Kandakor ayol kundani ham tilga kiritmoqda

15:38 07 Fevral 2025 Jamiyat
443 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Odatda qurigan daraxtni arralashadi. Bolta bilan yorib tarashaga aylantirishadi. Keyin yoqilgʻi sifatida ishlatiladi. Bir qarashda qurigan daraxtning “peshanasi”ga yonib, kulga aylanish qismati yozilgan. Ammo buxorolik kandakor usta, naqqosh Gulchehra Hamidova boshqacha fikrda. U daraxt tanasiga betakror xalq amaliy sanʼati namunalarini yaratish vositasi deb qaramoqda.

— Buning uchun yogʻoch kerakli oʻlchamda kesiladi. Yuzasiga ishlov berilib, silliqlashtiriladi, — deydi u. — Shundan soʻng musavvirlik mahoratingizni ishga solasiz. Koʻrib turganingizdek, yogʻoch yuzasida mana bunday miniatyura asari yaratish, qadimiy yodgorliklar yoki ona-tabiat manzaralari tasvirini tushirish mumkin. Ekologik toza xom ashyoda yaratilgan bunday sovgʻabop badiiy buyumlar sayyohlarga maʼqul tushadi, albatta. Ular mehmonxona, restoran, ofislarda oʻziga xos bezak vazifasini oʻtaydi.

Gulchehra opa koʻhna Buxoroda, kandakor usta Hamidovlar xonadonida tugʻilib voyaga yetgan. Bu sulola tarixi 200-yildan kam emas. Chunonchi, Oʻzbekiston xalq rassomi Salimjon Hamidov oʻtgan asrda Buxoro kandakorlik maktabining zabardast vakili sanalgan. Gulchehra opaning otasi Anvar ota ham 55 – 60-yilcha kandakorlik qilgan.

Sirasini aytganda, kandakor ayollar barmoq bilan sanarli darajada oz. Bu hunar bilan odatda, erkaklar shugʻullanishadi. Kandakorlar oilasida voyaga yetgani bois qahramonimizda shu hunarga mehru muhabbat uygʻongan.

— Bilasiz, kandakorlik deyilganida mis, latun kabi metall buyumlarga oʻyib yoki boʻrtiq qilib naqsh tushirish tushuniladi, — deydi suhbatdoshimiz. — Otam birinchi ustozim. Bu hunar sirlarini puxta oʻrganmoqni niyat qilgan kishi yaxshigina musavvir boʻlishi, kompozitsiya tanlay olishi, naqshlar mazmun-mohiyatini idrok etishi, geometriyani, adabiyotni, tarixni bilishi kerak. Otam boshlangʻich sinflarda oʻqib yurgan paytimdayoq meni Buxoro shahridagi “Abr-u bahor” tasviriy sanʼat markazi rahbari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Rahim Hakimov huzuriga olib borgan. Oʻrta maktabni tugatgach, oliy oʻquv yurtida badiiy grafika yoʻnalishida oʻqidim.

Buxoro kandakorlik maktabining badiiy buyumlari shaklining soddaligi, naqshlarining nafisligi bilan ajralib turadi. Bu maktab bogʻidan gul termoqqa shaylangan, kandakorlik etagidan tutgan odam nozik naqshlar bilan tillasha olishi zarur. Unda koʻrish qobiliyati kuchli boʻlmogʻi darkor. Oddiy mis yoki latundan sanʼat asari yaratmoq osonmas. Qoʻl mehnati mahsuli sanalgan bunday buyumlar sabr-u toqat, chidam, qalb harorati, koʻz nurini talab qiladi. Gulchehra opa buni chuqur his etgan holda ishlaydi.

Kandakorning fikricha, hunar sir-asrorini egallagan yoshlar hayotdagi eng chigal, murakkab yumushga ham osonlik bilan yechim topa oladi. Muhimi, bola turmush sinovlariga bardoshli boʻlib voyaga yetadi.

Gulchehra Hamidova ayni paytda Kogon shahridagi 2 – son musiqa va sanʼat maktabining teatr, tasviriy va amaliy sanʼat boʻlimi rahbari vazifasida ishlab, oʻnlab yoshlarga murabbiylik qilyapti. Koʻplab shogirdlari shu hunar ortidan roʻzgʻor tebratayapti. Respublikamizning oliy oʻquv yurtlarida tahsil olyapti. Yaqinda mamlakatimiz poytaxtida oʻtkazilgan “Biz baxtli bolalarmiz” tanlovida shogirdi Billura Bozorova faxrli 2 – oʻrinni egallab, xalqaro miqyosdagi tadbirning Boku shahrida tashkil etiladigan yakuniy bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Aytmoqchi, Gulchehra opa nafaqat kandakor, balki naqqosh, musavvir, dizayner hamdir. Uni milliy va zamonaviy liboslar tayyorlash ustasi sifatida ham bilishadi. Bularning barchasi ish faoliyatida juda asqatmoqda.

— Har bir bolaga uning qiziqishi, psixologiyasidan kelib chiqib munosabatda boʻlamiz, — deydi pedagog. — Undagi qobiliyatni yuzaga chiqarish asosiy vazifamizdir. Xalq amaliy sanʼatini qadrlaydigan, hayotdagi ahamiyatini chuqur anglaydigan ota-onalar farzandlarini huzurimizga boshlab keladi...

Oʻchoqqa emas, ijodkorning qoʻliga tushgan daraxt tanasi boʻlaklariga kelsak, Gulchehra opa ularni eng iqtidorli shogirdlariga ulashayapti. Natijada yosh musavvirlar ustozlari koʻmagida oddiy tarashani tilga kiritmoqda. Badiiy buyum holiga kelgach, ularning bir turkumi koʻrgazmaga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер