Issiqxonada yiliga toʻrt marotaba hosil olayotgan mirishkor

15:44 24 Yanvar 2025 Jamiyat
151 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quva tumanining “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qilayotgan Abdunabi Xoʻjamov bir kam 70 yoshda. Shunga qaramasdan hamon navqiron yigitlardek gʻayrat-shijoatli bu hamyurtimiz tomorqa ishlari, ketmon chopishda ancha-muncha yoshlarni ortda qoldiradi.

— Xonadonimizda 6 sotix issiqxonamiz bor, — deydi Abdunabi ota. — Qish chillasi chiqqach, baʼzan ob-havoga qarab, 1-10-fevral kunlari orasida dastlabki hosil sifatida karam ekilib, ikkinchi hosilga urugʻ tashlanadi, koʻchat qilib peshma-pesh oʻstiriladi. Shu tariqa navbati bilan alohida joyda tayyorlab olingan “Belka F1” navli koreys karami ekiladi. Bu karam har ikki oyda pishib yetiladi va yil davomida karamdan toʻrt marotaba hosil olamiz.

Har bir hosildan oʻrtacha 25 million soʻm daromad boʻladi, daromadimizning yillik salmogʻi 100 million soʻmdan oshadi. Mahsulot asosan ichki bozorga yetkazib beriladi.

Ayni paytda bozorlarimizda mahalliy sharoitda koʻp ekiladigan oddiy karamning bir kilogrammi oʻrtacha 4-5, koreys karami esa 8-10 ming soʻmdan sotilmoqda. Belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, ob-havo injiqliklari, quyoshning meʼyoridan ortiq issigʻidan asrash orqali bir tup karamdan besh kilogrammgacha hosil olish mumkin.

Aytish joiz, kimyoviy va biologik ishlov berish uchun yurtimizda kerakli dori vositalari mavjud. Faqat koreys karami shiraga tez chalingani bois parvarishlash jarayonida hushyor boʻlish talab etiladi. Shu bilan birga, ushbu karam navi kam suvlikni yoqtirmaydi. Shuni inobatga olib, mazkur ekin suvga qulay joyda ekilsa va parvarishlansa kutilgan hosilni beradi.

Hozirda mirishkor tomorqachi faoliyatini kengaytirish maqsadida uyiga yaqin hududdan 50 sotix qoʻshimcha yer olish harakatida. Shuningdek, karamni qish mavsumi uchun saqlash maqsadida moʻjazgina muzlatgichli omborxona qurishni ham rejalashtirmoqda. Ayni paytda oila aʼzolari karamni qishga oʻz xonadonida – qoʻlbola usulda saqlashadi. Havo harorati kutilganidan sovib ketsa, uyda saqlanayotgan karam mahsulotini arzon narxda sotib yuborishlariga toʻgʻri keladi.

“Doʻstlik” MFY raisi Rahmatjon Moʻminovning qayd etishicha, mahalladagi 570 ta oilada 2 ming 145 nafar aholi istiqomat qiladi. Oilalar tasarrufida dehqonchilik qilish uchun 25 gektar tomorqa yeri mavjud. Gulchilik, limon va mandarin kabi sitrus mevalar yetishtirish borasida mahalla ahli katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Xususan, mirishkor tomorqachi Abdunabi Xoʻjamovning koreys karami parvarishlash borasidagi ibratli tajribasi eʼtiborga loyiq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер