Kasallik tarqalishiga qarshi kurashishning yangi bosqichi

18:21 24 Iyun 2018 Jamiyat
10203 0

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida aholi salomatligi, jumladan, immunitet tanqisligi virusini chaqiradigan kasallik profilaktikasi, diagnostikasi hamda davolashda ijobiy natijalarga erishildi.

Biroq shunga qaramay, ushbu yo‘nalishda yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud.

Ana shu muammolarni samarali hal etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan yana bir muhim hujjat — “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha galdagi dolzarb hamda kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgani, kamchiliklarni bartaraf etish, ayniqsa, kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilishga alohida urg‘u berilgani bilan ham muhim ahamiyatga ega. Zero, bu kasallikni yuqtirishning yo‘llari kam emas. Shulardan bittasi — shifoxonadagi ichki infeksiyalardir. Agar yuqtirilgan kasallikning davosi bo‘lsa, yaxshi, ammo uning aksi bo‘lsa-chi?

Ochig‘ini aytish kerak, bugun “tish oldiraman deb SPID yuqtiribdi” yoki “Kasalxonada bir dardi ikki bo‘libdi”, degan gaplar qulog‘imizga chalinib turadi. Qarorda respublikadagi OITS bilan kasallanishning oldini olish choralari bilan bir qatorda, shifoxona ichki infeksiyalari profilaktikasi muammolarining yechimi ham o‘rin olgan.

— Qaror mohiyati juda keng, — deydi Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori Nurmat Otabekov. — Ya’ni u bilan shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish orqali nafaqat OIV infeksiyasi, balki kasalxona sharoitida yuqishi mumkin bo‘lgan kasalliklar, xususan, virusli gepatitning V, S turlarining oldini olishga imkoniyat yaratiladi.

Ushbu hujjatga muvofiq, mavjud muammolarga kompleks tarzda yondashiladi. Masalan, davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Zamonaviy sterilizatsiya uskunalari mavjud emas. Shifokorlar asbob-uskunalarini sterilizatsiyaoldi tozalash ishlari almisoqdan qolgan usul, ya’ni qo‘lda bajarilmoqda. Tibbiyot asbob-uskunalari bilan ta’minotning ahvoli ham haminqadar. Joylarda statsionar davolanish imkoniyati deyarli yo‘q. Bemorlarning “tanqislik” va yoxud “to‘liq ta’minlanmaslik” degan vajlar bilan gohida hatto oylab navbat kutishlari ham tan olish kerak bo‘lgan haqiqatdir.

Qaror bilan OIV infeksiyasi profilaktikasi, diagnostikasi hamda davolash bo‘yicha kelgusida aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘lamini kengaytirish va takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishda epidemiologik nazoratni kuchaytirish, davlat hamda xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish, moliyalashtirishni ko‘paytirish, shuningdek, davolash muassasalarini zamonaviy diagnostika va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash, mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy muassasalar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish kabilar shular jumlasidandir.

Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori Nurmat Otabekovning aytishicha, Markaz qoshida 40 o‘rinli, shuningdek, Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax va Namangan viloyatlarida OITSga qarshi kurashish markazlari uchun alohida bino qurish, qabul bo‘limlarini tashkil etish, moddiy-texnika bazasi ayanchli ahvolga kelib qolgan 10 ta tumanlararo OITS diagnostika-laboratoriyalarini qayta ta’mirlash, ularga zamonaviy tibbiy texnologiyalarni tatbiq qilish ko‘zda tutilgan. Bu esa sohada tub o‘zgarish yasab, qon tahlillarini tezkor ravishda aniqlash imkonini beradi.

Qaror bilan “OIV-infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar” tasdiqlandi. Ushbu hujjatda asr muammosi bilan xastalangan bemorlarni davolash, undan oldin esa, bu bedavo kasallikka chalinmaslikning choralarini ko‘rish, zamonaviy tilda — profilaktika masalalariga e’tibor qaratish hamda tabiiyki, masalaning moddiy tomonini ijobiy hal etishning yo‘l-yo‘riqlari, 2021 yilga qadar qilinadigan ishlar yo‘nalishlari aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Chunki aynan o‘sha davrga borib, bu yo‘nalishdagi ishlarni moliyalashtirishni xalqaro donor tashkilotlar tomonidan emas, to‘liq O‘zbekiston tomonidan amalga oshirish boshlanadi.

Sog‘lom nasl, sog‘lom zurriyot — sog‘lom millat va sog‘lom kelajak garovi. Katta-katta orzularu ezgu maqsadlarga faqat ana shu shartga qat’iy amal qilish bilangina erishish mumkin. Shu nuqtai nazardan, amaliyotga tatbiq etilgan qarorning ahamiyati har qanday mezonlardan ustun turadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi materiallari asosida

Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?