Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish boʻyicha kompleks yondashuv joriy etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezidentimiz Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yoʻnalishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Birinchi ustuvor yoʻnalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi”, dedi Prezidentimiz.
Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.
Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish boʻyicha kompleks yondashuv joriy etiladi.
Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning oʻzida hal qiladigan tizim yaratiladi. Ularda bir vaqtning oʻzida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.
Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.
Deputatlarga oʻz okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard soʻm berilmoqda. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bogʻ” yaratish boʻyicha har bir deputatning tashabbusiga qoʻshimcha 330 million soʻmdan yoʻnaltirilishi belgilandi.
Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha sharoiti ogʻir barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi Oʻzbekiston qiyofasi olib kirilishi taʼkidlandi.
Bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun tuman byudjeti daromadini kamida 2 karra koʻpaytirishga sharoit yaratib berish zarurligi qayd etildi.
Shu maqsadda 2026-yil 1-yanvardan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushumning Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda 20 foizi qoldirilib, bu mablagʻning yarmi tumanlar byudjetiga oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi, ekin yerlarini ijaraga berish va bozorlardan tushumlar ham toʻliq tuman byudjetiga beriladi.
Viloyat, tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablagʻni aholi oʻrtaga qoʻygan masalalarni hal qilish uchun ajratishga ruxsat etiladi.
Bu orqali tumanlar byudjetida 5 trillion soʻmlik qoʻshimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring