Isroilning Gʻazoga hujumlari oqibatida har oy oʻrtacha 13 nafar jurnalist halok boʻlmoqda

17:12 27 Avgust 2025 Dunyo
126 0

“Shireen.ps” monitoring sayti maʼlumotlariga koʻra, Isroilning Gʻazoga qilgan hujumlari oqibatida 270 dan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari halok boʻlgan. Bu haqida “Al Jazeera” nashri maʼlum qildi.

Xabarda aytilishicha, shu vaqtga qadar oʻldirilgan jurnalistlar soni 273 nafarni tashkil qilmoqda. Bundan kelib chiqadiki, 2023-yildan shu bugunga qadar, har oyda taxminan 13 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari qurbon boʻlmoqda.

Taʼkidlash lozimki, Isroil hukumati xalqaro ommaviy axborot vositalari xodimlarini qamal ostidagi anklavga kirishini taqiqlagan. Hudud ichkarisidagi jurnalistlar esa Isroil hujumlari oqibatida halok boʻlmoqda. Hududga jurnalistlarning kiritilmasligi, mavjudlarining esa yoʻq qilinishi Gʻazo hududidagi asl vaziyatning OAVda yoritilishini izdan chiqaradi va axborot tanqisligini yuzaga keltiradi.

Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasining bildirishicha, Gʻazodagi jurnalistlarning oʻldirilishi urush holatini kuzatish hamda turli tahlillar oʻtkazishga toʻsqinlik qilmoqda. Shuningdek, xalqaro axborot maydonida katta boʻshliq yaratilishiga sabab boʻlmoqda.

Xalqaro axborot tashkilotlari joriy yilning iyun oyida Gʻazodan tashqaridagi muxbirlar tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlarga tayanib, Gʻazo hududidagi jurnalistlar oʻz faoliyatlarini davom ettirish davomida koʻplab tahdidlarga duch kelgani haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilgan.

Maʼlum boʻlishicha, Isroil hukumatining Gʻazodagi jurnalistlarni nishonga olishi hamda yoʻq qilishi koʻplab mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan keskin qoralangan, biroq Isroil hukumati bu bayonotlarni eʼtiborsiz qoldirib, OAV xodimlarini nishonga olishda davom etmoqda.

Bugunga qadar Isroilning Gʻazoga qarshi urushida halok boʻlgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining soni va ismlari bilan quyidagi roʻyxatda tanishishingiz mumkin:

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 25-avgust kuni Isroil Gʻazodagi Nosir shifoxonasiga havo zarbalari bergan edi. Ushbu hujum oqibatida halok boʻlgan falastinliklar soni 20 dan ortiqni tashkil qilib, ularning 5 nafari ommaviy axborot vositalari xodimlari ekani maʼlum boʻlgandi.

Isroilning mazkur hujumi Kanada, Misr, Eron, Saudiya Arabistoni hamda qator xalqaro tashkilotlar tomonidan qoralanib, “vahshiyona urush jinoyati” deb atalgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер