Yoʻli sozning ishi soz

13:16 09 Aprel 2025 Jamiyat
116 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha joylarida obodonchilik, bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda yoʻllar qurish, mavjud yoʻllarni taʼmirlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida ham katta yoʻllardagi nosozliklarni taʼmirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

— Har bir hududning qiyofasiga koʻrk bagʻishlovchi jihat oʻsha goʻshaning yoʻllari hisoblanadi, — deydi viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Mirzohidjon Nurmatov. — Viloyatimizda avtomobil yoʻllari tarmogʻining umumiy uzunligi 13305 km.dan iborat boʻlib, shundan 604 km. qismidagi chuqur chanoqlarni bartaraf etish koʻzda tutilgan. Hozirgi kunda 506 km. yoʻlda taʼmirlash ishlari sifatli bajarildi. Qisqa muddatda 98 km.dan iborat yoʻldagi chuqur chanoqlarni bartaraf etish ishlari yakuniga yetkaziladi. Bundan tashqari, “Tashabbusli byudjet”, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” kabi dasturlar doirasida 850,6 km.dan iborat yoʻllarda yoʻl qurilishiga doir saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Yoʻllar yilning toʻrt faslida ham doimiy eʼtibor va mehnat talab qiladi. Ayniqsa, qish fasli avtomobil yoʻllari uchun sinovli davr hisoblanadi. Harorat tunda pasayib, kunduzi biroz ilishi oqibatida asfaltda kengayish va siqilish hodisasi yuzaga keladi. Hosil boʻlgan mayda yoriqlar transport vositalari harakati va yogʻingarchilik tufayli kattaroq koʻchishlar, yaʼni chuqur chanoqlarni keltirib chiqaradi. Natijada yoʻl sifati buziladi. Oʻtgan yilda viloyatda 497 mlrd. soʻm miqdoridagi yoʻl qurilish ishlari bajarildi. Natijada 1419 km.dan iborat avtomobil yoʻllari qurilib, rekonstruksiya ishlari olib borildi. Eʼtiborlisi, 1540 km. ichki yoʻllar ham taʼmirlandi.

— Mahallamiz barpo boʻlganiga yuz yildan oshdi, — deydi Andijon tumanidagi “Qum koʻcha” MFYda yashovchi mehnat faxriysi Tursunoy Ahmadaliyeva. — Shu yillar davomida ichki yoʻllarda taʼmirlash ishlari bajarilmagan. Aholi oʻz tashabbusi bilan bir necha marta shagʻal toʻkish ishlarini amalga oshirgan. Biroq, bu bilan yozning chang, qishning loyidan qutulolmadik. Toʻgʻrisi, shaharning sifatli yoʻllariga havas qilardik. Qisqa muddatda ichki koʻchalarimizga asfalt yotqizilib, yuz yillik muammolarimiz barham topdi.

Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida har jihatdan mukammal loyihalar asosida koʻpriklar, yoʻl ayirgichlar qurishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda 12 ta koʻpriklarda taʼmirlash va tiklash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Xususan, “Bishkek-Dushanbe-Termiz” yoʻlining 585,2 kilometridagi “Shahrixonsoy” soyi ustidan oʻtuvchi “Keskanyor” koʻprigi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshiriladi.

— Ulkan bunyodkorlik ishlari ketayotgan hududlar aholisi necha yillardan beri bunday xalqaro koʻpriklar bizning viloyatimizda ham qurilarmikan, degan havas bilan yashagan. Endi bu shirin xayollarning hayotdagi roʻyobi koʻp kuttirmaydi, — deydi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi aʼzosi Oʻktamjon Oxunov. — Yoʻl qurilishi sohasida erishilayotgan ijobiy natijalar quvonarli. Avtomobillar harakatlanuvchi yoʻllar keng va ravon. Yoʻllar chetiga oʻrnatilgan belgilar xavfsiz harakatni, yoʻl boʻylariga ekilgan daraxt koʻchatlari tabiat musaffoligini taʼminlaydi. Bularning barchasi yoʻlsozlarning samarali mehnatlari mahsulidir.

Albatta, koʻprik, yoʻl qurish eng savob ishlardan biridir. Yangi yoʻllar va koʻpriklar aholining oʻz manziliga oson va qulay yetib olishini taʼminlab, goʻzal vodiyni yanada koʻrkam va obod maskanga aylantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер