Xalqaro ekspertlar: Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan yangi Markaziy Osiyoni koʻrmoqdamiz

23:34 07 Aprel 2020 Siyosat
1426 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qoʻshni Qirgʻizistonga oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy buyumlardan shakllantirilgan insonparvarlik yordami yetkazildi.

Qardosh respublikaning jamoatchilik va ekspert doiralari vakillari dunyo boʻylab koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq hozirgi murakkab vaziyatda qirgʻiz xalqiga koʻrsatilgan ushbu birodarlik yordamini uchun doʻst oʻzbek xalqiga minnatdorlik bildirmoqda, deb yozmoqda “Dunyo” AA.

Xususan, Qirgʻiziston tashqi aloqalar va xavfsizlik kengashi hamraisi Edil Osmonbetovning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning ayni paytdagi ogʻir vaziyatda koʻrsatgan yordamini qirgʻiz xalqi olqishlamoqda. Ushbu olijanob qadam mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va oʻzaro munosabatlarni yaxshilashga intilayotgan mutlaqo boshqa Markaziy Osiyoni koʻrayotganimizdan dalolat beradi. Bu ishonch va tushunish muhitidir. Koronavirus pandemiyasi davrida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston barcha muammolarni hal qilish uchun har tomonlama oʻrnak boʻlmoqda. Qirgʻiziston va Oʻzbekiston munosabatlari esa oʻzaro ishonch darajasiga koʻtarilgani muhim ahamiyatga ega.

Gumanitar yordam kelajakda yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli munosabatlar va strategik hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda Qirgʻizistonga oʻz vaqtida gumanitar yordam koʻrsatdi, — deydi ekspert Almaz Tajibay. — Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birinchi boʻlib doʻstona yordam yuborganida ham katta maʼno bor. Toshkent yana bir karra qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik rishtalarini mustahkamlash niyatida ekanini namoyish etdi.

Shu munosabat bilan, Qirgʻiziston Respublikasi tashqi aloqalar va xavfsizlik kengashi nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga, Oʻzbekiston hukumati va xalqiga bugungi murakkab vaziyatda namoyish etilgan haqiqiy doʻstona qoʻllab-quvvatlov uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Siyosatshunos va jamoat arbobi Bakit Baketayevning taʼkidlashicha, qardosh Oʻzbekiston koʻp asrlik qoʻshnisiga doʻstlik qoʻllarini uzatdi. Qirgʻiziston xalqi yana bir bor ikki davlat oʻrtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik rishtalarini hech kim va hech narsa buzolmasligiga amin boʻldi.

“Ayrim qoʻshni davlatlar oʻrtasida turli siyosiy mojarolar mavjud boʻlgan bir davrda, hatto pandemiya paytida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev sharqona insonparvarlik namunasi va donoligini namoyish etdi. Bu koʻpchilik uchun oʻrnak boʻlishi kerak”, deydi Bakit Baketayev.

Qirgʻizistondagi Oʻzbek milliy-madaniy markazi raisi Baxtiyor Qodirovning aytishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qirgʻizistonga yuborilgan insonparvarlik yordami ushbu mamlakatdagi oʻzbek hamjamiyati va boshqa etnik guruhlar tomonidan katta minnatdorlik bilan qabul qilindi.

“Qirgʻiziston Respublikasi hukumati COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda va mamlakat aholisini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli choralarni koʻrishga harakat qilmoqda. Bugungi qiyin vaziyatda Oʻzbekiston qoʻshnisiga zarur boʻlgan 1000 tonna un, oziq-ovqat mahsulotlari, bir marta ishlatiladigan himoya kiyimlari, respirator, tibbiy qoʻlqop, koʻzoynak, pirometr va test tizimlari koʻrinishidagi insonparvarlik yordami poyezdini yuborgan birinchi davlat boʻldi.

2019-yilda “Markaziy Osiyo — bizning umumiy uyimiz!” shiorini eʼlon qilgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaning barcha davlatlari nafaqat yaqin qoʻshnilar, balki bir-biriga yelkadosh boʻla olishini yana bir karra namoyish etdi.

Ayni paytda inson salomatligiga boʻlayotgan umumiy tahdidga qarshi, barchamiz yelkama-yelka turib harakat qilsak, bir-birimizga yordam bersak, albatta bu sinovli kunlardan eson-omon oʻtamiz”, deydi Baxtiyor Qodirov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер