Kam-koʻstimizdan ortganini jamgʻarib, oʻgʻlimga uy qurib berdim, mashina sotib oldim — Holiqul Soibnazarov
Ishtixon tumanida 46 ming nafardan ortiq tomorqa yer egalari mavjud boʻlib, ularning ekin ekiladigan ochiq maydonlari 7 ming 580 gektarni tashkil etadi. Bugungi kunda 2024-yil hosili uchun tumanda 2679 gektarga yaqin yerda toʻqsonbosti ekinlar parvarishlanyapti.
Tumanda ishbilarmon dehqonlar koʻp. Birgina Dexqonobod mahallasida 615 ta xonadon boʻlib, 2024-yil hosili uchun aholi tomorqasining 36 gektar maydoniga toʻqsonbosti ekinlar ekilgan. Toʻraqul Halimov mahallada 30 yildan beri tomorqasidan unumli foydalanib kelayotgan usta dehqonlardan biri.
— Har yili tomorqamizning 10 sotixida toʻqsonbosti ekin sifatida sarimsoqpiyoz va ismaloq yetishtiramiz, — deydi Т.Halimov. — Oʻtgan yili 8 sotix yerga ekilgan sarimsoqpiyoz hosili 1 tonna 300 kilogramm boʻldi va undan 30 million soʻmga yaqin daromad oldik. Keyingi yillarda sarimsoqpiyozning oʻzagini ham gazak tayyorlovchilar sotib olib ketishyapti. Avvallari uni chiqindixonaga chiqarib tashlardik. Tomorqada bir qarich yer boʻsh turmaydi. Egat chetlaridan ham koʻkatlar yetishtirib foydalanamiz. Mehnatimiz orqasidan yiliga tomorqaning oʻzidan 100 million soʻmdan oshirib daromad kelyapti.
Tumanning Kattaqangli mahallasida esa 841 ta xonadon mavjud boʻlib, aholi tomorqasining ekin maydoni 118 gektarni tashkil qiladi. Mahallaning Diyor qishlogʻida yashovchi Holiqul Soibnazarov hovlisidagi yer daromad manbai hisoblanadi.
— Bor-yoʻgʻi 4 sotixlik tomorqamiz bor, — deydi H.Soibnazarov. — Bu yerning 2 sotixida qulupnay yetishtiramiz. Qulupnay koʻchatlari orasiga sarimsoqpiyoz parvarishlayapmiz. Har ikkala mahsulot ham bir vaqtda, may oyida yigʻishtirib olinadi. Oʻtgan yili qulupnay va sarimsoqpiyoz hosilidan 60 million soʻmga yaqin daromad qildik. Qolgan 2 sotix yerda pomidor, kartoshka va boshqa sabzavot mahsulotlari yetishtiramiz. Yer qishda ham bekor turmaydi. Tomorqadan yiliga 2-3-marta foydalanishimizni hisobga olsak, shu ozgina yerdan 90 million soʻmlik mahsulotni bozorga chiqarish mumkin. Roʻzgʻor asosan tomorqadan topgan daromadimiz evaziga toʻkin. Kam-koʻstimizdan ortganini jamgʻarib, oʻgʻlimga uy qurib berdim, mashina sotib oldim.
Mehnat qilgan odam rohatini ham koʻradi, deganlari shu boʻlsa kerak. Xullas, astoydil mehnat qilgan kishini yer boqadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring