“Yil oʻqituvchisi” tanlovi gʻoliblari 525 mln soʻm mukofot puli oladi

18:17 29 Aprel 2025 Jamiyat
355 0

Joriy yilning 28-aprel kuni “Yil oʻqituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlarini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.

Qarorga koʻra, 2026-yildan har 2-yilda 1-marta quyidagi tanlovlar oʻtkaziladi:

  • Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlari oʻrtasida “Yil oʻqituvchisi” tanlovi;
  • pedagogik mahorat markazlari direktorlari oʻrtasida “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovi.

Qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

  • “Yil oʻqituvchisi” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi;
  • “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi.

Qayd etilishicha, tanlovlar yakunlariga koʻra gʻolib deb topilgan har bir nomzod QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi. Mazkur sertifikat asosida gʻoliblar BHMning 1 400 baravari (525 mln) ga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova Vazirlar Mahkamasining ushbu qarorini “uzoq kutilgan yangilik” deb baholab, tanlovlarning qay yoʻsinda oʻtkazilishini tushuntirdi.

Vazir Umarovaning yozishicha, “Yil oʻqituvchisi” tanloviga nomzodlar oʻzlari dars beradigan bitta fandan, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari esa boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida ishtirok etadi. Ishtirokchilar vazirlikning maxsus platformasi orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Tanlov uch bosqichda oʻtkaziladi:

  • birinchi bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti boʻyicha nazariy bilimlari baholanadi;
  • ikkinchi bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hayʼati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod oʻtgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;
  • uchinchi bosqichda — nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.

Tanlov yakunlariga koʻra, har ikki yilda bir marta oktabr oyida gʻolib deb topilgan har bir nomzod reyestri MMTV tomonidan yuritiladigan hamda vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi.

Mazkur sertifikat asosida gʻoliblar, yuqorida taʼkidlanganidek, MMTV rahbari jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Pedagogik mahorat markazlari direktorlari oʻrtasida “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovida esa ishtirokchilarning 4 ta yoʻnalish boʻyicha faoliyati natijalari oʻrganiladi.

Bular:

  • hududda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha erishilgan natijalar;
  • moliyaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha erishilgan natijalar;
  • zamonaviy uslubda taʼlim jarayonini tashkil etish boʻyicha erishilgan natijalar;
  • markazni tajribali kadrlar bilan taʼminlash va zamonaviy boshqaruv usullarining joriy qilinganligi.

Ushbu tanlovda ham gʻoliblar mos ravishda BHMning 1 400 baravariga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

“Tanlovlar haqida batafsil maʼlumot, yangiliklarni vazirlik sahifalari orqali berib boramiz. Biz ushbu megatanlovlarni adolatli, shaffof, faxriy pedagoglarimiz, ekspertlar va jamoatlik vakillari bilan hamkorlikda tashkil etamiz”, deb yozadi Hilola Umarova.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер