Yil boshidan buyon 15 mingdan ortiq holatda suv isrof boʻlishining oldi olindi — “Oʻzagroinspeksiya”

19:51 09 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
736 0

Arxiv surat

“Oʻzagroinspeksiya” tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suv isrof boʻlishini erta oldini olish, qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tadbirkorlik subyektlarida profilaktika va amaliy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

«Oʻzagroisnpeksiya» Axborot xizmati rahbari Xolida Shadiyevaning maʼlum qilishicha, suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish sohasidagi inspektorlar tomonidan shu yilning oʻzida joylarda 18 ming 881 ta profilaktika tadbirlari oʻtkazilgan. Berilgan aniq koʻrsatmalar va amaliy choralar natijasida jami 15 ming 185 ta holatda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suv isrof boʻlishining oldi olinishiga erishilgan. Jumladan, ekin maydonlarini koʻllatib sugʻorib, suv isrofgarchiligiga yoʻl qoʻyish, suvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qoʻyish, sugʻorish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish, limitdan ortiqcha suv olish, ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish va boshqa shu kabi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari koʻrildi.

Shuningdek, 3 ming 696 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini anʼanaviy sugʻorishga yoʻl qoʻyilishining oldi olindi.

Buning natijasida, davlatdan subsidiya olib, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan, lekin mazkur texnologiyadan foydalanmay turgan 15 ming 818 gektar maydonda texnologiyalar qayta ishga tushirilishiga erishildi.

Inspeksiya xodimlarining bevosita amaliy yordami bilan 2107 ta holatda suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari oʻrtasidagi nizoli holatlar bartaraf etilgan, 2576 ta holatda suv taʼminoti ogʻir boʻlgan suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berishda koʻmaklashilgan, 486 ta joyda oʻquv seminarlari tashkil etilib, 1840 ta holatda amaldagi qonun hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni tushuntirish, undagi talablar buzilishining oldini olishga qaratilgan uslubiy va tavsiyaviy yordamlar koʻrsatilgan.

X. Shadiyevaning qoʻshimcha qilishicha, suv tanqisligi sezilgan hududlarda bir sugʻorish tarmogʻidan foydalanuvchi fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqalar oʻrtasida suvdan navbatlab foydalanish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Bugungi kunda, Inspeksiya xodimlari tomonidan profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi natijasida suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, sugʻorish uchun ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanilishi taʼminlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер