Xalqaro hamkorlik keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 11-13-mart kunlari davlat tashrifi bilan Fransiyada boʻlganligi ilm-fan sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga koʻtardi. Parij shahrida “Ilm-fan va taʼlim: Oʻzbekiston – Fransiya koʻprigi” mavzusidagi qoʻshma konferensiya boʻlib oʻtganligi, unda oʻttizdan ortiq oliy taʼlim muassasasi rahbarlarining ishtiroki, shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan IV “Science NEXT: yosh olimlar netvorkingi” tadbiri tashkil etilgani ilmiy jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Shu jarayonda qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, professor–oʻqituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvi qamrovini kengaytirish yoʻnalishlarida oliygohlararo yigirmadan ziyod shartnomalar tuzildi.
Maʼlumki, oliy oʻquv yurtimiz davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida yangidan tashkil etilib, universitet maqomida faoliyat koʻrsatishga kirishdi. Ayni damda 600 nafarga yaqin professor-oʻqituvchi mehnat qilayotgan bu dargohda ilmiy salohiyatni 55 foizdan 70 foizga koʻtarish maqsad qilingan. Buning uchun samarali ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy-innovatsion loyihalar yaratish koʻlamini yanada kengaytirish talab etiladi. Universitet qoshida KiberNeftGaz oliy muhandislik maktabi tashkil etilib, asosiy hamkor “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda hududiy korxonalar bilan shartnomalar imzolanayotgani ayni muddao.
Yurtimizdagi oliy taʼlim dargohlari qatori universitetimiz ham koʻplab xorijiy taʼlim muassasalari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. AQSH, Italiya, Angliya, Koreya, Turkiya, Daniya, Ispaniya, Xitoy, Polsha, Indoneziya, Malayziya hamda Rossiyaning 15 dan ortiq oliy oʻquv yurti bilan memorandumlar imzolangan. Ayniqsa, Fransiya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikka alohida urgʻu berilmoqda. Mazkur davlat taʼlim tizimi juda rivojlangan. U dunyoda yuqori reytingga ega. Zamonabop taʼlim metodikasini oʻrganish, toʻplangan boy tajribadan foydalanish bizdagi tizimni sifat jihatdan yangi pogʻonaga koʻtarishga xizmat qiladi. Yurtimiz talabalari uchun Fransiyada taʼlim olish ular iqtidori, salohiyatini yuzaga chiqarishda asqatadi.
Hamkorlik oliygohimiz professor-oʻqituvchilari uchun ham juda foydali. Darvoqe, ular Parij Cite Universiteti (Université Paris Cité), Tur shahridagi Fransua Rable universiteti (Université François-Rabelais de Tours) va Turen instituti (LʼInstitut de Touraine), Nissa shahridagi Frankofoniya universiteti (Université de Francophonia) va Kot de Azur (Université Côte dʼAzur) universitetlarida yoʻnalishlari kesimida malakalarini oshirib, tajriba almashib kelmoqda.
Bundan tashqari, bir guruh professor–oʻqituvchilar joriy yilning yanvar fevral oylarida Port de Versalda boʻlib oʻtgan “Learning Technologies France – 2025” yarmarkasi hamda xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Universitetimiz Parij Cité Universiteti (Université Paris Cité), Bordo universiteti (Université de Bordeaux) hamda Fransiya Raqamli universiteti (France Université Numérique), Sanoat muhiti va xavf-xatarlari boʻyicha milliy instituti (INERIS LʼInstitut national de lʼenvironnement industriel et des risques) bilan oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Shu oʻrinda eng nufuzli va qadimiy injenerlik maktablarining biri sanalgan LʼÉcole centrale Paris ou ECP haqida qisqacha toʻxtalmoqchimiz.1829-yilda tashkil topgan bu muassasa yangi avlod muhandislarini tayyorlashda muhim rol oʻynamoqda. Universitet aniq fanlar, innovativ tadqiqotlari va yuqori malakali talabalari bilan juda mashhur. U asosiy eʼtiborni amaliy ish tajribasiga, ilmiy tadqiqotlarga va innovatsiyalarga qaratadi. Bu yerda taʼlim olgan studentlar nafaqat nazariy bilimlarni egallaydi, balki muammolarni hal qilish jarayonlarida qatnashadi, bevosita ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Shu tariqa amaliy koʻnikmalarga ega boʻladi.
Universitetimiz hayotiga oid yana bir xushxabar shundaki, Parij Cité Universiteti (Université Paris Cité) bilan oʻzaro hamkorlikka kirishildi. Ushbu taʼlim dargohida hozirgi kunda 63 000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. 4 500 tadqiqotchi va oʻqituvchi-tadqiqotchi, shuningdek, 2 700 nafardan ziyod maʼmuriy va texnik xodim faoliyat yuritmoqda. U QS World University reytingida 2025-yilda dunyo boʻyicha 300-oʻrinni, Fransiyada 7-oʻrinni egalladi.
Fransuz oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik universitetimiz jamoasining energetika, arxitektura, neft va gaz, turizm, metrologiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq barcha yoʻnalish va ixtisosliklar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlashida qoʻl keladi. Qoʻshma xalqaro ilmiy loyihalar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, xalqaro grantlarda ishtirok etish, akademik mobillik dasturi doirasida professorlar va oʻqituvchilar, doktorantlar bilan tajriba almashish, doktorantura, magistratura va bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari yaratish imkonini beradi. Zarur laboratoriya jihozlarini sotib olish, taʼlim dasturlari va oʻquv-uslubiy adabiyotlarini almashish, qoʻshma ilmiy-uslubiy konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, vebinarlar tashkil etish kabi vazifalar ham koʻzda tutilgan.
Malohat JOʻRAYEVA,
Buxoro davlat texnika universiteti professori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring