Kelajak oʻqituvchisi: taʼlim muhiti va talabalarning kasbiy kompetensiyalari
Illyustrativ foto
Zamonaviy mehnat bozori pedagoglarning professionalligi, madaniyati va shaxsiy xususiyatlariga yuqori talablar qoʻymoqda. Soʻnggi yillardagi taʼlim islohotlari kelajak pedagoglarining zamonaviy kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, bu kasbni egallashga ragʻbatlantira oladigan taʼlim muhiti talab qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining yangi tahririda taʼkidlanganidek, zamonaviy taʼlim mazmuni irqiy, milliy, etnik, diniy va ijtimoiy mansubligidan qatʼi nazar, odamlar va xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va hamkorlikka koʻmaklashishi lozim. U dunyoqarash yondashuvlarining xilma-xilligini hisobga olishi, oʻquvchilarning fikr va eʼtiqodlarni erkin tanlash huquqlarini amalga oshirishga yordam berishi, har bir insonning qobiliyatlarini rivojlantirishni, uning shaxsini oilada va jamiyatda qabul qilingan maʼnaviy-axloqiy va madaniy qadriyatlar asosida shakllantirish va rivojlantirishni taʼminlashi kerak. Talabalarni tayyorlashning yangi mazmuni va samarali vositalarini izlash doimo esa dolzarbdir.
Bugun Chirchiq davlat pedagogika universitetidagi taʼlim muhiti pedagogik texnologiyalarni, raqamli resurslarni amaliyotga joriy etish, taʼlim mazmunini yangicha loyihalash, talabalarning mustaqil ishlari hajmini oshirish, ijodiy va muammoli topshiriqlarni bajarishga yoʻnaltirish kabi jihatlar bilan izchil bogʻlanmoqda.
Insonning ijtimoiylashuvi, shu jumladan uning taʼlim olishi koʻp jihatdan uning individual dunyoqarashiga taʼsir koʻrsatadigan muhit bilan belgilanadi. Ijtimoiy hayot murakkablashib borayotgan, maʼrifiy muhit texnik va texnologik jihatdan jadallashayotgan sharoitda shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim muhitini yaratish muhimdir. Bunday muhit talabalarga taʼlimiy, shaxsiy va kasbiy ehtiyojlari hamda qiziqishlarini qondirish va rivojlantirish imkoniyatini taʼminlaydi.
Tajribadan maʼlumki, talabaning muhit bilan oʻzaro taʼsiri va oʻzini oʻzi rivojlantirishining asosi uning individual tajribasidir. Pedagog talabaga bevosita taʼsir koʻrsatishda ojiz boʻlishi mumkin, ammo u ijtimoiy muhit orqali bilvosita taʼsir koʻrsatishda cheksiz imkoniyatlarga ega. Bu esa muhitning kuchli pedagogik resurs ekanligini anglatadi.
Zamonaviy universitetlarda taʼlim muhitiga evolyutsion yoʻl bilan erishilayotganligi ham quvonarli. Fanlararo integratsiyadan taʼlim muhitini yaratishga intilish talaba shaxsini rivojlantirish va uning kasbiy ijtimoiylashuvini taʼminlashga qaratilgan. Demak, talabalarda kasbiy va shaxsiy sifatlarni shakllantirishning pedagogik vositasi ham aynan fanlararo bogʻliqliklardir. Fanlararo yondashuv milliy taʼlimdagi integratsion jarayonlarning umumjahon rivojlanish tendensiyalarining tarkibiy qismi sifatida koʻrilmoqda. Oliy taʼlim muassasalari xalqaro reytinglarda oʻz oʻrnini topishda talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratishgan.
Taʼlimdagi fanlararo integratsiyaning ahamiyati shundaki, u jamiyatda real ravishda kechayotgan integratsion jarayonlarning oʻziga xos analogidir. Fanlararo hamkorlik oʻrganilayotgan obyektni yangi munosabatlar tizimida koʻra olishga, bilimlardan erkin va dinamik foydalanishga yordam beradi.
Shundan kelib chiqib, taʼlim mazmuni va oʻquv jarayoni fanlararo integratsiyaga sharoit yaratishi, bu esa talabaning zarur ijtimoiy tajribani shakllantirishiga zamin boʻlishi muhimdir.
Taʼlim jarayonini, yaʼni fanlararo bogʻliqliklardan foydalanishga asoslangan oʻquv jarayonini tahlil qilish natijasida fanlararo bogʻliqliklarga xos boʻlgan ikki tomonlama xarakter aniqlangan. Bu hodisaning har ikki tomoni oʻquv fanlari mazmunidagi bogʻliqliklarni ham, koʻnikmalar va faoliyat usullarini rivojlantirish metodlari oʻrtasidagi bogʻliqliklarni ham qamrab oladi.
Shunday qilib, zamonaviy taʼlim standartlari nuqtayi nazaridan fanlararo bogʻliqliklar — bu faqat bilimlar tizimini shakllantirish vositasigina emas, balki umumlashtirilgan faoliyat usullarini shakllantirish vositasidir.
Fanlararo bogʻliqliklarni egallash koʻmagida taʼlim jarayonida talabalarning umumiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan qobiliyatlar va koʻnikmalar shakllantiriladi. Bu kompetensiya bilim, tajriba, faoliyat turlari va harakatlarni insonning asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan turli sohalarda keng maqsadlarda qoʻllay olish qobiliyatida namoyon boʻladi.
Fanlararo bogʻliqlik koʻmagida shakllangan kompetensiyaning noyobligi shundaki, inson maʼlum bir vazifani hal qilish yoki maqsadga erishish uchun oʻzida bor barcha bilim, koʻnikma va tajribalarni qanchalik maqsadga muvofiq, chuqur va keng qoʻllay olishi, ularni uygʻunlashtira va integratsiya qila olishi bilan belgilanadi. Anglash va faoliyatning operatsion miqyosini, sintez va umumlashtirish imkoniyatlarini, ularning sifat va chuqurligini aks ettiradi, oʻquv fanlariga boʻlgan qiziqishni, ularga bogʻliq faoliyat turlarini rivojlantiradi.
Oʻqituvchining qobiliyati, mayllari va individualligini ochib berishi, uni oʻquv faniga boʻlgan qiziqishini rivojlantirishi, taʼlimning faol va interfaol usullari jarayonida oʻz “Men”ini namoyon etish imkoniyatlarini yaratishi, shu jumladan universitet muhiti doirasida — mana shular fanlararo integratsiyalashgan taʼlimining mazmunini tashkil qiladi.
Oʻqituvchilarning tashabbuslari va innovatsiyalari bu tendensiyani mazmunan boyitdi va yangi maʼno bilan toʻldirdi. Yangi standartlar ushbu masalani yanada yuqori darajaga olib chiqadi — zamonaviy kompetensiyani mutaxassisning kasbiy rivojlanishida asosiy vosita sifatida shakllantirdi.
Mehnat bozori doimiy ravishda yangi sifatlarni talab qiladi. Bu esa oliy taʼlim tizimini talabalarda fuqarolik va madaniy identiklik, maqsadga intilish, tashkiliylik, mustaqillik, ijodkorlik, tashabbuskorlik kabi sifatlarni, shuningdek, doimiy oʻzini oʻzi belgilash, oʻzini oʻzi oʻqitish va oʻzini amalga oshirish ehtiyojlarini samarali va texnologik usullar bilan shakllantirish yoʻllarini izlashga undaydi.
Zamonaviy milliy taʼlim paradigmasi barcha taʼlim darajalarida amalga oshirishning mazmuni va prinsiplari boʻyicha jiddiy oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu oʻzgarishlar shaxsning madaniy va fuqarolik identifikatsiyasiga yoʻnaltirilgan.
Shunday qilib, taʼlim mazmuniga kiritilayotgan fanlararo bogʻliqliklar uning muammolashtirilishini va yangiligini kuchaytirdi. Ilgari maʼlum boʻlgan materialni yangicha mazmunda ochib berdi. Avval oʻzlashtirilgan bilimlarni aktuallashtirib, ularni yangi bilimlar bilan yagona tizimga birlashtirdi. Oʻzaro yaqin kurslar oʻrtasidagi bogʻliqliklar esa hodisalarning mohiyatiga chuqurroq kirib borishga, masalan, sabab-oqibat aloqalarini ochib berishga yordam beradi. Barcha fanlar boʻyicha bilimlarning amaliy foydasi yanada ravshan boʻladi. Bilimlarning mazmunini anglash esa ularni chuqurlashtirish va kengaytirishga qiziqishni mustahkamlaydi.
Fanlararo bogʻliqliklar oʻquv materiali mazmunining umumlashtiruvchi xarakterini kuchaytiradi, bu esa taʼlim metodlarida ham, tashkiliy shakllarda ham oʻzgarishlar talab qiladi.
Taʼkidlash kerakki, bitiruvchi — talabaning kasbiy kompetensiyalarini shakllantiradigan vaziyat faqat oʻquv reja va oʻqitish metodlari emas, balki universitet muhiti hamdir. Bu muhit talabaning taʼlim davridagi hayotining bir qismiga aylanadi: Hamfikrlarini topadi, rivojlanadi, oʻzini namoyon qiladi, ijtimoiy tajriba orttiradi.
Shu boisdan ham, Chirchiq davlat pedagogika universiteti taʼlim muhitini yaratish orqali kelajak oʻqituvchilarini tayyorlashga jiddiy kirishgan.
Jamshid Alimqulov, Chirchiq davlat pedagogika universiteti oʻqituvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring