Xalq qabulxonasi: murojaatlar samarasi va muloqotlar

12:16 17 Avgust 2023 Jamiyat
761 0

Иллюстратив фото

Respublikada hamma sohada jadal surʼatlarda islohotlar amalga oshirilgan va oshirilayotgan bir vaqtda fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy majlisga, davlat boshqaruv organlariga, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, mahalliy davlat hokimyati organlariga, boshqa davlat tashkilotlariga va xoʻjalik boshqaruvi organlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini soʻzsiz amalga oshirish uchun sharoitlar yaratildi.

Mazkur tizimning asosi boʻlgan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasi bevosita davlat rahbariga murojaat qilish, xalq bilan doimiy muloqot olib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida samarali hal etishning taʼsirchan mexanizmiga aylandi.

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda toʻliq taʼminlash boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz zarur ekanligini koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishga qaratilgan boʻlib, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning eng samarali tizimi faoliyatini taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda.

Xalq qabulxonasi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishda ularga eng yaqin boʻlgan haqiqiy xalqchil demokratik institut hisoblanadi. Shu bois har bir jismoniy va yuridik shaxs murojaati Xalq qabulxonasi tomonidan har tomonlama chuqur tahlil etilgan holda oʻrganib chiqilmoqda. Zarurat vujudga kelganda esa murojaatlar oʻz oʻrnida boshqa tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda hal etilmoqda.

Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan barcha sohalarning har tomonlama rivojlantirish, xalq bilan ochiq oshkora muloqot qilishning yangicha tizimi - Xalq qabulxonalari instituti oldida hal etilishi lozim boʻlgan vazifalar hali koʻp ekanligini namoyon etmoqda.

Joylardagi Xalq qabulxonalari, virtual qabulxonasi xalqning hayotidan xabardor boʻlishi fuqarolarning koʻp yillik toʻplanib qolgan muammolarini, ularning barcha ehtiyojlarini yaqindan oʻrganishi, kelib chiqqan muammolarni joyida hal etish, ijtimoiy adolatni qaror toptirishda bir qator muhim vazifa va imkoniyatlar kelib chiqishiga sabab boʻldi.

Xalq qabulxonalariga fuqarolar oʻz muammolari bilan bemalol ochiq murojaat qilishlari, ularning muammolarini oʻrnida hal etish uchun har qanday tashkilot rahbarlarini jalb qilgan holda joyida hal etish uchun imkoniyat yuzaga kelganligi, yillar davomida yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish uchun zamin yaratilganligi koʻrinadi.

Ayniqsa, sayyor va ommaviy qabullar oʻtkazish, yoshlar bilan ommaviy qabullar orqali sektor rahbarlari hamda Xalq qabulxonalari bilan oʻtkazilayotgan bunday tadbirlar muammolarni chekka qishloqlarga ham borib, uyma-uy yurib hal etilishi yaxshi samara bermoqda.

Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlar oʻrganilganda, eng avvalo, murojaatning yuzaga keltirayotgan omillar, sabablar va shart-sharoitlar toʻliq oʻrganib chiqiladi. Bu esa, oʻz navbatida, birinchidan, takroriy murojaatlarni oldi olsa, ikkinchidan, bir turdagi murojaatlarni hal qilish amaliyoti samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Masalan, Kosonsoy tumani, “Bogʻibaland” MFYda yashovchi fuqaro O.Azimov “Kosonsoy tumani markazini Toʻraqoʻrgʻon tumani bilan bogʻlovchi Bogʻibaland hududidagi eski qabriston oldidan oʻtgan asosiy qatnov yoʻlining asfaltlanmay qolib ketganligini bildirib, asfalt yotqizishda amaliy yordam soʻrab qilgan murojaatiga asosan ushbu Kosonsoy-Toʻraqoʻrgʻon avtomobil yoʻli asfaltlanib murojaati ijobiy hal qilindi.

Fuqaro A.Abdikarimov 2020-yildan buyon chov churrasi kasalligi bilan kasallanganligi, order olish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilsada, hech qanday natija boʻlmaganligi sababli, order olishda amaliy yordam soʻrab qilgan murojaatiga asosan fuqaro tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi va Namangan viloyat koʻp tarmoqli xirurgiya boʻlimida imtiyozli jarrohlik amaliyoti oʻtkazish uchun order berilib murojaati ijobiy hal qilindi.

Fuqaro B.Yuldashev yashash hududidagi elektr tarmoq uskunalarini (sim ustun, transformator punkti) taʼmirlash va oʻrnatish masalalari yuzasidan amaliy yordam soʻrab qilgan murojaatiga asosan “Qorasuv” MFY, Yoshlik-1 koʻchasi hududidagi yaroqsiz sim ustunlari yangisiga almashtirilib, qoʻshimcha sim ustunlari oʻrnatildi va AAVG-25 markali sim tortilib murojaati ijobiy hal qilindi.

Shuningdek, fuqaro M.Boboxoʻjayev yashab kelayotgan “Bogʻishamol” MFY, Oltin meros koʻchasiga ichimlik suvi oʻtmagan xonadonlarga ichimlik suvi tarmogʻini oʻtkazishni soʻrab qilgan murojaatiga asosan ushbu koʻchadagi xonadonlarning barchasi ichimlik suvi taʼminotiga ulab berilib murojaati ijobiy hal qilindi.

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Joriy yil davomida 127 marotaba sayyor qabullar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlarda muammolarni chekka qishloqlarga borib, uyma-uy yurib hal etilishi yaxshi samara berib, aholini qiynab kelayotgan muammolariga oʻz vaqtida yechim topilmoqda.

Oʻtkazilgan sayyor qabullarda ishtirok etgan 3500 nafardan ziyod fuqarolardan 694 ta murojaat kelib tushgan, shundan 468 tasi ijobiy hal etilgan, 154 tasiga tegishli huquqiy tushuntirishlar berish yoʻli bilan hal etilgan boʻlsa, 74 ta murojaat qoʻshimcha oʻrganishni talab etganligi sababli nazoratga olingan.

Ushbu murojaatlarni sohalar kesimida tahlili qoʻyidagicha:
moddiy yordam masalasida – 142 tani, gaz, elektr, suv, issiqlik taʼminoti masalasida – 136 tani, uy-joy, yer bilan taʼminlash masalasida – 82 tani, sogʻliqni saqlash masalasida – 85 tani, mahallaning ichki yoʻllarini taʼmirlash masalasida – 38 tani, kredit olish masalasida – 31 tani, ish bilan taʼminlash masalasida – 63 tani tashkil etadi.

Olib borilgan ommaviy sayyor qabullarda fuqarolar tomonidan bildirilgan bir qator murojaatlar ijobiy hal etib berilgan.

Jumladan, Kosonsoy tumani 1-sektor rahbari, tuman hokimi tomonidan Chorbogʻ mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda, “Jar” mahallasi Bodomzor koʻchasida yashovchi fuqaro J.Poʻlatovning Yangi elektron nogironlik aravachasi olib berishda amaliy yordam berish toʻgʻrisidagi murojaati ijobiy hal etilib, elektron nogironlik aravachasi olib berilgan.

Kosonsoy tumani 1-sektor rahbari, tuman hokimi tomonidan Hurriyat mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda, ushbu mahallaning Bogʻi eram koʻchasida yashovchi fuqar I.Vohidovning mahalla hududida elektr-energiya taʼminotini yaxshilash maqsadida elektr toki taqsimlagich oʻrnatishda amaliy yordam berish toʻgʻrisidagi murojaati ijobiy hal etilib, MFY binosi oldidagi transformator taʼmirlanib, elektr taksimlagich oʻrnatib berilgan.

Kosonsoy tumani 2-sektor rahbari, tuman prokurori tomonidan Gulobod mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda, ushbu mahallaning Qadrdon koʻchasida yashovchi fuqaro M.Komilovning koʻchasiga ichimlik suvi tortishda amaliy yordam berish toʻgʻrisidagi murojaati ijobiy hal etilib, 1,5 km. masofaga tozza ichimlik suv tarmogʻi tortish hisobiga 200 dan ortiq xonadon ichimlik suv bilan taʼminlangan.

Kosonsoy tumani 3-sektor rahbari tomonidan Boʻston mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda, Beshketmon mahallasi, Navoiy koʻchasi, 15-uyda yashovchi fuqaro X.Usmonovning murojaatiga asosan “Beshketmon” MFY, Navoiy koʻchasi maxsus texnika yordamida tekislanib, 800 metr qismida shebenlash ishlari amalga oshirilgan.

Kosonsoy tumani 3-sektor rahbari tomonidan Tagijar mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda “Bogʻibaland” MFY, Ziyokor koʻchasida yashovchi fuqaro M.Dadaboyevning MFYning ichki koʻchalarini maxsus texnika yordamida tekislab berilishida amaliy yordam berish toʻgʻrisidagi murojaatiga asosan “Bogʻibaland” MFYning Ziyokor koʻchasi Tuman yoʻllaridan foydalanish unitar korxonasi bilan hamkorlikda maxsus texnika yordamida tekislanib, 1500 metr qismida shebenlash ishlari amalga oshirilgan.

Kosonsoy tumani 4-sektor rahbari tomonidan “Olmazor” MFYda oʻtkazilgan sayyor qabul davomida ushbu mahallaning Shabboda koʻchasi 88-uyda yashovchi fuqaro A.Uzoqovning mahallaning Oʻrikzor koʻchasini 400 metr masofasini asfalt qilib berishda amaliy yordam soʻrab qilgan murojaatiga asosan asfaltlash ishlari amalga oshirilib aholiga qulayliklar yaratilgan.

Bunday misollar yana koʻplab keltirish mumkin...

Murojaatlarni ijobiy hal etilishi natijasida fuqarolardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga 100 dan ortiq minnatdorchilik xatlari kelib tushgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirish, unga aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini kiritish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashda ham oʻzaro hamkor tashkilotlar bilan uyma-uy yurib, xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, “Oqqoʻrgʻon” tajribasi boʻyicha Kosonsoy tumanida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish hamda hal etish boʻyicha sektorlar va mahallalar kesimida “xonadonbay” ish tashkil etildi.

Xususan, 59 ta mahallada mavjud 38 185 ta xonadonlarning barchasi oʻrganildi. Uyma-uy yurish davomida 6 182 ta muammolar aniqlanib, 5 711 tasi (92%) hal etildi, 471 ta masala boʻyicha ishlar nazoratga olindi.

Mazkur yoʻnalishda, albatta, xalq qabulxonalarining zimmasida katta masʼuliyat turibdi, ushbu vazifalarning bajarilishini taʼminlashda fuqaro va davlat oʻrtasida adolatli, tezkor va ishonchli tizim yaratilmoqda.

T.Muydinova,

Kosonsoy tumani Xalq qabulxonasi mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер