Kashandalik — umr zavoli

31-may — Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni
Kashandalik inson hayotiga katta raxna soladi, umr ildizlarini qirqadi. Ushbu oddiy haqiqat bilan har kun qayta-qayta yuzlashsak ham, uning asiri boʻlganlar yonidan jimgina, indamay oʻtaveramiz. Achinarlisi, soʻnggi yillarda nafaqat katta yoshdagilar, balki yoshlar va xotin-qizlar orasida ham chekuvchilar safi ortib bormoqda.
Shu bois, har yili 31-may — Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan 1987-yilda taʼsis etilgan ushbu xalqaro sana chekishni tashlash boʻyicha global hamkorliklarning eng muhim voqeasi, desak, mubolagʻa emas.
Ushbu kunni oʻtkazishdan bir qator maqsadlar koʻzda tutilgan boʻlib, chekish xavfi haqida butun dunyo boʻylab xabardorlikni oshirish, tamakini tashlash afzalliklarini targʻib qilish, yoshlarni tamaki mahsulotlari, ayniqsa, elektron sigaretlardan himoya qilish shular jumlasidan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, tamaki isteʼmoli bilan bogʻliq kasalliklardan har yili 8 milliondan ortiq odam hayotdan koʻz yumadi. Ushbu oʻlim holatlarining 7 milliondan koʻpi toʻgʻridan-toʻgʻri kashandalik natijasida, 1,2 millionga yaqini esa chekmaydiganlar, yaʼni passiv chekuvchilar orasida tamaki tutuni tufayli kelib chiqmoqda. Masalan, 2020-yilda dunyo aholisining 22,3 foizi, xususan, erkaklarning 36,7 foizi va ayollarning 7,8 foizi tamaki isteʼmol qilgan. Eng yomoni, bugungi kunda ushbu raqamlar yanada ortgan. Unutmaslik lozimki, tamaki isteʼmol qiluvchilar chekmaganlarga nisbatan 10 — 15-yil kamroq umr koʻradi.
Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda elektron sigaretlar keng tarqalmoqda. Chekishning ushbu yangi shakli koʻpincha oʻsmirlar, qizlar va yoshlar orasida keng tarqalgan boʻlib, bunga asosiy sabab — elektron sigaretlarning dizayni ixchamligi, oʻlchami kichikligi va yoqimli hidga egaligidir. Ammo ekspertlar fikricha, elektron sigaretalar tamakilardan ham xavfliroqdir.
Umuman olganda, u elektron sigareta boʻladimi yoxud tamaki, barchasi inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdiradi. Statistik maʼlumotlar, ekspertlar fikri va hayotiy misollar shuni koʻrsatadiki, chekish nafaqat chekuvchi, balki uning atrofidagilar hayoti uchun ham zararli. Bu illatga qarshi kurashish esa har birimizning ongli tanlovimiz boʻlmogʻi lozim.
Mashxura BAXRINOVA,
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring