Xalqaro miqyosda yirik mablagʻlarni firibgarlik orqali oʻzlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi (+video)

10:12 12 Fevral 2026 Jamiyat
365 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Olib borilgan tekshiruvlar natijasida xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirgan uyushgan jinoiy guruh fosh qilingan. Maʼlum boʻlishicha, Fargʻona shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan, jami 34 kishidan iborat jinoiy guruh Fargʻona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, “Koll-markaz”lar niqobi ostida faoliyat yuritgan.

Ular axborot texnologiyalari yordamida Rossiya Federatsiyasida dori vositalari hamda biologik faol qoʻshimchalar savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qoʻlga kiritgan.

Shundan soʻng, boʻlgʻusi oʻljalari bilan qay tarzda muomala qilish boʻyicha oʻrgatilgan operatorlar SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali asosan keksa yoshdagilarga qoʻngʻiroq qilib, oʻzlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirib, goʻyoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar sotilganligini taʼkidlagan holda, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha miqdorda kompensatsiya toʻlab berilishini aytishgan.

Buning evaziga esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha miqdorda soliq toʻlashlari kerakligiga ishontirilgan. Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh aʼzolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9 million 599 ming 561 rubl miqdoridagi pul mablagʻlarini oʻtkazib berishgan.

Shuningdek, jinoiy guruhning 3 nafar aʼzosi kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, “Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori talablariga zid ravishda jami 470 ming AQSH dollariga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yozyovon tuman sudi tomonidan uyushgan jinoiy guruh aʼzolari tegishliligi boʻyicha Jinoyat Kodeksining 168, 243, 278-7 va 278-8-moddalari bilan aybli deb topilib, ularning 21 nafariga 3-yil 6 oydan 9-yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlangan. Qolgan 13 nafariga nisbatan 4-yil 3 oydan 4-yil 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanib, jarimalar qoʻllanilgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер