Isroil prezidentning tayanch nuqtasi boʻlgan hududga zarba berdi

04:00 18 Oktyabr 2024 Siyosat
362 0

Isroil Suriyaning Oʻrta yer dengizidagi port shahri Latakiyaga uyushtirgan zarbasi oqibatida kamida ikki fuqaro jarohatlandi va yongʻin kelib chiqqan. Bu haqda Suriya davlat axborot agentligi SANA xabar berdi. Prezident Bashar al - Asadning tayanch nuqtasi boʻlgan va Rossiya aviabazasi yaqinida joylashgan port shaharga kamdan-kam hujum uyushtiriladi.

Zarba chorshanbadan payshanba kuniga oʻtar kechasi Lakatiyaning janubi-sharqiy qismiga berilgan. Hududdagi xususiy mulkka zarar yetgan. Avvalroq, SANA zenit mudofaasi Latakiya ustidagi dushman nishonlarini tutib olgani haqida yozgan edi.

Birlashgan Qirollikda joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasining aytishicha, Isroil reydi Latakiya shahridagi qurol omborini nishonga olgan. Harbiylar Suriyadagi individual zarbalar haqida kamdan-kam fikr bildirgani uchun hodisaga izoh bermadi.

Isroil yillar davomida Suriyadagi Eron bilan bogʻliq nishonlarga qarshi hujumlar uyushtirib keladi. Biroq oʻtgan yilning 7-oktyabrida Falastinning HAMAS guruhi boshchiligidagi hujumdan keyin bunday reydlarni kuchaytirdi va Eronning Suriyadagi taʼsirini kengaytirishga yoʻl qoʻymasligini bir necha bor taʼkidlagan.

Maʼlumotlarga koʻra, Isroil oʻtgan oktyabr oyidan beri Suriyaga havo reydlari va artilleriya hujumlari bilan 220-martadan ortiq zarba bergan. Eng muhim hujum aprel oyida Isroil qiruvchi samolyotlari Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosini nishonga olib, Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining yetti nafar aʼzosini oʻldirishi boʻldi.

10-oktyabr kuni Suriya davlat matbuoti Isroilning markaziy Xoms va Xama viloyatlariga hujum qilgani, avtomobil yigʻuvchi zavod va harbiy pozitsiyani nishonga olgani haqida xabar bergan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?