Kambag‘allikka barham berishning eng to‘g‘ri yo‘li – sifatli ta’lim

Keyingi yillarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida xalqimizning ijtimoiy hayoti, turmush tarzi yaxshilanib bormoqda. Xalqparvar siyosatning ilk samarasi eng chekka hududlar, xonadonlar, yurtdoshlarimiz hayotida o‘z aksini topmoqda. 2024-yilning sentyabr oyida Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan tarixiy videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha islohotlarning yangi sahifasi ochib berildi.
Davlatimiz rahbari kambag‘allikka barham berishning eng to‘g‘ri yo‘li ta’lim ekanini bejiz ta’kidlamayapti. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, yuqori ma’lumotga ega bo‘lganlar quyi ma’lumotga ega bo‘lganlarga nisbatan ko‘proq ish haqi oladi. Ta’limga sarflangan qo‘shimcha har bir yil esa xodimning ish haqi 10 foizgacha oshishiga olib keladi. Shuning uchun ham yig‘ilishda kambag‘allikdan chiqish uchun, eng avvalo, ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish lozimligi qayta-qayta takrorlandi. Xususan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida yosh avlod hayoti va kamoloti, mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan farzandlarimizning, avvalo, maktabgacha ta’lim bosqichidanoq aql-idroki va zehnini o‘stirish, maktabgacha va maktab ta’limi bilan bog‘liq eng ustuvor mezonlar, dolzarb masala va muammolar ijrosini ta’minlash belgilab berilgan.
Mazkur vazifalar ijrosining tizimli tashkil etilishi natijasida ayni vaqtda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ta’lim islohotlari o‘z samarasini bermoqda. Uzoqqa bormaylik, 2016-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 74,6 foizga, shundan 6 yoshlilar qamrovi 93 foizga yetkazildi. Ammo bu natija bugungi tezkor zamon talabini qondira oladimi?
Albatta, yo‘q. Shu bois Prezidentning 2024-yil 23 senyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2025-yil yakuniga qadar respublikadagi kambag‘al oilalarning 3-7 yoshli bolalarini maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80 foizga yetkazish belgilab berildi. Dasturda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12-fevraldagi “2025-2026-yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha maqsadli vazifalar, jumladan, aholining yashash darajasi va to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan (kambag‘al oilalar kam bo‘lgan) mahallalarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, olis va chekka (tuman va shaharlar markazida joylashmagan) mahallalarda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini barpo etish, aholining to‘lov qobiliyati past (kambag‘al oilalar nisbatan ko‘p bo‘lgan) hamda demografik o‘sish darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda davlat, shuningdek, xalqaro moliya institutlari kredit va grantlari hisobidan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ijtimoiy soha muassasalarining bo‘sh binolarida qisqa muddatli guruhlar faoliyatini tashkil qilish belgilab berildi.
Avvalo, 2025-yil yakunigacha kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ta’minlanadi. Eslatib o‘tamiz, davlat bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini “Yagona mavsumiy taomnoma” bo‘yicha ovqatlantirish, bunga autsorsingni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Hududlar kesimida bir bola uchun kunlik xarajat belgilab olinadi. Uning nazorati bilan yangi Ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish markazi shug‘ullanadi. Shuningdek, Ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etiladi. Davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni muvofiqlashtirish hamda jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish – markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Bundan tashqari, hukumat qarori bilan maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilandi. Unga ko‘ra, xodimlar va tarbiyalanuvchilar davomati, oziq-ovqat xarajatlari “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali hisobga olib boriladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan kamida 50 milliard so‘m ajratadi. Jumladan, 2025 yil davomida davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi 1 ming 600 ta nodavlat hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Jahon banki mablag‘lari hisobidan 35 ta jihozlangan avtobuslar negizida 70 ta mahallada 140 ta “Aqlvoy” mobil guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. 8 mingta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 23 nomdagi o‘quv-uslubiy va didaktik materiallar bilan ta’minlanadi. 6 yoshli bolalar ta’limiga ehtiyoj mavjud bo‘lgan hududlarni ota-onalar talablariga binoan aniqlash maqsadida maxsus elektron platforma ishlab chiqish hamda maktabgacha ta’limga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib kelishi, ta’lim- tarbiya tizimi eng ilg‘or xorijiy tajribalar asosida to‘liq yangilanishi, minglab xorijiy mutaxassis taklif etilishi belgilangan.
Bugun davr shiddat bilan o‘zgarib, pedagogik ta’lim oldiga o‘ta dolzarb va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish, innovatsion salohiyatga ega o‘qituvchilar tayyorlash, ularning kasbiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslangan yangi o‘qitish usullarini ishlab chiqish va o‘qituvchilarning metodik salohiyatini uzluksiz oshirib borish shular jumlasidandir.
Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 2022-yildan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlarni ishlab chiqishda yetakchi oliy ta’lim muassasasi etib belgilangan. Universitetning peshqadam fakultetlaridan biri – Maktabgacha ta’lim fakultetida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda bu fakultetda kunduzgi va sirtqi shaklda 1500 nafar talaba tahsil olib, ularga 100 dan ortiq professor-o‘qituvchilar tahsil berib kelyapti. Ilmiy salohiyat oxirgi 3-yilda 9 foizdan 75 foizga yetkazildi.
Albatta, yutuqlar o‘zimizniki. Ammo oldimizda turgan vazifalar kam emas. Binobarin, bugun davr shiddat bilan o‘zgarib, pedagogik ta’lim oldiga o‘ta dolzarb va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Davlat rahbari tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi qamrov darajasi 74,6 foizga ko‘tarildi. Bu esa albatta, sohaga mamlakat taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va g‘oyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir bo‘lgan, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak oliy ma’lumotli pedagog-kadrlar yetishtirishni talab qiladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va unda tarbiyalanayotgan bolalar soni ortayotgani shunga mutanosib ravishda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ham yuzaga keltirdi. Xo‘sh, salmog‘i ortayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun zamon talablariga “labbay” deya javob beradigan mutaxassislar yetishtirish masalasi qay ahvolda?
Hududlardagi maktabgacha ta’lim tizimining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, bakalavr mutaxassislarni tez va sifatli tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari optimallashtirildi. Endilikda bu yo‘nalishdagi bakalavr talabalar 3-yillik muddatda oliy ma’lumot egallab, joylarga borib faoliyat yuritish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, deyarli barcha hududlarga pedagogika oliy o‘quv yurtlaridagi maktabgacha ta’lim fakultetlariga qabul kvotalari oshirildi. Maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi magistratura bosqichiga ham qabul kvotalari keskin oshirildi.
Albatta, maktabgacha ta’lim sohasida “Davrning, taraqqiyotning asosiy quroli – ilm, uni o‘zlashtirish uchun esa hech qachon kech emas”, degan shior asosida bo‘lajak tarbiyachilarni tayyorlash, ularda “Ilm olaman, yaxshi yashayman, Vatan manfaati yo‘lida xizmat qilaman”, degan g‘oyani singdirish – bugungi tizim mas’ullarining muhim vazifasi hisoblanadi. Bu yo‘lda faqat fidoyilik va vatanparvarlik bilan bu borada qabul qilinayotgan dasturlar ijrosini ta’minlash, ishlash talab etilmoqda, xolos.
Mahzuna HAMDAMOVA,
Toshkent davlat pedagogika universiteti
Maktabgacha ta’lim fakulteti dekani,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring