Xalqaro savdo zanjiriga qoʻshilishning muhim boʻgʻini
Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasida “Better Cotton Initiative” (BCI) xalqaro notijorat tashkiloti dasturlari katta direktori Demiyen Sanfilippo boshchiligida delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda asosiy eʼtibor paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini yanada rivojlantirish, amaliyotga “Better Cotton” dasturi tamoyillarini kengroq joriy etish borasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga qaratildi.
— Keyingi yillarda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasi izchil isloh qilinmoqda, ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan klaster tizimi joriy etilgani paxtachilikda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirib yubordi, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Natijada ushbu sohaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda roli tobora ortmoqda. Amaliyotga innovatsiya, ilgʻor agrotexnologiyalarni tatbiq qilish hisobiga esa ekologiyaga salbiy taʼsirlarning oldi olinyapti. Bunda BCI tashkiloti bilan hamkorlikdagi loyihalarning ahamiyati katta, albatta.
Darhaqiqat, yurtimizda “Yaxshi paxta” tashabbusiga 2019-yilda kirishilgan boʻlib, BCI dasturi standartlarini joriy qilayotgan klasterlar safi yil sayin kengaymoqda. Chunki oʻtgan yili Oʻzbekistonda “Better Cotton” dasturi ijrosiga kirishilgani rasman eʼlon qilingach, jahon toʻqimachilik sanoati yetakchilari va xalqaro brendlarning yurtimizga boʻlgan qiziqishi kuchaydi. Bu bejiz emas, albatta. Ayni payida BCI dunyoning 26 ta mamlakatida faoliyat yuritayotgan boʻlib, 330 dan ortiq brend va chakana sotuvchilar uning aʼzosi hisoblanadi. Shu maʼnoda, ushbu dastur klasterlar uchun xalqaro savdo zanjiriga qoʻshilish, yangi savdo yoʻlaklarini ochish, jahonda taniqli brendlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda juda muhim.
— Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sohasida sifat oʻzgarishlariga erishilmoqda, — dedi BCI xalqaro tashkiloti dasturlari katta direktori Demiyen Sanfilippo. — Bunga “Better Cotton” dasturini tatbiq qilayotgan klasterlar faoliyati misolida yaqindan guvohmiz. Eng muhimi, yurtingizda “Yaxshi paxta” tashabbusiga qoʻshilmoqchi boʻlgan klaster va femerlar koʻpayib, ularning soni ikki borabarga oshdi. Kecha boʻlib oʻtgan davra suhbatida ushbu yoʻnalishdagi ishlar tahlil qilinib, yangi mavsumda bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab oldik. “Yaxshi paxta”ga ortib borayotgan ehtiyojni taʼminlashda Oʻzbekiston salmoqli hissa qoʻshadi, degan umiddaman.
Uchrashuvda paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini rivojlantirish, xususan, sohani moliyalashtirish, “Better Cotton” dasturi tamoyillarini qoʻllashda duch kelinayotgan masalalar koʻrib chiqilib, bu borada Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi hamda BCI tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadga muvofiqligi taʼkidalandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring