Katta minbar, tezkor va mazmunli nashr

Foto: Illustrativ foto
“Xalq soʻzi” gazetasini katta minbar, fuqaro va jamiyat munosabati, geosiyosat, turli-tuman sohalardagi yangiliklarni tezkor va mazmunli yoritib boradigan nashr sifatida qoldirmay oʻqib boraman. Jahon siyosati, yurtimizda roʻy berayotgan oʻzgarish va islohotlar samarasi, ilm-fan, adabiy jarayonlarga qiziqishim tufayli xalq koʻngliga yaqin, sodda va samimiy, hayotiy voqeliklarga asoslanib yozilgan, barcha sohadan mujda beradigan xabar, yurak qoʻri qoʻshib yozilgan tahliliy maqollar diqqatimni tortadi.
Avvalo, gazeta tahririyatiga barcha muxlis-gazetxonlar uchun yangi “Oltin beshik”, “Eng gullagan yoshlik chogʻimda...” nomli sahifalar tashkil qilganlari uchun tashakkurimni bildirmoqchiman. Bu sahifalarda Vatan, muqaddas zamin, ulugʻ qadriyatlarimiz, shonli tarix va xalqimizning buyuk bunyodkorlik va hamjihatlik xislatlari, navqiron avlodning istiqlol bergan iqbol haqida iliq soʻz aytish, oʻzimiz yashab turgan qishloq va voha hayoti, katta marralar, ulkan orzu-umidlar, erishilgan yutuqlardan dil yorish mumkin. Gazetaning “Yurtimiz boʻylab...” ruknida ham koʻngilga taskin va gʻurur bagʻishlovchi, ozod va obod vatanimiz viloyatlari, tashabbuskor insonlar gʻayrati, Yurtboshimizning saʼy-harakatlari natijasida yuz berayotgan oʻzgarishlar haqida keng tasavvur beruvchi maqolalar berib borilmoqda. Yurtimiz viloyatlarining oʻziga xos jihatlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha rivojidagi muhim oʻrni batafsil, xalqqa tushunarli, sodda va samimiy yoritilmoqda.
Mazkur gazetaning 2025-yil 2-avgustdagi sonida senator va adib Abdusaid Koʻchimovning “Yer yuzining sayqali yoki maqolaga sigʻmagan Samarqand” nomli bugunning qaynoq nafasi, el irodasi akslanib turgan maqolalarini ham maroq bilan oʻqidim. Aslida ham Prezidentimizning viloyatlarga tashrifi, aholi vakillari bilan uchrashuvlari, rahbarlar va bunyodkor xalqimiz qalbiga katta ragʻbat, shijoat beradi. Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar, misli koʻrilmagan bunyodkorlik ishlari ana shunday yuqori kayfiyat, kelajakka ishonch samarasidir. Maqolada bu haqida batafsil va oydin fikrlar yuritilganki, oʻquvchini shunday Vatanda yashash baxtidan zavq tuyishga undaydi.
Samarqandda bugungi kunda roʻy berayotgan obodlik, bunyodkorlik va davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar samarasidan xabardor boʻlganim uchun shu maqolaga sigʻmay qolgan baʼzi jihatlar haqida soʻz yuritmoqchiman.
Samarqand mamlakatimizda aholi soni oʻsishi boʻyicha ham birinchi pogʻonada. Bu esa viloyatning tinimsiz yosharib borayotganidan darakdir. Bugun Paxtachi, Narpay, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon, Pastdargʻom kabi tumanlar qancha gʻalla va paxta topshirgani bilan emas, kitobxon yoshlari, jahon chempioni boʻlayotgan farzandlari, rang-barang inshootlar, yorugʻ va keng koʻchalar va shirin hayot bilan maqtana oladi.
Samarqand turizm shahriga aylanib, Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Xalqaro turizm markazi, yuzlab mehmonxonalar, servis xizmatlari yuksalib borayotir. Samarqanddagi turizm qishloqlari, yangi ekomanzillar ham maroqli maqolalarga mavzu boʻladi.
Viloyatda 1 mlrd. 200 million dollarlik 14 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularni amalga oshirish natijasida 12 ming ish oʻrni, 82 million dollarlik eksport imkoniyati ochilishi nazarda tutilgan. Prezidentimiz ushbu loyihalarni qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishni jadallashtirish topshirigʻini berganidan barcha xabardor boʻlsa kerak.
Istaklar ham bor: viloyatda muzeylar faoliyati yanada yaxshilanib, yoshlar koʻproq jalb etilsa, ijod ahli uchun “Maʼnaviyat markazi” qurilsa, shahar va tumanlardagi istirohat bogʻlari yanada koʻrkam va zamonaviy qulayliklarga ega boʻlishiga erishilsa. Bu ishlar ham navbati bilan, albatta, amalga oshishiga ishonamiz.
Muallif maqolasida mavjud kamchiliklar va bajarilishi zarur boʻlgan ishlarni ham qayd qilib oʻtganki, bu hali baʼzilarning befarqligi, loqaydligi, yurt ravnaqi uchun hamma birdek ter toʻkmayotganidan darak. Mahoratli jurnalist Samarqand viloyatining deyarli barcha tuman va shaharlarida boʻlgan. Bu vohaning odamlari, ularning orzu-istaklarini yaxshi bilgani uchun ham qiyoslari koʻp va hayotiy. Bu holat oddiy odamlar suhbati, ularning qiziqishlari, hayratlarini ifoda etishida ham koʻrinadi. Eng muhimi odamlar kayfiyati va umidlari, Vatan taqdiriga befarq boʻlmaslik. Butun borligʻi bilan shu xalq ichiga singib yashash, yurtdoshlar yutugʻi va jonajon Oʻzbekiston ravnaqi, istiqlol tufayli boʻy koʻrsatayotgan yutuqlar, katta marralar zamirida turgan zahmatli mehnat egalarini eʼtirof etish, qadrlay bilish kerak.
Gazetada eʼlon qilinayotgan turkum maqolalarda shu jihat, keyingi 8-9-yil ichida amalga oshirilgan, odamning aqlini shoshiradigan oʻzgarishlar, fuqarolarimizning zehni, tafakkuridagi inqilob aksi, hayotga munosabati, zahmatli mehnat samaralari dalil va tahlillarda shundoqqina koʻzga tashlanib turibdi.
Toshpoʻlat TUGALOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Samarqand viloyati boʻlimi rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring