshlarimizni chuqur bahramand qilolsak, mutafakkir gʻoyalarini ular ongiga toʻla singdirolsak, yangi Oʻzbekiston orzusi, albatta, yanada tez roʻyobga chiqajak.
Muqimjon QIRGʻIZBOYEV, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring