Ijtimoiy himoya vositalari va mexanizmlarini xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqish zarur

11:57 18 Noyabr 2021 Jamiyat
1061 0

Oliy Majlis Senati yigirma birinchi yalpi majlisi avvalida senatorlar inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axborotini tingladilar.

Majlisda oʻtgan ikki yil mobaynida Oʻzbekiston inson huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash borasida salmoqli yutuqlarga erishgani taʼkidlandi. Jumladan, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashuvchi asoslar toʻgʻrisida”gi konvensiyasi va BMTning “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiya ratifikatsiya qilindi.

Bundan tashqari, senatorlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganini taʼkidladilar.

Ushbu hujjatda qiynoqlarni aniqlash va oldini olish yuzasidan jamoat guruhlarini tashkil etish boʻyicha bir qator normalar belgilangan. Ularning javobgarligi, qiynoqdan jabr koʻrganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish kabilar shular jumlasidandir.

Bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarning huquqlarini tiklash, barcha sohalarda xotin-qizlar va erkaklar tengligi tamoyilini tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi.

Oʻz navbatida, Oliy Majlis Senati tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Oʻzbekistonning inson huquqlarini targʻib qilish borasidagi saʼy-harakatlari eʼtirofi sifatida mamlakatimiz birinchi marta BMTning inson huquqlari boʻyicha Kengashiga uch yillik muddatga (2021-2023) saylandi.

Shu bilan birga, senatorlar inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni qoʻllash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash borasida hali hal etilmagan masalalar mavjudligini taʼkidladilar. Xususan, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini tubdan isloh qilish, ijtimoiy himoya vositalari va mexanizmlarini xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilim va koʻnikmalari hali yetarli darajada shakllanmagan, bu esa amaliyotga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni kechiktirib bajarish yoki notoʻgʻri ijro etish holatlari alohida tilga olindi. Misol uchun, 46 ta bandning 11 ta band boʻyicha tadbirlar amalga oshirilmagan.

Bundan tashqari, senatorlar Oliy Majlis palatalari Kengashlari Qoʻshma qarori bilan maʼqullangan BMTning inson huquqlari sohasida taʼlim va oʻqitish toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” lozim darajada bajarilmayotganiga eʼtibor qaratdilar.

Senatning yalpi majlisida har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga zarur koʻrsatma va tavsiyalar berildi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?