Isroil Bosh vaziri Rafahga, milliy xavfsizlik vaziri esa Quddusga nima maqsadda bordi?

16:23 21 Iyul 2024 Dunyo
419 0

Arxiv surat

Isroilning oʻta oʻng qanot milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Quddusdagi muqaddas joy hisoblangan Al-Aqso masjidiga tashrif buyurdi.

Ishgʻol qilingan Sharqiy Quddusdagi ushbu joy bilan bogʻliq keskinliklar Isroil — Falastin toʻnashuvini yanada kuchaytirdi. Ben-Gvirning Al-Aqsoga tashrifi davom etayotgan urushning sulh bitimiga erishga qaratilgan muzokaralarni buzishga tahdid sifatida qaralmoqda.

Falastin tashqi ishlar vazirligi ushbu tashrifni Quddus tarkibidagi zaif status-kvoni xavf ostiga qoʻyuvchi «provokatsion yurish» sifatida qoraladi.

Masjid Al-Aqso majmuasida joylashgan boʻlib, musulmonlar uchun dunyodagi uchinchi muqaddas joy. Bu joyni yahudiylar ham hurmat qilib, Maʼbad togʻi deb atashadi. Status-kvoga koʻra, musulmon boʻlmaganlar hududga tashrif buyurishi mumkin, ammo namoz oʻqiy olmaydi. Biroq yahudiy tashrif buyuruvchilar borgan sari bu tartibni buzmoqda va falastinliklar buni provakatsiya deb bilishadi. Chunki Isroil muqaddas joyni egallab olmoqchi.

Ben-Gvirning soʻzlariga koʻra, u isroillik asirlarni qaytarish uchun ibodat qilish maqsadida borgan. HAMAS isroillik rasmiyning bu harakati uchun Islom Hamkorlik Tashkiloti va Arab Ligasini muqaddas joydagi bu kabi holatlarning oldini olish uchun chora koʻrishga chaqirdi.

Isroil hujumi davom etayotgan bir vaqtda, sulh toʻxtab qolgan. Isroillik muzokarachilar chorshanba kuni sulh boʻyicha muzokaralarni davom ettirish uchun Qohiraga yetib kelishgan. HAMAS yuqori martabali mulozimi Gʻazoga yoʻllanayotgan zarbalar uchun guruh muzokaralardan chiqib ketayotgani lekin bombardimonlar toʻxtasa, kelishuvga qaytishini bildirgan.

HAMASning siyosiy yetakchisi Ismoil Honiya Isroilni urushni tugatish niyati yoʻqligi va asirlarni ozod qilish boʻyicha muzokaralarni ataylab buzayotganlikda aybladi.

Falastin hukumati payshanba kuni Isroilning Gʻazo markazidagi harbiy hujumini amalga oshirish vaqtida 24 soat ichida 54 nafar falastinlik halok boʻlganini maʼlum qildi.

«Al Jazeera» jurnalisti Dayr al-Balahdan xabar berishicha, Isroilning anklav markazidagi shiddatli bombardimon kampaniyasi soʻnggi 10 kun ichida 500 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan.

Shuningdek, Bosh vazir Binyamin Netanyahu Isroil askarlari Gʻazodagi hujumlarini amalga oshirayotgan bir vaqtda Rafahda yahudiy askarlari bilan uchrashgan. Netanyahu harbiy bosim va xavfsizlikni taʼminlash talabi birlashganini taʼkidlagan. Binyamin kelasi hafta Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressida nutq soʻzlashi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?