Yoʻllar ravon boʻlsa, uzoq manzil ham yaqin

14:50 06 Sentyabr 2024 Jamiyat
166 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz Surxondaryoga tashrifi chogʻida viloyat hokimini yoniga olib, nosoz yoʻlda yengil mashinani oʻzi boshqardi. Shu harakat bilan viloyat rahbarligiga endi tayinlangan Ulugʻbek Qosimovga nosoz yoʻllarni koʻrsatdi va uni zudlik bilan qayta taʼmirlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Ushbu holat videolavhasi internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, foydalanuvchilar tomonidan qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Xalqni rozi qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangani xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Oʻshanda qariyb chorak asrlik orzular ushalib, keng, tekis yoʻllar barpo etilishiga odamlar qalbida ishonch paydo boʻldi.

Chindan ham, “Darband – Denov” hamda Termiz shahridan Denov tumanigacha avtomobil yoʻlining taʼmirtalabligi, har qadamdagi “yama”lar haydovchi va yoʻlovchilarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlib kelayotgan edi. Uzoq yillar mobaynida bu yoʻllarning ahvoliga befarq qarab kelindi. Yoʻl nosozligidan avtomobillarning texnik shikastlanishi, avtohalokatlar roʻy berishidan ham koʻz yumib boʻlmasdi.

Yoʻllar ravon boʻlsa, avtomobillarga ham, yoʻlovchilarga ham, shu yerda yashayotgan aholiga, eng avvalo, ona tabiatimizga ham aslo zarar yetmaydi. Qolaversa, bu yoʻllar oddiy emas, xalqaro ahamiyatga ega boʻlib, har kuni koʻplab xorijlik fuqarolar ham foydalanishadi.

Bugun viloyatdagi xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yoʻllarida bunyodkorlik ishlari avj pallada. Xususan, xalqaro ahamiyatdagi “M41” “Bishkek – Dushanbe – Termiz” avtomobil yoʻlining Termiz, Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon, Shoʻrchi, Denov va Sariosiyo tumanlari hududlaridan oʻtgan 178 kilometr uzunlikdagi qismini 4 tasmaga oʻtkazgan holda rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. “4R105” “Darband – Boysun – Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70-kilometr va “4R100” “Manguzar – Jarqoʻrgʻon – Bandixon – Oltinsoy – Denov” avtomobil yoʻlining 128-174-kilometr qismlarida yirik hajmdagi yoʻl qurilishi amalga oshirilmoqda.

— “Darband – Denov” yoʻnalishidagi avtomagistralning 70 kilometr qismi Boysun tumani hududidagi togʻ va togʻoldi hamda qir-adirliklardan oʻtgan, — deydi avtomagistral qurilishi mutaxassisi Muhammadali Xolmurodov. — Bir kunda 5 mingdan 7 minggacha avtomobil harakatlanadigan mazkur yoʻlning yaroqsiz holga kelib qolgani, ochigʻi, haydovchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlardi. Bugun mazkur “4R105” “Darband – Boysun – Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70-kilometr qismida katta hajmdagi qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Ushbu avtomobil yoʻli rekonstruksiya qilinishi bilan Surxondaryo viloyati hududidan oʻtuvchi xalqaro ahamiyatdagi “M39” va “M41” avtomagistrallari qisqa masofada birlashtiriladi. “M41” avtomagistral orqali Toshkent shahriga qatnovni amalga oshirayotgan xalqaro va mahalliy avtotashuvchilar uchun mavjud 298 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻli 146 kilometrgacha qisqartiriladi. Natijada masofa 152 kilometrni tashkil etadi.

Serqatnov yoʻnalishning toʻqqizta joyida sel olish xavfi mavjud. Loyiha ishlariga koʻra, yoʻl qurilish jarayonlarida 30 dan ortiq koʻprik, 200 dan koʻp suvoʻtkazgich taʼmirlanmoqda. Natijada beton qoplamali toʻrt tasmali ushbu avtomobil yoʻli zamon talablariga moslashtiriladi. Ayni kunlarda yoʻl qurilishda 200 dan ortiq maxsus texnika hamda 150 nafardan ziyod ishchi jalb qilingan.

— Yoʻl sifati biz uchun eng muhim masala sanaladi, — deydi loyiha rahbari oʻrinbosari, sifat nazorati boʻyicha menejer Teymur Guseynov. — Ikki va toʻrt tasmali ushbu yoʻl beton qoplamali boʻlib, tuproq, tosh-shagʻal qismi bilan hisoblaganda uning balandligi 90 santimetrni tashkil etadi. Barcha qurilish mahsulotlari oʻz vaqtida yetkazib berilayotgani ishlar samaradorligini oshirmoqda.

Ayni kunlarda “Darband – Boysun – Elbayon” avtomobil yoʻlining “Dashtigʻoz” mahallasi hududidan oʻtuvchi qismida asosiy ishlar bajarilmoqda. Maxsus texnikalar yordamida sement-beton qoplamasi yotqizish ishlari olib borilmoqda.

Yana bir eʼtiborli jihat, avtomagistral yaqinidagi hududlarning ichki yoʻllari ham tubdan taʼmirlanib, asfalt qoplamalari yotqizilmoqda. Piyodalar yoʻlakchalari bunyod etilib, yoʻlovchilar uchun qulay sharoit yaratilmoqda.

— Yurtboshimizning viloyatimizga har galgi tashrifi keyingi yillarda voha hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi, — deydi mehnat faxriysi Norqulboy Vohidov. — Har bir sohadagi islohotlar inson manfaatlarini taʼminlashga, aholining hayotidan rozi boʻlib yashashiga yoʻnaltirilgani bilan ham ahamiyatli boʻlmoqda. Soʻnggi yillarda yuz berayotgan yangilanishlardan faxr hissini tuygan surxondaryoliklar davlatimiz rahbarining har bir tashrifini odamlarning turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan, viloyatga baraka olib keladigan bayramona tadbir sifatida baholamoqda.

Xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari misolida bugun Surxondaryo viloyati katta bunyodkorlik maydoniga aylandi. Bu Yangi Oʻzbekistonda inson qadr-qimmati hamma narsadan ustunligini anglatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?