Eng uzun kecha bu qora sochingday...

Yurtdoshlarimiz bugun yilning eng uzun tuni, yaʼni yaldo kechasini kutib oladilar: tun uzunligi 14 soat-u 48 minutni tashkil etadi. Bu quyosh togʻ echkisi burjiga ogʻib, hijriy-shamsiy yil taqvimi hisobiga koʻra, jadiy oyi kirganidan dalolatdir.
Odatda, tun uzayishi mezon oyi kirib, tun va kun tenglashgan payt — 22-sentyabrda boshlanadi. Oy oxiriga borib, tun hukmiga toʻliq ikki soat oʻtadi. Tun uzayishi jarayoni, ayniqsa, toʻqsonda yaqqolroq namoyon boʻladi. Chilla kirgandan soʻngra — 25-dekabrdan esa kun uzaya boshlaydi. Dastlab har ikki kunda bir minutdan qoʻshiladi. Xalqimiz naqlida aytilganidek, “Toʻqsonda toʻrgʻay odimi bilan, qantar ogʻsa, qargʻa odimi bilan kunlar uzayadi”.
Yilda bir marta kuzatiladigan shabi yaldo baʼzi Sharq xalqlarida oʻzgacha shod-u xurramlikda kutib olinib, u bayram sifatida nishonlanadi.
Koʻp yillik kuzatishlarga qaraganda, jadiy oyida harorat pasayib, yogʻingarchiliklar koʻp boʻladi. Chunki qish chillasining asosiy qismi shu paytga toʻgʻri keladi-da! Xalqimiz iborasi bilan aytganda, “Oy qoʻtanlasa oyda, quyosh qoʻtanlasa kunda yogʻadi”.
Mintaqamizda yogʻingarchilikning asosiy qismi jadiyga toʻgʻri keladi. Ayrim yillari iliq kelgani ham bor gap. Lekin qish qishligini qilgani maʼqul. Nuroniy ota-onalarimiz duoga qoʻl ochishar ekan, “Qish qishday boʻlsin”, deya yuzlariga fotiha tortishadi. Binobarin, bu fasl ob-havosida gap koʻp. U kelgusi yil dehqonchiligining barakasi, chorvaning barorini belgilab beradi. Yomgʻir — baraka, qor — rizq demakdir. “Qor yogʻdi, don yogʻdi” maqoli zamirida ana shu hayotiy haqiqat mujassamdir.
Shu kunlarda yoqqan qor gʻallaga koni foyda. U kuzgi bugʻdoy maysalari ustini koʻrpadek qoplab, ekinni qahratonning izgʻirinlaridan asraydi. Koʻklam kelgach, qorlar erib, gʻalla tomiriga kuch beradi.
Shudgor qilingan yerlarda qorning singuvchan suvlari nam saqlab, ozuqa vazifasini oʻtaydi. Eng muhimi, qishlovchi zararkundalarga qiron keltiradi. Chilla suvini, ayniqsa, bogʻbonlar oʻzgacha qadrlashadi. Payt boʻldi deguncha, ular dov-daraxtlar va tokzorlarga chilla suvini oqizish payidan boʻladilar. Negaki, bu paytda suvga qondirilgan tokzor va bogʻlar yozda suvni bir marta kam talab qiladi, moʻl hosil toʻplaydi. Shuning uchun xalqimiz jadiyni baraka oyi sifatida xushnudlikda qarshi oladi.
Shoir kuylaganiday “Eng uzun kecha bu qora sochingday, xayolim charx urar unga yetolmay...”
S. IBODULLAYEV tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring