Xalq uchun baxshida yurak

10:43 11 Sentyabr 2024 Siyosat
342 0

Har qanday mamlakat — bu faqat muayyan hudud yoki iqtisodiyot emas, balki oʻz orzu-umidlari-yu xohish-istaklariga ega boʻlgan odamlardan iborat chinakam tirik organizmdir. Shu bois davlatni boshqarish uchun oqilona qaror va strategiyalar bilan bir qatorda ayni mamlakat xalqining hayotiy ehtiyojlarini chuqur anglash ham talab etiladi.

Odamlarga ishonch kerak

Oʻz hamyurtlarining his-tuygʻularini qalbdan his qiladigan yetakchi faqat quruq dalillar-u hisob-kitoblarga tayangan holda boshqaradigan rahbardan koʻra koʻproq muvaffaqiyatlarga erishadi. Tarixning guvohlik berishicha, barcha zamonda uzoqni koʻra biladigan mahoratli rahnamo boʻlish bilan birga odamlarni farovon turmush sari yetaklashga qodir, fidoyi shaxslargina buyuk hukmdor boʻlib yetishgan.

Darhaqiqat, oʻz xalqining gʻam-u tashvishlarini nafaqat chuqur anglay oladigan, balki unga chinakam gʻamxoʻrlik koʻrsatadigan rahbar katta ishonch qozona oladi, qoʻllab-quvvatlovga ega boʻladi. Ana shu ishonch, ana shu qoʻllab-quvvatlash turli inqirozlar ketma-ket yuz berayotgan bugungi dunyoda mamlakatni barqaror rivojlanish sari yetaklash uchun rahbarga kuch-quvvat ato etadi. Buning uchun esa rasmiy majburiyatlar bilan chin insoniy, maʼnaviy qadriyatlar oʻrtasidagi mushtaraklikni taʼminlash nihoyatda muhimdir.

Toʻgʻri, hozirgi zamonda mamlakat boshqaruvida asosiy rolni huquqiy tizim oʻynaydi va siyosatchilar oʻsha tizim doirasida harakat qilishadi. Ammo qonun — bu vosita, xolos. Chinakam yetakchi esa nafaqat qonun doirasida ish koʻradi, balki oʻz qalbi buyurgan hamda jamiyatning axloq qoidalari taqozo etayotgan talablarga ham boʻysunadi.

Tarixda shunday misollar ham borki, ayrim murakkab davrlarda siyosiy yetakchilar uchun odamlarning dardini tushunish va his etish alohida ahamiyatga ega boʻlgan. Shunda ular mavjud dalil va raqamlarga tayanish barobarida fuqarolarning kayfiyatini ham hisobga olganlar.

Buyuk depressiya davrida koʻpgina amerikaliklar kelajakka ishonchini yoʻqotgan edi va oʻshanda AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt “Kamin yonidagi suhbatlar” orqali xalq bilan samimiy muloqotni yoʻlga qoʻyadi. Aynan shu nomdagi radioeshittirish vositasida mamlakat rahbari — oliy davlat arbobi oddiy fuqarolar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri suhbatlashadi. Ruzvelt mavjud qiyinchiliklar haqida sodda shaklda maʼlumot berib, ularning yechimini taklif etadi. Odamlar esa ana shunday qiyin sharoitda rahbar ularning muammolarini tushunib, qoʻllab-quvvatlayotganini his qiladi.

Yoki Ikkinchi jahon urushi yillarida Buyuk Britaniya inqiroz yoqasiga kelib qoladi. Shunday sharoitda Uinston Cherchill odamlar bilan ochiqchasiga, sidqidildan gaplasha olish qobiliyati tufayli millat ishonchiga sazovor boʻladi. U mavjud muammolarni yashirmaydi, balki nekbinlik va kelajakka ishonch orqali millionlab odamlarni ruhlantiradi. Uning soʻzlari va xatti-harakatlari rahbariyatga ishonchni mustahkamlaydi. Xalq koʻrilayotgan choralar umumiy farovonlik uchun zarur ekanini tushunib yetadi va rahbarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Nelson Mandela ham yuqori darajadagi intellekt va his-tuygʻuga ega boʻlgan yetakchi edi. Bir necha yilni qamoqda oʻtkazib ham u alamzada boʻlmadi, balki mamlakatga rahbarlik qila boshlagach, hayratli darajada donishmandlik va bagʻrikenglikni namoyish etdi. Rahbar shuni tushunib yetdiki, tenglik va adolatga asoslangan yangi jamiyat qurish uchun odamlarni avvalgi ayblari uchun javobgarlikka tortish emas, balki oʻzaro ishonch va hamkorlik uchun asos yaratish lozim ekan. U odamlarga, jumladan, sobiq dushmanlariga ham xayrixohlik koʻrsatdi, bu esa Janubiy Afrikani qonli toʻqnashuvlardan saqlab qoldi.

Irodaning bukilmasligi boʻyicha shaxsiy namuna ham xalqni ilhomlantirishga yordam beradi. Masalan, Mahatma Gandi odamlarni majburlamaslik maslagida qatʼiy turgan va shu orqali millionlab hindlarni ilhomlantira olgan. Uning adolat tamoyillariga sodiqligi shuni koʻrsatdiki, chinakam kuch-qudrat — ruhiyat barqarorligi va qadriyatlarga sadoqat, oʻz xalqiga ishonch va fidoyilikda ekan.

Buyuk tarixiy shaxslar oʻz ichki ovoziga ergashishdan qoʻrqmaganlar, hatto bu mavjud talab va meʼyorlarga mos kelmasa-da. Ular rahbarlikni nafaqat qonunlarga, balki oʻzlarining ichki eʼtiqodiga, tanlagan yoʻlining toʻgʻriligiga boʻlgan ishonchiga tayanib olib borishgan. Ularning xalq dardini chuqur his qilishi jamiyatda tub oʻzgarishlarga olib kelgan. Davlat rahbarining xalq bilan samimiy muloqoti turli inqirozlarni yengishda ham yordam bergan. Qachonki, odamlar qiyinchiliklarga roʻbaroʻ kelar ekan, ular nafaqat toʻgʻri qarorlarni kutadi, balki qoʻllab-quvvatlashlarini, ertangi kunga ishonch baxsh etishlarini xohlashadi. Va bunday holatda fuqarolarga xotirjamlik, farovonlik olib kelishga tayyor boʻlgan yoʻlboshchi millionlab odamlar uchun umid va kuch-qudrat ramziga aylanadi.

Koʻz oʻngimizdagi oʻzgarishlar

Biz mamlakatni jamiyat bilan samimiy va oʻzaro ishonchga asoslangan munosabat oʻrnata oladigan, xalqning hurmatiga sazovor inson boshqarishi naqadar muhimligi haqida gapirar ekanmiz, bundan roppa-rosa sakkiz yil avval Oʻzbekistonning bosh vakillik va qonun chiqaruvchi organi — Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida Shavkat Mirziyoyevga prezidentlik vakolatlari yuklatilganini esga olamiz. Shu bilan xalqning orzu-umidlarini aks ettirgan, uni yaratuvchanlikka undagan islohotlarga start berildi.

Shu oʻtgan qisqa davrda nima oʻzgardi? Juda koʻp narsa. Chinakamiga ulugʻvor oʻzgarishlar roʻy berdi. Lekin baʼzilar oʻshanda “bashorat” qilganidek, ssenariy bunchalik ijobiy boʻlmasligi ham mumkin edi.

Ayrim “ekspertlar” mulohazasiga koʻra, Oʻzbekistonda hokimiyat oʻzgarsa, u goʻyoki Liviya yoʻlidan ketishi ham mumkin ekan. Mazkur mamlakat 2011-yilda siyosiy beqarorlikka duch keldi va bu davlatni parchalab yuborgan uzoq muddatli fuqarolar urushiga aylanib ketdi.

2000-yillarning boshida Argentinada prezidentlar almashgani inqirozga olib keldi, u kamroq qon toʻkilishi bilan boʻlsada, xuddi shunday uzoq muddatli oqibatlarga sabab boʻldi. Janubiy Amerikadagi bu mamlakatda beqaror siyosiy vaziyat yuzaga kelib, iqtisodiyotga katta zarar keltirdi. Sarmoyadorlar bu davlatga ishonchni yoʻqotdi, kapital chetga oqib keta boshladi, milliy valyuta qadrsizlandi, ichki bozor sarosimalikka yuz tutdi. Tasodifiy hokimiyat almashinuvi sababli yuz bergan iqtisodiy inqiroz ish oʻrinlari qisqarishiga, turmush darajasi pasayishiga, kambagʻallik ortishiga va oxir-oqibatda ommaviy tartibsizliklar hamda qurbonlar berilishiga olib keldi.

Shunga oʻxshash vaziyatlarda koʻpgina mamlakatlarda siyosiy beqarorlik ularning xalqaro maydondagi nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Inqiroz tufayli davlatning xalqaro ishlarda ishtirok etish, muzokaralar olib borish va oʻz manfaatlarini global maydonda himoya qilish qobiliyati pasayadi. Agar mamlakat oʻz ichki muammolariga oʻralashib qolsa, uning xalqaro tashkilotlardagi taʼsiri ham tushib ketadi, hamkorlarini yoʻqotadi, tashqi siyosatdagi pozitsiyalari ham kuchsizlanadi. Koʻpincha turli kuchlar oʻz taʼsirini oshirish maqsadida bunday mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishga urinadi. Baʼzan shu kabi holatlar mamlakatning xalqaro hamjamiyatdan chetlanishi yoki boshqa davlatlarga qaram boʻlib qolishiga olib kelgan. Oʻz navbatida, inqiroz ham chuqurlashgan.

Oʻzbekistonda esa, aksincha, keyingi yillar mislsiz islohotlar davri boʻldi. Bunda ancha yillar davom etgan va odamlarni qiynab kelgan muammolar bosqichma-bosqich hal qilina boshlandi. Valyutani almashtirish, plastik kartadan naqd pulni yechib olish yoki poytaxtdan sotib olingan xonadonda roʻyxatga turish kabi ishlar qanchalik qiyin boʻlganini hozir koʻpchilik eslamaydi ham. Bir qarashda arzimasdek tuyulgan bunday holatlar odamlarning erkinligini cheklardi, ustiga-ustak korrupsiyaga yoʻl ochar edi.

Amalga oshirilgan oʻzgarishlar koʻp oʻtmay natijasini bera boshladi. Amaldorlar, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari tomonidan oddiy fuqarolarga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgardi. Davlat va jamiyat oʻrtasidagi qutblashuvga barham berildi. Xalq bilan muloqot boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan tizim tufayli aholi ehtiyojlariga katta eʼtibor qaratildi. Uzoq yillar atrofini ham zohiran, ham mohiyatan ihotalab kelgan davlat idoralari xalqqa ochildi. Odamlar dard-u tashvishlari, oʻzlarini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan tegishli idoralarga bemalol arz qila boshladi. Ularning bartaraf etilishini talab qilib, bu ezgu ishlarda faol qatnashishi oddiy holga aylanib bormoqda. Shu orqali insonlarning davlatga hamda kelajakka ishonchi yanada mustahkamlanmoqda.

Mamlakatimiz toʻgʻri yoʻldan borayotganini Xalqaro valyuta fondining maʼlumotlari ham tasdiqlaydi. Unga koʻra, 2023-yilda Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 100 milliard dollardan oshgan. Jahon banki bashoratlariga koʻra, bu yil mamlakatimizda YIMning oʻsishi 5,3 foizni tashkil etadi. Bu esa koʻpgina davlatlarnikiga nisbatan ancha yuqori.

Barqarorlik va iqtisodiy oʻsish, oʻz navbatida, ijtimoiy sohani rivojlantirish, yoshlar tarbiyasi boʻyicha ishlarni kuchaytirish imkonini beradi. Bugungi kunga kelib sport ham oʻzbekistonliklar faxrlanishi uchun alohida sababga aylandi. Olimpiadalarda erishilgan medallar shodasi tufayli mamlakatimiz nomi yuqori satrlarni band etdi. Yaqinda Parijda boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston vakillari 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Paralimpiyachilarimiz esa undan ham koʻp — 26 ta medal bilan qaytdi, ularning 10 tasi oltin.

— 2024-yilning yozgi Olimpiya oʻyinlari xalqaro hamjamiyat koʻz oʻngida Oʻzbekistonning nihoyatda ulkan sport salohiyatini namoyish etdi, Los-Anjelesda boʻladigan keyingi oʻyinlarda uning davomini koʻrishga oshiqyapmiz, — deb yozdi Fransiyaning ommaviy axborot vositalari muxbirlari.

Xitoyda ingliz tilida chiqadigan “Global Times” gazetasi sharhlovchisi bizning sport delegatsiyamiz muvaffaqiyatining sirini ochib berdi:

— Oʻzbekistonda sport infratuzilmasini yaratishga alohida eʼtibor beriladi. Bu mamlakat yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, boks, taekvondo, erkin kurash, qilichbozlik va boshqa sport turlari boʻyicha jahon va Osiyo chempionatlarini oʻtkazish joyiga aylandi. Mamlakatda 200 dan ortiq sport inshootlari qurilgan va yana 150 ta inshoot rekonstruksiya qilingan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston 2025-yilda oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Umuman, bugun yurtimizni butun dunyoda yaxshi bilishadi. Xalqaro tadbirlarda xorijlik hamkasblarimiz bilan muloqotda boʻlsak, ular mamlakatimizdagi islohotlar haqida katta hayajon bilan munosabat bildirishadi. Bundan bir necha yil oldin Vatanimizdan ketgan yoki bir necha yil xorijda boʻlib qaytgan odamlar ham Oʻzbekistonni tanimay qolishmoqda. Yurtimizga muntazam kelib turuvchi odamlar esa oʻzgarishlar dinamikasini kuzatishi haqida fikr bildiradi.

— Mening Oʻzbekistonga tashrifim Siz bevosita oʻz faoliyatingizni boshlagan 2017-yilda amalga oshirilgan edi, — deb yozgandi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish davlatimiz rahbariga. — Mana shu oʻtgan vaqt mobaynida kuzatuvlarim natijasida shunga iqror boʻldimki, Siz boshlagan islohotlar Oʻzbekiston xalqining asosiy huquqlarini, fuqarolarning farovonligi va porloq kelajagini taʼminlashga qaratilgan.

Mintaqani harakatga keltirgan yangilanish jarayoni

Axborot bir zumda tarqaladigan bugungi globallashuv davrida biror mamlakat hayotiga oid har qanday muhim qaror oʻsha mamlakat hududidagina qolib ketmasdan, butun dunyoga oshkor boʻladi. Siyosatshunoslarning taʼkidlashlaricha, savdo-iqtisodiy aloqalar bilan oʻzaro bogʻlangan qoʻshni davlatlar yaqin hamkori hayotidagi muhim voqealarga muayyan munosabat bildirishlari tabiiy zaruratga aylangan.

Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan boʻlsak, yangi Oʻzbekistonni barpo etishni maqsad qilgan bizning mamlakatdagi yangilanish jarayoni butun Markaziy Osiyo mintaqasini harakatga keltirdi.

“Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz. Oʻzbekiston hozirgi kunda aholi soni boʻyicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi”, dedi Prezident mustaqillikning 33-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda.

Aholisi boʻyicha mintaqada eng yirik mamlakat nafaqat oʻzida tub oʻzgarishlarni amalga oshirmoqda, balki butun mintaqada yangilanishlarga turtki beruvchi integratsiya jarayonlarini faol yoʻlga qoʻydi.

Prezidentligining dastlabki kunlaridanoq Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda Markaziy Osiyoni ustuvor, deya eʼtirof etdi. Shundan soʻng boshlangan astoydil va izchil harakatlar muqaddam viza hamda savdo cheklovlari iskanjasida qolgan, na transport, na gumanitar aloqalarga ega boʻlgan, goʻyoki uzoq vaqtdan buyon mudrab yotgan mintaqani uyqudan uygʻotdi.

Baʼzan shunday tuyuladiki, Yevroosiyoning qoq yuragida joylashgan bepoyon mintaqa mamlakatlarining siyosatchilari-yu xalqlari mutlaqo yangicha fikrlay boshladi. Bunga rasmiy Toshkent tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo yetakchilarining Maslahat uchrashuvlari natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgani tufayli mintaqa mamlakatlari — Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston — asrlar davomida savdo-sotiq, madaniy-gumanitar aloqalar vositasida birgalikda rivojlanib kelganliklari yodga solingani sabab boʻlgan boʻlsa, ajab emas. Ambitsiyalar, targʻibot va soxta vaʼdalar tarixiy dalillarga soya solgan, globalizatsiya va iqtisodiy inqirozlar esa raqobatni keltirib chiqargan edi.

Endi koʻzimiz ochildi. Bugun “beshlik” mamlakatlari gʻoliblar boʻlmaydigan oʻyinda musobaqalashgandan koʻra hamkorlik, birdamlik orqali koʻproq narsaga erishishiga hech kim shubha qilmaydi. Bunday yondashuvdan, ayniqsa, quda-anda, doʻst-u birodar tutingan xalqlarimiz manfaatdor boʻlmoqda. Oʻn yillab bir-birining diydoridan ayrilgan, azaliy bordi-keldilardan mosuvo boʻlgan qardoshlarning yurak tubidagi istaklarini esa qogʻozda bitilgan taqiqlardan insoniylikni ustun qoʻygan ulkan qalb sohibigina ilgʻab ololdi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari rahbarligida oʻzbek xalqi yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari buyuk yoʻlga qadam qoʻydi, — deya taʼkidlaydi XXR Raisi Si Szinpin. — Turli sohalardagi islohotlar va taraqqiyot surʼati jadal tus oldi. Mamlakat mutlaqo yangi qiyofaga ega boʻldi, munosib hayot sharoiti yaratilmoqda, respublikaning xalqaro maydondagi mavqei tobora mustahkamlanmoqda.

Birgalikda farovonlik sari

Oxirgi sakkiz yildagi islohotlar, jahon miqyosidagi murakkab vaziyatga qaramasdan, kelajakka ishonch bilan boqishga asos beradi. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi faol bosqichga chiqqan integratsiya jarayonlari Oʻzbekistonga mintaqadagi mavqeini mustahkamlash imkonini beribgina qolmay, uni global darajada muhim ishtirokchiga aylantiradi. Birgalikdagi loyihalar va tashabbuslar strategik iqtisodiy oʻsish uchun sharoitlar yaratadi, fuqarolar farovonligini yuksaltiradi, barqarorlikni mustahkamlaydi.

Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, barchamizning fidokorona mehnatimiz bilan xalqlarimizning barqaror taraqqiy etgan, tinchlik va hamjihatlik ruhi hukm suradigan yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Mintaqamiz iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faol markazlardan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyoda har tomonlama sogʻlom siyosiy muhit, kelgusi avlodlar uchun erkin va xavfsiz kelajak yaratishimiz zarur.

Sir emaski, Oʻzbekistonning kelajagi yaqin qoʻshnilar bilan chambarchas. Ayni damda qoʻshnilarimizning istiqboli maʼlum maʼnoda mamlakatimizga bogʻliq. Demak, mintaqada integratsiyalashuvni kuchaytirishga qaratilgan har qanday harakat Markaziy Osiyo mamlakatlariga birgalikda farovonlikka erishish imkoniyatlarini oshiradi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar siyosati Germaniya uchun katta ahamiyatga ega voqelik boʻldi, — deydi “Germaniya — Oʻzbekiston forumi” prezidenti Detlef Prins. — Ayni paytda bu islohotlar shunchalik muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqdaki, Oʻzbekiston yaqin kelajakda dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biriga aylanishini prognoz qilish mumkin.

Jahon miqyosida iqtisodiy inqirozlardan tortib global transformatsiyalargacha boʻlgan xatarlar hukm surgan bugungi davrda xalq bilan hamnafaslik oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Xalq manfaati yoʻlida chin qalbdan amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat iqtisodiyotni yuksaltirishga, balki insonlarni buyuk ishlarga safarbar etishga, ishonch va birdamlik muhitini yaratishga qodir. Oʻz navbatida, bu farovon kelajak uchun barqaror asos yaratuvchi bezavol qudrat manbai hamdir.

Qisqacha aytganda, mamlakatimizning keyingi sakkiz yillik taraqqiyot yoʻlini xuddi kino tasmasidek koʻz oldidan oʻtkazish, islohotlarning surati-yu siyratini anglash, yuksalish pillapoyalarini teran idrok etish kishi qalbini nurli tuygʻularga toʻldiradi, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlaydi, el-yurt taqdiri va istiqboliga daxldorligini kuchaytiradi.

Bu yangilanishlarning barchasi favqulodda hassos shaxs, buyuk Yoʻlboshchining qatʼiy siyosiy irodasi, ulkan bunyodkorlik qudrati, xalqimizga va butun bashariyatga bitmas-tuganmas mehr-muhabbati tufayli, shuningdek, uning ortidan ergashgan, unga kamarbasta boʻlayotgan ulugʻ xalq qudrati bilan hayotga koʻchayotgani yurakni toʻlqinlantirib yuboradi, joʻshqin ilhom baxsh etadi.

…Tonglarni uygʻotar ezgu xushxabar,

Odamlar koʻngliga joylar soʻzini.

Jonin nisor etgan ul zot moʻtabar,

Baxshida aylamish elga oʻzini.

Bugun ilm-u irfon bogʻi koʻrk ochgan,

Tan oladi hatto bu jahon ahli.

Xalqning xizmatiga yugurgan, shoshgan,

Ul elparvar inson sharafga haqli.

Tashabbus, gʻoyalar dilda jamuljam,

Bobolar ruhini shod etgay har kun.

Bunchalar betakror kuch-gʻayrat, chidam,

Borligʻin bagʻishlab ishlaydi butun.

Xalqning qudrati ham unga zoʻr tayanch,

Bunyodkor shashtiga yoʻqdir hech qiyos.

Uning zakovati bebaho bir ganj,

Bu koʻhna olamda buyukligi rost.

Niyatim shul mening, orzu, ahdim but,

Mudom yashna yurtim, mudom koʻrkli boʻl.

Eldoshim, sen uning qoʻllaridan tut,

Toki muqaddas va sharafli bu yoʻl!

Toki xotirjamlik neʼmat atalsa,

Toki qadrlasa uni dun, bashar.

Tillardan umrbod tinchlik taralsa,

Bu Vatan yana ming, million yil yashar.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер