Xalqaro kasb mahorati musobaqasi

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialining maxsus poligonida turkiy tilda soʻzlashuvchi davlatlarning taqsimlash tarmoqlari elektromontyorlari oʻrtasida xalqaro kasb mahorati musobaqasi oʻtkazildi.
Ushbu musobaqada Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tatariston, Turkiya hamda mamlakatimiz elektromontyorlaridan iborat 6 ta jamoa qatnashdi. Jamoalar texnik tayyorgarlik, jarohatlangan xodimga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish hamda elektr qurilmasida yuzaga kelgan yongʻinni bartaraf etish boʻyicha oʻz bilim va tajribasini sinovdan oʻtkazdi.
Musobaqada Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ jamoasi faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2-oʻrin Qirgʻiziston va Tatariston energetiklariga, 3-oʻrin esa qozogʻistonlik mutaxassislarga nasib etdi.
Yangi innovatsion gʻoyalarni taqdim qilgan Ozarbayjon jamoasi Gran-pri sovriniga munosib koʻrildi. Musobaqa yakunida turli nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar taqdirlandi.
— Musobaqaning tarixiy shahar — Samarqandda oʻtkazilgani bizga manzur boʻldi, — deydi Chimkent shahri elektr tarmoqlari bosh muhandisi, Qozogʻiston jamoasi masʼuli Serik Turgʻunboyev. — Jamoamiz yaxshi tayyorgarlik koʻrib kelgan edi va bahslarda oʻz mahoratimizni namoyish etib, yaxshi natijaga erishdik. Ushbu musobaqa xalqaro tajriba asosida xodimlar kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir doirasida ishtirokchilar samarqandlik hamkasblari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda oʻzaro tajriba almashish imkoniyatiga ham ega boʻlishdi.
Xalqaro musobaqa elektromontyorlar kasbiy malakasini oshirish, ilgʻor ish usullarini oʻrganish hamda soha mutaxassislari oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring