Istiqlol — yuksak marralar, buyuk maqsadlar sari ilhomlantiruvchi kuch

11:07 27 Avgust 2025 Siyosat
138 0

Tanzila NORBOYEVA, Oliy Majlis Senati Raisi

Barchamiz eng ulugʻ, eng aziz bayramimizni har yilgidan-da koʻtarinki ruhda nishonlash tadorigidamiz. El-yurtimiz uchun qadr-qimmati cheksiz, ahamiyati ulugʻ, bebaho neʼmat boʻlgan mustaqillik tantanalarini mehnat yutuqlari, oʻziga xos tuhfalar, ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik bilan nishonlash ezgu anʼanaga aylangan. Beadad shukrki, mustaqilligimizning 34-yilligi ham koʻpdan-koʻp xushxabarlar, yangiliklar, beqiyos oʻzgarishlar bilan kutib olinmoqda. Yangi Oʻzbekistonning bugungi jadal taraqqiyoti, jahon maydonidagi tobora ortib borayotgan obroʻ-eʼtibori yanada yuksak pardalarda tarannum etilmoqda.

Shiddatli islohotlarning yangi toʻlqini

Insonning ertangi kunga boʻlgan ishonchi, quvonchu shirin tashvishlari, intilishlari zamirida aslida Vatanga boʻlgan muhabbat yotadi. Duolarimizning har birida bejizga “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin”, deb aytmaymiz-da. Chunki Vatan — bu ota yurt, ajdodlar merosi, ota-onang izlari qolgan koʻchalar, ilk bahorni tanigan, varrak uchirgan kengliklaring...

Vatan — bu milliylik, oʻzlik, maʼnaviyat va xotiralarning jamlamasidir. Shu sababli ham har bir inson uchun ona Vatanning erkinligi va obodligi eng oliy qadriyatdir.

Mustaqillik, avvalo, xalqimizni ana shu baxtga muyassar etdi. U bizga oʻzimiz xohlagandek adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish, oʻz milliy davlatchiligimizni rivojlantirishga imkoniyat yaratdi.

Yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlugʻ sananing 34-yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz. Bayram arafasida bosib oʻtgan yoʻlimiz, amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilib, bugungi yutuq va marralarni koʻz oʻngimizdan oʻtkazishimiz tabiiy.

“Yangi Oʻzbekiston” iborasini eshitganda, eng avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash, yangicha iqtisodiy diplomatiya, yangi yutuqlar koʻz oldimizda gavdalanadi. Keyingi bir necha yilda mamlakatda qancha oʻzgarish, yangilanish boʻlgani haqida soatlab, hatto kunlab gapirish mumkin.

Uzoqqa bormaylik, bundan 7-8-yil oldingi holatni koʻz oldingizga keltiring: odamlarimizni xorijiy valyutalarni sotib olish, investitsion muhitning yaxshi emasligi, fuqarolikka ega boʻlish, kishi oʻzi xohlagan hududdan uy-joy va mol-mulk sotib olish huquqi hamda poytaxtga roʻyxatga qoʻyish bilan bogʻliq qator muammolar yillar davomida qiynab kelgani rost.

Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar tufayli bugun fuqarolarning bu boradagi muammolariga barham berildi, tashvishlari aridi.

Yaqin oʻtmishgacha mamlakatimiz iqtisodiyoti, asosan, xomashyo savdosiga bogʻlanib qolgan edi. Bugun esa yuqori texnologiyali sanoat, zamonaviy agrar tarmoq, xizmat koʻrsatish kabi sohalar iqtisodiyotning asosiy drayverlariga aylandi, axborot texnologiyalari sohasi jadallik bilan rivojlanmoqda.

Birgina misol: soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi bilan paxta yakkahokimligiga butunlay barham berildi, paxtachilik tarmogʻi tubdan qayta tashkil etildi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga klaster tizimi joriy qilingani qisqa muddatda bu sohada ijobiy natijalarga erishish imkonini berdi. Daladan boshlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq jarayon uzluksiz tizim asosida yoʻlga qoʻyildi.

Toʻqimachilik sanoati deyarli noldan qayta shakllantirildi. Bugun 6 mingdan ziyod mana shunday ishlab chiqarish korxonalarida 570 mingdan ortiq odamlar ish bilan band. Ishlab chiqarish hajmi esa bundan sakkiz yil oldingiga nisbatan 4,2 baravar ortib, 8,2 mlrd. dollarga yetdi (esingizdami, bundan oʻn yil ilgari biz paxta xomashyosini sotishdan jami boʻlib bir milliardga yetar-yetmas daromad qilar edik). Eksport 3,1 mlrd. dollarni tashkil etdi. Eng muhimi, bu oʻzgarishlar minglab odamlarni ish bilan muqim taʼminlash imkonini berdi. Oʻzbekiston esa tayyor mahsulot sotuvchi sanoat mamlakatiga aylandi.

Biz birgina sohadagi yangilanishlarni iqtisodiy manfaatdorlik nuqtayi nazaridan tahlil qildik, xolos. Buning ijtimoiy ahamiyati ham kam emas. Shu oʻrinda majburiy mehnatga qarshi faol kurash olib borilgani, natijada oʻqituvchilar, shifokorlar va talabalar turli dala ishlariga safarbar qilinishiga butkul chek qoʻyilganini aytib oʻtish zarur.

Bunday tub oʻzgarishlarni bugun barcha sohalar misolida keltirish mumkin. Albatta, bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan Oʻzbekistonni ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan chinakam mustaqil, kuchli hamda tenglar ichra teng buyuk davlatga aylantirishdek ulugʻvor maqsad yoʻlida tashlanayotgan salmoqli odimlardir.

2016-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi jihatidan dunyodagi 195 davlat orasida 71-oʻrinni egallagan. 2024-yil yakunlariga koʻra, YAIM 115 mlrd. dollarga yetdi va Oʻzbekiston global roʻyxatda 62-oʻrinni egalladi. Bu sakkiz yilda iqtisodiyot real hajmi 1,6 barobar oʻsganini koʻrsatmoqda.

Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti gʻoyat murakkab davrni boshidan oʻtkazayotgan bir vaqtda, pragmatik va proaktiv siyosat tufayli bu yil birinchi yarim yillikda iqtisodiyotimiz 7,2 foiz oʻsdi.

Xususiy mulkka munosabatning tubdan oʻzgargani, unga keng yoʻl ochilgani iqtisodiy islohotlar natijadorligini taʼminlashda eng asosiy omil boʻlayotgani ham ayni haqiqat. Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtibor natijasida soʻnggi besh yilda kichik va oʻrta tadbirkorlar soni ikki baravarga koʻpaydi. Iqtisodiyot hajmining yarmidan koʻpi, sanoat mahsuloti va eksportning uchdan bir qismi kichik va oʻrta biznes subyektlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning birinchi yarim yilligida aholining umumiy daromadidagi tadbirkorlik ulushi 57 foizni tashkil etgan. Albatta, bu raqamlar tadbirkorlik rivoji nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizga ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatishini yaqqol isbotlab turibdi.

Yaqinda Prezidentimiz, anʼanaga koʻra, tadbirkorlar bilan beshinchi marta uchrashdi. Anjumanda biznesni “soya”dan chiqarishni ragʻbatlantirish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga har tomonlama koʻmaklashish, xususan, ijobiy natijalarga erishayotgan tadbirkorlik subyekt­lariga soliq hamda bojxona imtiyozlari kabi koʻplab yangiliklar eʼlon qilindi. Bir soʻz bilan aytganda, davlat va biznes oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilib kelayotgan muloqotlarning bu galgisi ham ishbilarmonlarga marrani yanada baland olishlari uchun yangicha kuch bagʻishladi.

Xalqimiz manfaati uchun aytilgan har bir gap tez fursatda amalga koʻchdi, davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga oʻsha kuniyoq imzo chekdi. Unda yaqin ikki yilda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlar, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda qulayliklar yaratish va turizmni rivojlantirish, soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish kabi yoʻnalishlarda muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Shu oʻrinda Farmonda nazarda tutilgan yangi qonunchilik hujjatlari loyihalarining sifatli ishlab chiqilishida parlament, xususan, Senat ham faol ish olib bormoqda.

Xalq bilan muloqot — faoliyatimizning asosiy mezoni

“Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak — odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi”.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yilning 14-dekabrida Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida shu soʻzlarni aytganida barchamizning koʻnglimiz ravshan tortgan edi. Haqiqatan ham, davlat rahbari ishni xalq koʻngliga yoʻl topishdan boshladi. Aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, dardini eshitdi. Odamlarni qiynayotgan muammolarni uyma-uy, xonadonma-xonadon kirib aniqlash tizimini yoʻlga qoʻydi.

Uzoqni koʻzlab belgilangan maqsad va vazifalarning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional asoslari yaratildi. Xalqning ogʻirini yengil qilish, odamlarni oʻylantirayotgan, tashvishga solayotgan masalalarni vaqtida samarali yechish, hayot darajasi va sifatini yaxshilash islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

Ha, bugun barcha darajadagi rahbarlar, jumladan, deputat va senatorlar bejiz quyi boʻgʻinga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etishga urinishmayapti.

Bundan tashqari, 2017-yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb eʼlon qilindi. Uning dasturiga xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qiladi, degan tamoyil asos qilib olindi.

Ochigʻi, uzoq yillar davomida xalq bilan rahbarlar oʻrtasidagi muloqotlar sustlashib, qogʻoz toʻldirish, jadvallar yasash bilangina shugʻullanadigan mutasaddilar koʻp edi. Fuqarolar turli tashkilotlar oʻrtasida yillab sarson boʻlardi, idoralar eshigi yonida oylab vaqt oʻtkazardi. Oqibatda davlat organlari bilan xalq oʻrtasidagi masofa anchagina uzoqlashib qolgandi. Shuning uchun bepisandlik holatlariga mutlaqo chek qoʻyildi.

Mamlakatimiz rahbari islohotlarni inson huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishdan, xalq bilan davlat oʻrtasiga ishonch koʻprigini oʻrnatishdan boshladi. Bugun ana shunday keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish uchun rahbarlar kabinetlaridan chiqib, bevosita pastga, mahalla darajasiga tushib ishlamoqda. Eng muhimi, har bir xodim mehnatkash xalq, oddiy odamlarga yaqinlashib, ularning koʻnglidagi gaplarini oʻzidan eshitmoqda.

Ayniqsa, bu oʻrinda xalqdan ishonch olgan, uning vakili boʻlgan deputat va senatorlardagi masʼuliyatning yuki boshqalarga nisbatan zalvarliroq boʻlishi zarur. Shunday ekan, elimiz bergan bu rutbani siylov deb emas, katta masʼuliyat bilib, bizni saylagan yurtdoshlarimiz ishonchini, hurmatini qozona olishimiz kerak.

Yangi Oʻzbekistonda boshlangan keng koʻlamli islohotlar parlament yuqori palatasida ham oʻzgarishlar davrini boshlab berdi. Milliy parlament eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalarga doir qarorlar qabul qilish hamda ularning ijrosini toʻlaqonli taʼminlash jarayonlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Shu maʼnoda, Senat asosiy eʼtiborni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini monitoring qilish, bevosita muloqotlar chogʻida aholi tomonidan aytilayotgan muammolarni hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sohani, xotin-qizlar, yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashga qaratib, bu borada tegishli ijro organlari bilan hamkorlikda ish olib borayotganini aytib oʻtish mumkin.

Bu jarayonda mutasaddi vazirlik, idoralar, mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga baho berish nuqtayi nazaridan emas, balki ular bilan birgalikda mavjud masalalarga samarali yechim topishga birlamchi eʼtibor qaratmoqdamiz.

Biz soʻnggi yillarda parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish borasidagi ish uslubimizni tubdan oʻzgartirdik. Ijro hokimiyati vakillari bilan birgalikda mavjud muammoli masalalarni kompleks yondashuv asosida joyida hal etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilab, pirovardida ularning bajarilishiga erishmoqdamiz.

Senat aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Senat devoni xodimlaridan iborat ishchi guruhlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlar hamda Prezidentimiz tashrifi davomida berilgan vazifalar ijrosini oʻrganib bormoqda. Oʻrganishlar natijalari Senat Kengashining hududlarda oʻtkazilayotgan sayyor majlislarida masʼul vazirlik va idoralar vakillari, viloyat, tuman rahbarlari ishtirokida bafurja muhokama qilinib, ularning har biri uchun alohida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilmoqda hamda ijrosi monitoring qilib borilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan hududlarni rivojlantirish borasidagi dasturlar ijrosini nazorat qilish, aholi muammolarini dadil koʻtarib chiqish hamda ularning hal etilishida mahalliy Kengashlar taʼsirchanligini oshirish vazifasi oldimizga qoʻyilgan edi. Birgalikda olib borayotgan faoliyatimiz davomida mahalliy Kengashlar mustaqil ravishda tegishli masalalarni oʻrganish, ularni Kengash majlislariga olib chiqish va hal etish boʻyicha amaliy choralar belgilash borasida ancha tajriba orttirdi.

Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat

Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishiga aylandi. “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyil Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. “Ijtimoiy davlat” tushunchasi “Inson qadri” tushunchasi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, uning tub negizida insonni ulugʻlash, xalqqa xizmat qilishdek oliyjanob maqsadlar yotadi.

Oʻtgan qisqa davrda ijtimoiy siyosat yoʻnalishida qabul qilingan qonunlar soni ikki barobar koʻpaydi. Bu borada 1992 — 2016-yillarda 24 ta qonun qabul qilingan boʻlsa, 2017 — 2024-yillarda bu koʻrsatkich 44 tani tashkil etdi. Davlat byudjetidan taʼlim va tibbiyot sohaciga ajratilgan mablagʻlar sezilarli darajada koʻpaydi. Aytaylik, 2016-yilda maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foiz boʻlgan. 2025-yilga kelib, bu raqam 76 foizga yetdi. Oliy taʼlimga qamrov 9 foizdan 42 foizga yetdi.

Tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqildi. 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga koʻmak berilmoqda. Ajratilayotgan mablagʻ esa 7 barobar koʻpaytirilib, yiliga 11 trln. soʻmga yetdi.

Kam daromadli oilalar farzandlarini parvarish qilish boʻyicha nafaqalar qamrovi kengaytirildi, nafaqa tayinlashda hisobga olingan bolalarning yoshi 14 dan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori oʻrtacha 1,5 barobar koʻpaydi. 2022-yildan boshlab oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda oila kam taʼminlangan, deb eʼtirof etilishi belgilab qoʻyildi. Ularni aniqlash va manzilli yordam koʻrsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy qilindi, kam taʼminlangan nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi uch yilda toʻrt barobar oshib, 1,9 millionga yetdi.

Aynan Konstitutsiyamizga tayangan holda Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi boʻlgan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan 100 ta maqsad doirasida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar boshlandi.

Ayniqsa, soʻnggi sakkiz yilda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasidagi keng koʻlamli islohotlar samarasida ijtimoiy-siyosiy manzara tubdan oʻzgardi.

Raqamlar kesimida yana bir muhim maʼlumotni keltirish oʻrinli, nazarimizda. Yurtimizda 2019 — 2024-yillarda 180 mingga yaqin oilalar arzon uy-joy bilan taʼminlandi. Aholi uchun yoʻnaltirilgan ipoteka krediti miqdori 4 barobar oshirildi. Kam taʼminlangan oilalar uchun kommunal subsidiyalar, ijtimoiy ipoteka mexanizmlari joriy etildi. Bular, albatta, qisqa vaqt ichida erishilgan qator yutuqlarning kichik misoli, xolos.

Kambagʻallikka qarshi katta islohotlar

Hayot bor ekan, yangilanishga ehtiyoj sezilaveradi. Yildan-yilga koʻproq eʼtibor qaratilayotgan yoʻnalishlardan biri, shubhasiz, ijtimoiy sohadagi islohotlardir.

Mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi salmoqli oʻzgarishlar haqida soʻz yuritganda, kambagʻallik darajasini qisqartirish chora-tadbirlari haqida toʻxtalib oʻtish joiz, albatta.

“Mening eng katta niyatim — mamlakatimizda kambagʻallik va ishsizlikka butunlay barham berishdir, — deb yozadi Prezidentimiz “Hozirgi zamon va yangi Oʻzbekiston” kitobida. — Shunday kunlar kelishiga ishonchim komil va buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimni, borligʻimni bagʻishlashga tayyorman”.

Shu asosida keyingi yillarda yurtimizda bu masalaga yondashuv tubdan oʻzgargani, yangi tizim yaratilgani va u doimiy takomillashib borayotgani real raqamlarda koʻrinib turibdi.

2021-yilda aholining 17 foizi kambagʻallik chizigʻidan pastda yashagan boʻlsa, 2023-yilga kelib bu koʻrsatkich 11 foizgacha pasaygan. 2024-yilda kambagʻallik darajasi 8,9 foizga tushib, 719 ming kishi kambagʻallikdan chiqarilgan. 2025-yil yakuni bilan kambagʻallikni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilindi. Xususan, joriy yilda 5 mln. 200 ming kishini ish bilan taʼminlash, 1,5 mln. fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish, 42 mlrd. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etish va eksport qiymatini 30 mlrd. dollardan yuqoriga olib chiqish rejalashtirilgan.

Umumiy qiymati qariyb 14 mlrd. dollarlik 8000 ta loyiha amalga oshirilib, 272 mingta doimiy ish oʻrni ochish moʻljallangan. Rejaga kiritilgan ushbu maqsadlar boʻyicha hozir jadal harakatlar ketmoqda.

Kambagʻallikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etildi. “Temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, mahallabay va xonadonbay ishlash usullari orqali yordam va koʻmakka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari oʻz joyida aniq oʻrganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda. Aytish kerakki, bu strategik natija boʻladi, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishda davom etishiga ishonch mustahkamlanadi.

Keksalar, nogironligi borlar, ogʻir ahvolga tushib qolgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat koʻrsatish kabi ezgu anʼanalar amaliy harakatlar bilan boyidi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” kabi dasturlar natijasida ming-minglab odamlarimizning ruhi koʻtarildi, hayotga ishonchi ortdi. Bir soʻz bilan aytganda, kambagʻallikni qisqartirishga yoʻnaltirilgan dasturlar tufayli millionlab oilalar hayotida ijobiy oʻzgarishlar yuz beryapti.

Oson boʻlmagan, qatʼiy qoʻyilgan vazifalar nafaqat shu kunlarga, xalqimiz kelajagiga qaratilganini yaxshiroq tushunish uchun murakkab vaziyatdan chiqib ketayotgan oiladagi muhitni, kayfiyatni yaqindan bilish yetarli boʻladi. Yillar mobaynida tayinli bir ishning boshini tutib, roʻzgʻoriga yaxshi yegulik olib kela olmagan otaning oʻz ishini yoʻlga qoʻyayotgani, daromad koʻrayotgani, ayoli, farzandlaridan ortib, qoʻni-qoʻshnilarga qoʻshilib, mahallada koʻrinish berayotganida qancha fikr, qancha xulosa, qancha ibrat va shukronalik bor?!

Yangi Oʻzbekiston dunyoga yuz tutmoqda

Ochiq va pragmatik, tashabbuskor tashqi siyosat Oʻzbekistonning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylangani xorijiy davlatlar rahbarlari hamda xalqaro ekspertlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining oliy darajadagi tashriflariga eʼtibor qaratsak, koʻplab muhim jihatlar koʻzga yaqqol tashlanadi. Keling, xalqaro maydondagi aloqalarimiz geografiyasiga bir nazar tashlaylik: hozir tashqi siyosatimiz doirasi nafaqat Markaziy Osiyo, MDH yoki Osiyoning yetakchi mamlakatlari, balki Yaqin va Oʻrta Sharq, Yevropa yoʻnalishlarini ham qamrab olmoqda. Bu tashqi iqtisodiyotni sezilarli darajada diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Barcha qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlar tizimi shakllangani, barcha sohalar kesimida har bir qoʻshni mamlakat bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini aytmaysizmi?! Qozogʻis­ton, Tojikiston va Ozarbayjon bilan ittifoqchilik munosabati oʻrnatildi. Bu saʼy-harakatlar, albatta, mintaqada barqaror rivojlanayotgan makon yaratish sari tashlangan muhim va dadil qadamdir.

Bugun Yangi Oʻzbekistonning dunyoga ochiqligi, shaffofligi, pragmatik va konstruktiv ruhdagi siyosati oʻziga xos ijobiy jihatlari bilan namoyon boʻlmoqda. Xalqaro siyosiy ekspertlar fikricha, mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga integratsiyaning yangicha ruhini koʻrsata oldi. Buning zamirida qadriyati, mentaliteti va dini yagona, tili bir-biriga yaqin davlatlarning integratsiya sari umumiy intilishi yotibdi.

Davlatimiz rahbari 2024-yil tashqi siyosatda juda qizgʻin, serqirra faoliyat olib bordi. Xususan, xorijiy davlatlarga amalga oshirilgan tashriflari soni 17 tani tashkil etib, 260 dan ortiq ikki va koʻp tomonlama xalqaro hujjatlar imzolandi. Yurtimizda xorijiy davlatlar rahbarlari va delegatsiyalari bilan 100 ga yaqin oʻtkazilgan uchrashuvlar jahonga yuz tutayotgan mamlakatimizning mavqei, dunyo hamjamiyatining tobora qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirishda, xususan, Senatning roli ham ortib bormoqda. Bu ayniqsa, davlatlararo yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan parlament nazorati oʻrnatilgani, ularning amalga oshirilishi qonunchilik nuqtayi nazaridan taʼminlanayotgani, shuningdek, hududlararo hamkorlikning samarali yoʻlga qoʻyilganida koʻzga tashlanmoqda.

Soʻnggi yillarda milliy parlamentimiz Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari forumi kabi xalqaro tuzilmalar ishida faol qatnashib, dolzarb mintaqaviy hamda global miqyosdagi masalalarga doir taklif va tashabbuslarni dadil ilgari surib kelmoqda.

Mana, shu yil aprel oyida Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi Toshkentda oʻtkazilganining oʻzi ham yurtimizda amalga oshirilayotgan va natija berayotgan keng koʻlamli islohotlar, demokratik yangilanishlarning xalqaro miqyosdagi ulkan eʼtirofi ekanini taʼkidlashni istardim. Bu parlamentimiz jahon parlamentarizmi darajasida oʻz ovozi va munosib oʻrniga egaligini, Oʻzbekistonning global dunyoda siyosiy vazni va mavqei tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ha, bu yilgi mustaqillik bayrami ana shunday baland marralar, katta natijalar va buyuk maqsadlar tantanasi sifatida ham keng nishonlanmoqda. Ularning taʼrif va tavsifini bir maqolaga sigʻdirish mushkul. Eng muhimi, buni har birimiz hayotimiz, turmushimiz misolida koʻryapmiz. Biz ana shunday ulkan imkoniyatlarga toʻla, qadrimiz baland, qaddimiz tik davrda yashayapmiz. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga kirishilgan tarixiy yangilanish jarayonlarining har bir yili katta yutuqlar, beqiyos oʻzgarishlar bilan boshlanayotgani har birimizning koʻnglimizni togʻdek koʻtaradi, albatta.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер