Ispaniya uchun magʻlubiyatlar uchun «o‘ch» olish, Angliyaga esa ilk bosh sovrinni yutish imkoniyati

21:47 14 Iyul 2024 Sport
697 0

Illyustrativ foto

Bugun futbol boʻyicha Yevropa chempionati finalida Ispaniya va Angliya terma jamoalari oʻzaro bellashadi. Oʻyin Toshkent vaqti bilan soat 00:00 boshlanadi.

Mazkur jamoalar shu paytgacha 27-marta oʻzaro bahslashgan. Ularning 13 tasida Angliya, 10 tasida Ispaniya gʻalaba qozongan. Toʻrt bellashuvda gʻolib nomi aniqlanmagan. Ushbu oʻyinlarning 19 tasi oʻrtoqlik maqomidagi bahslar hisoblanadi.

Angliya va Ispaniya rasmiy musobaqalarda sakkiz bor bir-biriga qarshi maydonda saf tortgan. Jumladan, ikki bor UYEFA millatlar ligasida, ikki marta Yevropa chempionati final bosqichida, yana shunchadan jahon chempionati final bosqichi va Yevropa chempionati saralashida oʻzaro hisob-kitob qilgan. Ushbu oʻyinlarning 4 tasida Angliya, 2 tasida Ispaniya gʻalaba qozongan. Ikki bahs durang bilan yakunlangan.

Angliya va Ispaniya Yevropa chempionati final bosqichida ilk bora 1968-yilda bellashgan. Ushbu musobaqaning ¼ bosqichida inglizlar ispanlarni 1:0 hisobida yenggan.

Ushbu jamoalar 1996-yil tashkil etilgan «Yevro»ning ham ¼ finalida bir-biriga qarshi maydonga chiqqan. Oʻyinning asosiy vaqti 0:0 hisobi bilan yakunlanadi. Penaltilar seriyasida esa 4:2 hisobida inglizlar gʻalaba qozongan. Eʼtiborli jihati, ayni shu oʻyinda hozirgi Angliya terma jamoasining bosh murabbiyi Garet Sautgeyt futbolchi sifatida oʻz vatani sharafini himoya qilgan.

Xoʻsh, bu safargi «Yevro»da ustunlik kim tarafda?

Koʻpchilik futbol muxlisu mutaxassislari finalda ispanlarning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Chunki Ispaniya pley-off bosqichida Germaniya, Portugaliya kabi kuchli terma jamoalarni musobaqadan chiqarib yubordi.

Ammo Angliya ham pley-offda kuchsiz raqiblarga duch kelmadi. Ayniqsa, yarim finalda Niderlandiyani magʻlub etgani uning bosh sovrin uchun imkoniyatlarini oshirib yubordi. Qolaversa, bu Garet Sautgeyt bosh murabbiyligidagi Angliyaning Yevropa chempionatining ikkinchi finali hisoblanadi. Bu murabbiy shogirdlari bilan 2020-yilda oʻtkazilgan «Yevro»ning ham finaliga qadar yetib kelib, Italiyaga yutqazib qoʻygandi. Shu bois koʻpchilik inglizlar oʻsha oʻyinda yoʻl qoʻygan xatolardan toʻgʻri xulosa chiqargan, deb hisoblamoqda.

Maʼlumot uchun aytib oʻtamiz, shu paytda Ispaniya terma jamoasi Yevropa chempionatlarida uchta oltin (1964, 2008, 2012), bitta kumush (1984) medalni qoʻlga kiritgan.

Angliya esa 1968, 1996-yillarda bronza, 2020-yilda esa kumush medal egasi boʻlgan.

Xoʻsh, ispanlar avvalgi «Yevro»lardagi magʻlubiyat uchun inglizlardan «qasos» oladimi?

Inglizlar esa Yevropa chempionatlaridagi ilk bosh sovrinini qoʻlga kiritadimi?

Ushbu savollarning barchasiga bugun Berlindagi «Olimpiya» stadionida oʻtkaziladigan uchrashuvda aniqlik kiritiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?