Italiyaning ilk mundial gʻalabasi qanday boʻlgandi?

18:54 04 Dekabr 2025 Sport
107 0

Yaqinda saytimiz kuzatuvchilari eʼtiboriga 1930-yilda futbol boʻyicha boʻlib oʻtgan ilk jahon chempionati tafsilotini eʼlon qilgandik. Bugun esa 1934-yilda Italiya maydonlarida kechgan ikkinchi mundial haqida soʻz yuritamiz.

Dastlabki jahon chempionatidan soʻng unda ishtirok etish istagidagi jamoalar soni keskin koʻpaydi. FIFA esa ishtirokchilar sonini 16 ta terma jamoa bilan chegaralab qoʻydi. Mundialga Italiya mezbonlik qiladigan boʻldi. Qizigʻi, shu roʻyxatdan maydon egalariga joy topilmadi. Ular ham saralash bosqichdan oʻtishdi. Toʻgʻri, bu Italiya terma jamoasiga u qadar qiyinchilik tugʻdirmadi. Gretsiya bilan kechgan oʻyinda italyanlar 4:0 hisobida gʻalaba qozonishdi. Raqibga tan bergan bolqonliklar javob uchrashuvidan voz kechishdi.

Oʻz uyida oʻtadigan jahon chempionatida gʻolib chiqish uchun mezbonlar kichik ayyorliklarga ham qoʻl urdi. Tarkibga kelib chiqishi italyan boʻlgan Lotin Amerikasi futbolchilarini jalb qildi. Ular orasida hatto Argentina terma komandasi safida vitse chempion boʻlgan Attilio Dimariya va Luis Monte ham bor edi. Shu tufayli “Skuadru adzurra” nomi bilan tanilgan Italiya terma jamoasi tanqid ostiga olindi.

Chorak finalning Italiya va Ispaniya oʻrtasida kechgan bahsi oʻta keskin boʻldi. Koʻplab futbolchilar jarohat oldi. Oʻyinda durang qayd etildi. Hatto qoʻshimcha vaqtda ham gʻolib nomi aniqlanmadi. Ertasiga oʻyin davom ettirildi. Pirovardida maydon egalariga omad kulib boqdi. Italyanlar bir kun oʻtiboq yana maydonga tushdilar. Avstriya terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda yagona gol oʻyin taqdirini mezbonlar foydasiga hal qildi.

Finalda ularga kutilmaganda turnir kashfiyotiga aylangan Chexoslovakiya terma komandasi roʻbaroʻ keldi. Bu jamoa garchi, oʻta kuchli sanalmasa-da guruh bosqichida va undan keyin mardona oʻyin namoyish etdi. Yarim finalda chex hujumchisi Oldrjix Neyedli Germaniya terma jamoasi darvozasiga uchta gol kiritganining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi. Hal qiluvchi bahsda bu terma jamoa italyanlarga ham munosib qarshilik koʻrsatdi. Muxlislarni hayron qoldirib, hisobni ochishga muvaffaq boʻldi. Ammo maydon egalari javob toʻpini yoʻllash epini qildi. Qoʻshimcha boʻlimda esa yana bir bor raqib darvozasini ishgʻol qilgan Italiya terma jamoasi jahon chempionligini tantana qildi. Bu yutuqda Juzeppe Meassaning hissasi katta boʻldi. “Inter” hujumchisi sanalgan Juzeppe garchand jussasi u qadar yirik boʻlmasa-da, oʻz davrining tezkor oʻyinchisi sanalardi. Texnikasi ham yuqori edi. Mundial gʻolibligidan soʻng u nihoyatda mashhur boʻlib ketdi. Futbolchilar orasida birinchilardan boʻlib reklama bilan shugʻullanishga kirishdi. Oradan bir necha yil oʻtib, “Inter” va “Milan” oʻynaydigan “San – Siro” stadioni uning nomi bilan atala boshlandi.

Juzeppe Meassa mundial qahramoniga, Benito Mussolini esa antiqahramoniga aylandi. Guvohlarning shohidlik berishicha, Gitlerning hamtovogʻi sanalgan Mussolini italyan futbolchilaridan har qanday yoʻl bilan boʻlsa-da, gʻalaba qozonishni talab qilgan. Shu boisdan ham jamoa oʻyin uslubi keskin edi. Raqib oʻyinchilariga shafqat qilinmasdi. Avvalroq Argentina terma jamoasini boshqarib, mundialda Italiya terma komandasiga ustozlik qilgan Luis Monti ham ikki oʻt orasida qolgandi. Ajablanarlisi, 1930-yilgi jahon chempionati finalida unga “Agar gʻalaba qozonsang joningdan umidingni uz” deya tahdid qilishgandi, endi esa magʻlubiyatga uchralgan taqdirda undan alamlarini olishlari mumkin edi.

Mazkur mundialda Argentina, AQSH, Braziliya terma jamoalari boʻsh qatnashdi. Amaldagi jahon chempioni sanalgan Urugvay esa kutilmaganda mundialga borish taklifini rad etdi. Bunga u oʻzi mezbonlik qilgan 1930-yilgi mundialga Yevropaning bir qator terma jamoalari kelmaganini sabab qilib koʻrsatdi. Vaqtli matbuot esa urugvayliklar magʻlubiyatga uchrashdan choʻchib, Italiyaga kelmadi, deb yozdi.

Dastlabki mundialda kuzatilgani kabi bu galgisi ham qiziqarli, shuningdek, saboq chiqarishga arziydigan holatlardan xoli boʻlmadi. U ilk bor radio orqali translyatsiya qilindi. U sport musobaqalari siyosatdan ayri boʻlmogʻi kerakligini koʻrsatdi. Italiya terma jamoasini shohsupaga olib kelgan bosh murabbiy Vittorio Posso nafaqat trener, balki jurnalist ham boʻlgan. Posso Birinchi jahon urushi qatnashchisi ham sanaladi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?