Yozef Blatter Qatar jahon chempionati mezbonligiga maxfiy kelishuv orqali erishganini maʼlum qildi

21:06 08 Noyabr 2022 Sport
1097 0

Foto: Reuters

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning sobiq prezidenti Yozef Blatter Qatarning 2022-yilgi jahon chempionati mezbonligi huquqini qoʻlga kiritgani xato deb atadi va jahon chempionati mezbonlik qiluvchi mamlakatni tanlash tafsilotlari, jumladan, Yaqin Sharq davlati va Fransiya oʻrtasidagi sirli kelishuv haqida aytib oʻtdi. Uning soʻzlarini Shveysariyaning “Tages-Anzeiger” gazetasi keltirmoqda.

Blatterning soʻzlariga koʻra, 2010-yilgi chempionat oʻtkaziladigan joyni tanlashdan avval FIFA ijroiya qoʻmitasi haqiqatda 2018-yilgi jahon chempionatini Rossiya qabul qilishi, 2022-yilgi jahon chempionatiga esa AQSH mezbonlik qilishi haqida kelishib olgan. Tashkilotning sobiq prezidentining soʻzlariga koʻra, agar ikki uzoq yillik siyosiy raqib jahon chempionatlarini orqama-ket oʻtkazsa, bu tinchlik ishorasi boʻlar edi.

Biroq tanlovdan bir hafta oldin Blatterga UYEFAning oʻsha paytdagi rahbari Mishel Platini qoʻngʻiroq qilib, reja ish bermasligini aytgan. U Yelisey saroyida Qatar valiahd shahzodasi bilan kechki ovqatni birga oʻtkazgan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bilan uchrashganini maʼlum qiladi. Blatterning aytishicha, oʻsha uchrashuvda Sarkozi Platiniga “Qarang, siz va UYEFAdagi hamkasblaringiz jahon chempionati mezbonligini tanlashda Qatar uchun nima qilishlari mumkin” degan.

Yakunda Platini va uning tarafdorlarining toʻrtta ovozi JCH-2022 mezbonligi AQSHga emas, Qatarga oʻtishida hal qiluvchi rol oʻynagan. Blatter bu Fransiya prezidentining ham xohishi, ham pul ishlab olish maqsadi ekanini tushuntirib, olti oydan soʻng Qatar fransuzlardan 14,6 milliard dollarga qiruvchi samolyotlar sotib olganiga eʼtibor qaratmoqda. Bundan tashqari, Yozef Blatter qoʻshimcha qilishicha Qatar jahon chempionati uchun juda kichik mamlakat.

Joriy yilning iyul oyida firibgarlikda ayblangan Blatter va Platini oqlangan edi.

Blatter 1998 — 2015-yillarda FIFA prezidenti lavozimida ishlagan va 2015-yilda u korrupsiya mojarosi tufayli lavozimidan chetlashtirilgan edi.

Qatarda futbol boʻyicha jahon chempionati shu yilning 20-noyabr — 18-dekabr kunlari boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?