“Karkidon”da ekoturistik maskanlar hamda ulkan gulzorlar bunyod etilmoqda
Ayni kunlarda Quva tumanida joylashgan “Karkidon” suv ombori hududida 280 gektar yer oʻzlashtirilib, zamonaviy ekoturistik manzillar barpo qilinmoqda.
Taʼkidlash joizki, mazkur suv ombori 1964-yilda qurilgan boʻlib, 180 million kubmetr suv saqlash quvvatiga ega. “Karkidon” hamisha toza havo esadigan qir-adirlar oʻrtasida joylashgan. Shuning uchun ham Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan bu yerda turizmni jahon andozalari darajasida rivojlantirishga qaratilgan 200 ga yaqin istiqbolli loyiha ishlab chiqildi.

Unga koʻra, 400 oʻringa moʻljallangan koʻp qavatli mehmonxona quriladi. Suv boʻylariga oilaviy dam olish uchun kottejlar bunyod etiladi. Suv omborining ikki yonidagi tepaliklar orasiga dor yoʻli tortilib, harakatlanuvchi osma kabinalar qoʻyiladi. Ular ikki qirgʻoqni bir-biri bilan bogʻlaydi va dam oluvchilarda unutilmas taassurot qoldiradi.
Shuningdek, uning qirgʻoqlarida choʻmilish havzalari, suv attraksionlari, quyosh nurida toblanish uchun sharoitlar yaratiladi. Bolajonlar uchun qumlik burchaklari tashkil etiladi.

Oʻtgan qisqa davrda hudud boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 110 ming tupdan ortiq daraxt ekildi. Ayni jarayonda yapon saforasi, qayragʻoch, sharq tuyasi, archa kabi 15 turdagi hudud ob-havosi moʻtadilligini taʼminlash uchun salqin beruvchi, oʻzidan kislorod chiqaruvchi manzarali daraxtlar ekilishiga erishildi.
— Shu kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri tajribasi asosida 10 gektar yerda ulkan gulzor bunyod etish ishlari jadal olib borilmoqda, — deydi mutaxassis Abdullajon Nazirov. — Shu maqsadda xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda dunyoning turli hududlaridan keltirilgan anvoyi gul urugʻlari ekilib, bir tekis undirib olindi.

Oʻz navbatida, 15 gektar yerda Lotin Amerikasi tajribasi boʻyicha gullar xiyoboni, oʻrmonzor tashkil etilyapti. Umuman olganda, qariyb 50 gektar maydonda ana shu kabi goʻzal va betakror yashil xiyobonlar bunyod etiladi. Bu borada sugʻorish ishlarini bir maromda amalga oshirish uchun sunʼiy suv havzasi barpo etilib, obihayot manbaini 140 metr balandlikkacha koʻtarib berish imkoniyati yaratildi.
Hozirgi kunda xorijdan keltirilgan 3 ming tupdan ziyod manzarali daraxtlarni ekish ishlari ham davom etmoqda.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring