Ijtimoiy himoya tizimi — yangi bosqichda
Foto: “Xalq soʻzi”
Mehr-oqibat, dardga darmonlik, muruvvat — xalqimizga xos boʻlgan bebaho fazilat. Ayni qadriyatlarning davlat siyosati bilan chambarchas uygʻunlashgani ijtimoiy muhofaza masalasini ustuvor oʻringa olib chiqib, aholi ehtiyojmand qatlami turmush darajasini koʻtarishga xizmat qilayotgani koʻplab yurtdoshlarimiz hayotida amaliy isbotini topmoqda. Davlatimiz rahbarining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoniga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi bilan ushbu muhim tizim faoliyatining yangi bosqichiga qadam qoʻyildi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli organ boʻlgan agentlik va uning joylardagi boʻgʻinlari tashkil etilishi negizidan birinchi navbatda fuqarolarni davlat tomonidan manzilli himoyalashning professional tizimini joriy qilish, koʻmakka muhtoj qatlamning ijtimoiylashuvini taʼminlash, faoliyatda mahalla darajasigacha kirib borish, ogʻir ahvolga tushib qolgan insonlarga individual yondashish, ijtimoiy sugʻurta mexanizmi qoʻllovini kengaytirish, nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratish singari dolzarb vazifalar oʻrin olgan.

— Yangicha ish yuritishga oʻtish yuzasidan ishlab chiqilgan meʼyoriy hujjatlarda joriy yilning 15-oktyabridan 2024-yil 1-yanvargacha tuman, shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va yordamlar koʻrsatish tizimini tashkil etish hamda toʻplangan tajribadan kelib chiqib, kelgusi yil boshidan barcha boʻgʻinlarni toʻla ishga tushirish maqsad qilingan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi boshligʻi Ibrohim Xojiyev. – Bunda dastlabki bosqichda 26 turdagi xizmatlar yoʻlga qoʻyilib, yanagi yil boshidan ular soni 49 taga yetkaziladi. Ushbu vazifalar ijrosiga jadal kirishilib, oʻtgan qisqa vaqt ichida ijtimoiy xizmat va yordamlarning pasportlari ishlab chiqildi. Bir paytning oʻzida “Ijtimoiy xodim toʻgʻrisida»gi vaqtinchalik Nizom, vaqtinchalik yoʻriqnoma, ijtimoiy xodimlarning odob-axloq qoidalari va “Mahallaning ijtimoiy pasporti” singari zarur hujjatlar tasdiqlandi. Qayd etish lozimki, viloyatda ijtimoiy himoya yangi tizimini joriy etish bilan bogʻliq tashkiliy, shuningdek, aholiga yuqori sifatli manzilli ijtimoiy xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, boshqarma hamda shahar, tumanlardagi markazlar bosqichma-bosqich ishga tushirilib, malakali xodimlar bilan taʼminlanmoqda. Maxsus ishchi guruhi tomonidan agentlik tasarrufiga kiruvchi aholi toifalari ajratib olinib, mahalla beshligi va patronajlar tomonidan xatlovdan oʻtkazildi.
Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda 2,6 milliondan ortiq nufusga ega Namangan viloyatida 3761 nafar yolgʻiz yashovchi va yolgʻiz keksalar, 74473 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar, 254877 nafar “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”da turuvchi fuqarolar, 621 nafar tazyiq va zoʻravonlikka uchragan shaxslar, 679 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatilmoqda.

Ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish maqsadida Prezident qarori bilan respublikadagi 28 ta tuman va shaharda tajriba tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilishi belgilangan edi. Yaqinda Namanganda birinchi boʻlib Kosonsoy tumanida shunday markaz toʻla ish boshladi. Zamonaviy binoda joylashgan muassasada mahallalarga majmuaviy xizmat koʻrsatuvchi 24 nafar malakali mutaxassis faoliyat olib borayotir. Ulardan biri – ikkinchi guruh nogironi Javlon Abdullayev mutaxassis lavozimiga ishga qabul qilingan.
— Bu yerda ishlashdan alohida qoniqish hosil qilaman, — deydi J.Abdullayev. – Chunki, jismoniy jihatdan imkoniyati cheklangan inson sifatida bu toifadagi shaxslarning ichki dunyosi, dardu-tashvishlarini yurakdan his qilaman. Ularning hayotiy masalalari yechimida jonu-dilim bilan ishtirok etaman.
Dekabr oyi boshida Chust tumanida ham shunday markaz ishga tushirilib, toʻla tarkibda aholiga 26 turda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishga kirishadi.
Ijtimoiy xizmat va yordam sohasidagi ishlarda mazkur toifadagi shaxslarga nafaqat moddiy va boshqa turdagi amaliy koʻmak koʻrsatish, balki, ularning maʼnaviy ehtiyojlarini ham qamrab olish koʻzda tutilgan. Shundan kelib chiqib, har haftaning jumasida yoʻlga qoʻyilgan “Mehr va saxovat kuni” tadbirlari oʻz samarasini bermoqda. Unda joylardagi ehtiyojmand oilalar, nogironlar va yolgʻiz keksalar holidan xabar olinib, xayriya yumushlari amalga oshiriladi. Hozirga qadar shu yoʻnalishdagi 350 dan ziyod tadbir davomida 17 mingdan koʻproq fuqaro sovgʻa-salomlar bilan yoʻqlanib, ularning koʻpchiligiga maxsus aravachalar, reabilitatsiya vositalari, oziq-ovqatlar toʻplami topshirildi. Bu orada keksa avlod vakillarining viloyatdagi tarixiy va manzarali joylarga sayohatlari uyushtirilyapti. Keyingi paytlarda uch mingdan ortiq nuroniylar ana shu imkoniyatdan foydalandilar. Bu singari mazmunli sayohatlar viloyatdagi “Axsikent” tarixiy yodgorligi, Isʼhoqxon Ibrat majmuasi, “Baliqlikoʻl” ziyoratgohi singari manzillarga ham tashkil etilayotgani oʻzgalar yordamiga muhtoj otaxon-onaxonlarga ayniqsa, maʼqul tushyapti.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, viloyatda istiqomat qilayotgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami yangi yil boshidan 49 turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlardan toʻliq foydalana boshlaydi. Ular orasida oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda keksalarning qarindosh va yaqinlari bilan munosabatlarini tiklash, psixologik-tibbiy – pedagogik komissiyalarning xulosasini olish uchun ariza qabul qilish, ayollarni reabilitatsiya qilish markazi va hududiy boʻlinmalarida yordam koʻrsatilgan hamda himoya orderi berilgan shaxslarni sayyor monitoringini olib borish, ota-onasi uch oydan ortiq migratsiyada boʻlgan bolalarni aniqlash hamda maʼlumotlarni vasiylik va homiylik organiga yuborish singari hozirgacha amalda boʻlmagan xizmat turlari ham borki, bu fuqarolar uchun maksimal yengillik yaratishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Koʻrinib turibdiki, ijtimoiy himoya tizimini yangilash yoʻlida tashlanayotgan dadil qadamlar, bu borada yaqin vaqt ichida roʻyobga chiqariladigan yanada koʻlamli yumushlar Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini bundan ham ulugʻlash yoʻlidagi oliy maqsadlar roʻyobiga yoʻnaltirilgan. Masalaning eʼtiborga molik jihati ham shunda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring