Ijod boʻstonidagi “asalari” jurnalist

10:34 12 Noyabr 2024 Jamiyat
187 0

Kuni kecha “Oltin meros press” nashriyotida mahoratli jurnalist Saidxon Rahmonovning “Hamohanglik” nomli kitobi nashrdan chiqdi.

Doim kamsuqum, kamtar va chehrasi samimiy tabassum balqib turadigan Saidxon asli Chiroqchi tumanidan. U Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olib yurgan talabalik yillaridanoq nihoyatda faol va tirishqoq ijodkor edi.

Bizdan bir kurs keyin oʻqigani sababli, uning “Qishloq hayoti” gazetasida muxbir sifatida qalami toblanganini yaxshi eslayman. Qolaversa, u ham kursdoshlari – Faxriddin Hayit, Shuhrat Orif, Husniddin Berdiyev, Bekzod Shukurov, Anvar Samadov, Olim Toʻraqulov, Baxtiyor Yoqubov va Muhiddan Abdusamad bilan milliy jurnalistikamizga yangi toʻlqin-ovoz boʻlib kirib keldi.

U tahririyat qozonida pishib yurgan kezlari ustozlari taniqli jurnalist, yozuvchi va shoirlar Alisher Shoimov, Oʻtkir Rahmat, Gʻofur Shermuhammad, Dilmurod Qirgʻizboyev, Sunnat Saydaliyev, Habib Temirov, Ikrom Oʻtbosarov, Shuhrat Jabborov, Abduvali Qutbiddin, Oʻrol Gʻoimov, Faxriddin Karimov va Gulchehra Umarovadan ijod sirlarini, hayot hikmatlarini oʻqib-oʻrganib, turkum tahliliy maqolalari bilan eʼtiborga tushdi.

2007-2020-yillarda esa “Xalq soʻzi” gazetasida boʻlim muharriri boʻlgan davrida ayniqsa sermahsul mehnat qildi. Bu davrda Saidxon “Yilning faol jurnalisti” (2008) va “Eng ulugʻ, eng aziz” respublika tanlovlari (2018), “Oltin qalam” xalqaro tanlovi (2016) gʻolibi ham boʻldi. Shundan keyin qator qoʻshma korxona va uyushmalarda matbuot xizmatlarini boshqarib kelmoqda. Soʻnggi yillarda garchi ijodda biroz sustlashganday koʻrinsa-da, ammo uni toʻxtab qoldi, deb boʻlmaydi. Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktorligini himoya qilish uchun faol ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Muallifning mazkur ilk toʻplamida 2017-2024-yillarda respublikamizdagi turli markaziy nashrlarda chop etilgan 35ga yaqin turkum maqolalar saralab jamlangan. Jumladan, taraqqiyotimizning eng ustuvor vazifalari – kambagʻallikni qisqartirish, ehtiyojmand aholi ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, vatandoshlarimizning qonuniy manfaatlarini himoya etish, inson qadrini ulugʻlash, kafolatli daromad manbai, tibbiy xizmatlar, uy-joy, sifatli taʼlim bilan taʼminlash, ayniqsa, qishloq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida zamonaviy texnologiyalarni olib kirish ularning bosh mazmunidir.

Xususan, jurnalist kambagʻallikni kamaytirishga oid maqolasida afsuski, kambagʻallik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini, umuman olganda, metodologiyasi bizda hali-hanuz mukammal bir tarzda ishlab chiqilmaganini taʼkidlab haqli savol qoʻyadi: “Ilgari kambagʻallik daromadning bor-yoʻqligi bilan oʻlchangan. Keyinroq asosiy talab-ehtiyojni qondirishga noqobillikka kambagʻallik sifatida qarala boshlangan. Oʻtgan asrning 80-90-yillarda bu tushuncha doirasiga yakkalanib qolish, nochorlik, zaiflik va xavfsizlik kafolatining yoʻqligi, qisqasi, farovon yashash imkoniyati hamda qobiliyatidan mahrumlik ham muhim oʻlchov mezonlariga qoʻshildi. Soʻng kambagʻallikka qoniqarli turmush tarzini taʼminlash uchun tanlov va imkoniyatning yoʻqligi sifatida qaralib, uzoq umr koʻrish, savodsizlik hamda iqtisodiy imkoniyatlarning cheklangani bosh mezonga aylandi.

Xoʻsh, “kam taʼminlangan” deya tasniflangan aholi qatlamiga berilayotgan nafaqalar ularni boy qilib yubormagan, tekin tarqatilgan tovuq va qoramollar samarasi ham amalda sezilmagan ekan, kambagʻallikka qarshi kurashishda qaysi yoʻldan borgan maʼqul?

Bu nozik mavzu boʻyicha S.Rahmonov jahonning eng ilgʻor tajribasiga tayanib, aniq va joʻyali takliflarni ilgari suradi hamda Oʻzbekiston eng maqbul tajribalarni oʻzlashtirayotganini taʼkidlaydi: “Bunday paytda ikki xil usuldan biri tanlanadi. Birinchisi, Xitoy, Vyetnam yoki Indoneziya kabi bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini joriy etib, yuqori iqtisodiy oʻsishga erishish yoʻli boʻlsa, ikkinchisi, davlatning faol aralashuvi bilan ijtimoiy tengsizlikka barham berish usulidir. Bunga Efiopiya, Pokiston, Gana, Peru, Hindiston tajribasi misol boʻla oladi”.

Inson qadri va erkinligiga bagʻishlangan yana bir maqolasida islohotlarning yangi bosqichida davlat xalqqa tobora yaqinlashgani, barcha boʻgʻindagi hokimlar, vazirlik va idoralar, prokuratura, sud-huquq va ichki ishlar organlari rahbarlari, deputat va senatorlar, qoʻyingchi, katta-kichik darajadagi mutasaddilar bevosita joylarga chiqib, odamlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni ichidan oʻrgana boshlagani, hisobdorligi oshganini aniq faktlarda qiyoslaydi: “Tan olmay iloj yoʻq, “propiska” atalmish taqiq tufayli mamlakat bosh kentining aholisi ikki toifaga ajralib qolgan edi. Propiskalilar va propiskasizlar. Toshkent shahrida doimiy yashash huquqiga egaligini tasdiqlaydigan oʻsha yumaloq muhrni pasportiga qoʻydirish alohida martaba edi. Bunga erishish uchun esa odamlar aylanma yoʻllarni izlab topish, tavakkal qilish, hatto ayrimlar propiskasi bor ayolga uylanishga ham rozi boʻlishdi...”.

Bu muammo azim poytaxtda qolgan “viloyatlik” juda koʻpchilikni qiynagani rost. Oʻzim ham Toshkentdan olgan uyimga oʻzimni roʻyxatga qoʻya olmaganim, notariusda boshqa ishonchli inson nomiga ming bir xijolatda rasmiylashtirganim, ishga kirish uchun esa poytaxtdan “propiska”ga oʻtish shartligi, buning uchun esa avval unga yondosh viloyatdan roʻyxatdan oʻtganim, faqat “Jahon” axborot agentligiga ishga oʻtgachgina, ne-ne mashaqqat ila Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov imzosi bilan Toshkent shahar hokimiga “bu kadr bizga kerak, ijozatingiz ila shuni olib qolsak, yaxshi boʻlar edi” qabilida rasmiy noma bitilgandan keyingina masala bir tomonga siljiganini eslasam, hanuz yuragim orqamga tortib ketadi.

Katta-katta vazirlik, idoralar, hukumat muassasalari respublika miqyosida hisoblansa-da, ularda ishga qabul qilish uchun Toshkent shahrida “propiskasi” boʻlish shartligi talabi nafaqat gʻayriqonuniy, balki milliy birdamlik-jipslikka raxna soladigan tor dunyoqarashning fojiaviy misoli edi. Toshkent shahrida “propiska”ga kirish boshqa tuzukroq bir davlatning fuqaroligini olish ham osonroq kechardi oʻshanda...

Oddiy gazeta muxbiri boʻlgan Saidxon bu kabi mashmasha-yu, sunʼiy toʻsiqlarning qancha-qanchasini oʻz boshidan oʻtkazib, yurakzada boʻlib yozganidan ham sezish mumkinki, u anchayin sipo-halim koʻrinsa-da, ijtimoiy muammolar qarshisida hech qachon jim turgan emas, ichki katta isyoni doim boʻlgan.

Albatta uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan koʻplab muammolarning barchasini ham Yangi Oʻzbekistonda birdan hal etib tashlash ham imkonsizligi rost. Ammo katta siyosiy iroda va ulkan saʼy-harakatlar koʻrsatilib, bunday allaqachon yetilgan-osilib qolgan masalalarni tizimli hal qilinayotgani xalqimizga anchayin manzur boʻlmoqda. Jaydari qilib aytganda, mamlakat sansalorlig-u ovoragarchiliklardan holi jamiyatga aylantirilmoqda.

Muallifning mavzular qamrovi keng. U yilqichilik va ot sportidagi bugungi oʻzgarishlar haqidagi maqolasini juda qiziqarli maʼlumot bilan boshlaydi: “Otning quloqlari orasidan behisht shamoli esib turarmish. Shundanmi, egarga mingan kishi dunyo tashvishlarini unutib, oʻzini ruhan tetik his etar, kasallik esa uning yaqiniga yoʻlamas ekan. Bu qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmadig-u, ammo ushbu jonivorning serxosiyatligi bor gap. Ota-bobolarimiz ot parvarishlangan xonadon fayz-barakali boʻlishini bot-bot uqtirishining boisi ham shunda”.

Albatta, betakror zaminimizda ot sporti azaldan oʻzining chuqur anʼanalari asosida rivojlangan, toʻy-tantanalarimiz “Koʻpkari”, “Olomon poyga”, “Agʻdarish” kabi milliy oʻyinlarsiz oʻtmagan. Ne-ne polvon-u chavandozlarimiz bu bahslarda saralangan. Aslida ot sporti eng qimmat sport turi hisoblanadi. “Bu soha serdaromad hamdir. Fransiyada ushbu sportdan olinadigan sof foyda yiliga oʻrtacha 13 milliard yevroni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Avstraliyada 11 milliard dollar, AQSHda esa 100 milliard dollarga teng!”

Sohada naslchilikni saqlash va rivojlantirish, sport va xizmat otlarini yetishtirish, ayniqsa, oʻzbek xalqi tarixi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan Qorabayir zotini koʻpaytirish nihoyatda zarurligi, buni kelgusida milliy iftixor timsoliga aylantirish muhimligi haqida kuyunib yozadi: “Qorabayir otlarining tana tuzilishi oʻta xushbichim va qotma boʻladi. Toʻshi keng, boʻyni qisqa esa-da, ancha yoʻgʻon, qarchigʻayi uncha baland emas. Rangi, asosan, qora, toʻriq, jiyron, koʻk, malla, chavkar, shuningdek, saman tusda boʻladi. Ot tabiatan hurkak jonivor hisoblanadi. Ammo bu – Qorabayirga yot xislat. U dovyurakligi, jangovarligi bilan chavandozlar ishonchini, ishqibozlar mehrini qozonib kelmoqda. Yurtimizda bu zotning “Olovxon”, “Oʻzbekiston” kabi tiplari yaratilgan. Bu boradagi izlanishlar yakuniga yetkazilmagani achinarlidir”.

Pomidorning dorisi koʻpmi, zori koʻpmi?” maqolasida esa soʻnggi yillarda ushbu mahsulotni yetishtirish dehqonlar uchun tobora azobga aylanib borayotgani, respublikamizning deyarli barcha hududida mazkur sabzavot turining barori yoʻqligi, katta mablagʻ evaziga xarid qilinayotgan kimyoviy dorilarning samarasi pastligi, koʻchatlarga hosil bermasidanoq kuya tushayotgani, bu muammolarning yechimi uchun nima qilmoq kerak, masalaning oʻq ildizi qayerga borib taqaladi, degan savollarni oʻrtaga qoʻyadi va yechimlarini koʻrsatadi: Dehqonlar bilan suhbatlashsangiz, figʻoni falakka oʻrlaydi. Ularning yozgʻirishicha, pomidor issiqxona ekiniga aylanib qolmoqda. Issiqxona xoʻjaligini yuritayotgan tadbirkorlarning fikri esa bundan boshqacharoq.

Agar pomidor oʻrtacha uch oyda pishib yetilsa, bu davr ichida olti marta nihollarning ildiz tizimi kasalliklariga qarshi ishlov beriladi. Haftasiga bir marta shira, oqpashshaga qarshi dorilanadi. Bundan tashqari, ikki haftada bir marta, dehqonlar tili bilan aytganda, “rassom” hasharotiga, har 10 kunda virusli kasalliklarga qarshi dori sepiladi. Dorilarning deyarli hammasi chetdan keltirilgani uchun juda qimmat. Bular mayliku-ya, keyingi paytda pomidor kuyasi degan ofat paydo boʻlganki, unga yopiq sharoitda ham bas kelish qiyin boʻlyapti. Endi ochiq daladagi ekin taqdirini oʻzingiz tasavvur qilib koʻravering”.

S.Rahmonov paxta yakkahokimligiga va majburiy mehnatga uzil-kesil barham berish, bank-moliya tizimida ogʻriqli muammoga aylangan plastik kartochkalar va pulni naqdlashtirish bilan bogʻliq muammolarga samarali yechim topilgani, ishbilarmon ayollar erishayotgan katta natijalar, zamonaviy shaharsozlik sohasidagi yutuqlar, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan “Toshkent siti” qurilishi haqida ham soʻz yuritadi. Anorchilik, gilamchilik, asalarichilik, pillachilik, ipakchilik, echkichilik, chorvachilik, kanopchilik, polizchilik, uzumchilik, baliqchilik kabi koʻplab tarmoqlaridagi yangiliklarni, islohotlar va natijalarni mutaxassis sifatida tadqiq qiladi.

Jurnalistikada “Sarlavha yarim yutuq”, degan fikr bor. Saidxon ularni topishda juda kreativ yondashadi: “Oʻzbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga chiqadi”, “Neʼmatidan xizmati qimmat”, “Unutilgan eskilikning biz bilmagan yangiliklari”, “Pomidorning dorisi koʻpmi, zori koʻpmi?”, “Achchiq ekinning shirin hosili”, “Kuyaning uyi kuysin”, “Bozorga tushganlarning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib qaytayotgani rost...mi?”, “Saryogʻdek kesilgan togʻlar maskani”, “Sara urugʻ – hosil boʻliq” kabi eʼtiborli sarlavhalar, maqolalar ichida koʻplab maqollarning qoʻllanilishi oʻquvchi ishtiyoqini qitiqlaydi.

U aytganidek, “dehqonni yuragiga hadik emas, balki mehnatiga yarasha daromad olishiga ishonchini uygʻotsakkina, faqat bozor mexanizmlarini joriy etsakkina” qishloq xoʻjaligida kutilgan natijaga erishish mumkin.

Bundan tashqari, toʻplamdan muallifning Hindiston, Qozogʻiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya davlatlariga amalga oshirgan safarlari haqidagi juda qiziqarli maqolalari ham joy olgan.

S.Rahmonov dala bilan tillashgan, yurt kezgan, jahongashta qalamkash. Men uni jurnalistikamiz boʻstonidagi mehnatkash asalariga oʻxshataman. Jurnalist har bir maqolasida sohaning yetakchi olimlari, sohada suyagi qotgan mutasaddilar bilan suhbatlashadi, soʻngra tahlil doirasini kengaytirib, kichik bir daladan, katta hududga, soʻng mamlakat va global miqyosiga oʻtib ketish mahoratiga ega. Sohaga oid dunyoning eng ilgʻor amaliyotini raqamlar orqali ochadi, ilmiy asoslaydi, Oʻzbekiston hayotiga eng yaxshilarini tatbiq etishning foydali tomonlarini ravon va tushunarli tilda bayon etadi. Bu soʻnggi yillarda tobora joʻnlashib-siyqalashib ketayotgan jurnalistikamizning yoʻqolib borayotgan fazilatlardan biri hisoblanadi.

Ushbu qimmatli kitob qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari, ixtisoslashgan mutaxassislar, umuman qoʻliga qalam olib, ijod qilayotgan har bir jurnalist, ayniqsa, oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar uchun foydali nashr boʻlgan.

Laziz RAHMATOV,

Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi,

siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер