Islom sivilizatsiyasi markazi: “Men”larni “biz” qiladigan megaloyiha
![](https://xs.uz/upload/post/2025/02/12/148d7e5600462273b2242574dc8720740212.jpg)
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishlaridan birida “Yangi Oʻzbekiston” iborasiga alohida toʻxtalib, “Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, dedi. Bu bejiz emas.
Oʻz tarixida ikki renessans koʻrgan mamlakatimizning gerbida Humo qushi qanot kerib turibdi. Bu ham tasodif emas. Humo – jahon sivilizatsiya markazlaridan biri, qadimiy va navqiron Oʻzbekiston ramzi – Renessans ramzi. Xalqimiz, ayniqsa yoshlar shod. Chunki yangilanish, uygʻonish, joʻshqinlik Renessanslarning harakatlantiruvchi kuchi – yoshlarga xos olovli tuygʻular-da.
Soʻnggi yillarda dunyo ijtimoiy fanlarida madaniy kod, milliy kod tushunchalari keng qoʻllanilmoqda. Madaniy kod bu – ajdodlardan meros qolgan noyob madaniy xususiyatlar. Ular xalqning ramzlarida, goh anglangan, goh anglanmagan holda xulq-avtor, odatlarida namoyon boʻladi. Madaniy kod oʻzbekcha aytganda “asli qonida bor narsa”ga toʻgʻri keladi.
Imom Buxoriy, Termiziy, Ibn Sino, Margʻinoniy, Beruniy, Nasafiy, Fargʻoniy, Zamaxshariy, Moturidiylarning merosxoʻrlarimiz. Ular oʻzlaridan 1000-yil keyin Islom Akademiyasi, Islom Sivilizatsiyasi markazini qurish huquqini olib, bizga berib ketdilar. Ikki renessansni yaratgan bobolar qoni bugun bizning tomirlarimizda oqayotir. Shunday ekan, Yangi Oʻzbekistonda qayta tiklanish tajribasini qayerdan izlashimiz kerak? Bu savolga javobni hazrat Alisher Navoiy tayinlab ketganlar: “Har ne istarsen, oʻzingdin istagil”.
Ajdodlarimiz jahon ahliga diniy va dunyoviy ilmlarning aslini oʻrgatgan. Dunyoning yetuk olimlari bizning bobolarimiz bilan tanishliklari, ularga shogirdliklari, ularning kitoblarini oʻqiganliklari bilan faxrlanishgan. Bizga bugun mana shu shon, mana shu sharaf darvozasi qayta ochilmoqda.
2019-yilning 31-dekabr kuni “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Konsepsiyasi” tasdiqlandi. Unga koʻra 30 yoshgacha boʻlgan oʻquvchi-yoshlarda Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, masʼuliyatlilik, bagʻrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi tayanch fazilat, ijtimoiy kompetensiyalar rivojlantiriladi. Bu fazilatlar oilaviy tarbiyaga ijtimoiy buyurtmaga aylanadi. Shu vaqtgacha natijasi mavhum boʻlib kelgan tarbiya mana shu tayanch fazilatlarda natija topadi. Mukammal kompetensiya-fazilatlar bilan mustaqil hayotga kirib borgan oʻgʻil-qizlarimiz oʻzini ham, Vatanini ham baxtli qiladilar.
Maktab, oilalar uchun “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Konsepsiya”sining innovatsionligi nimada? Ilgari Oʻzbekistonning 1-18 yoshgacha boʻlgan bolalar, oʻsmirlar yoshiga mos qanday maʼnaviy talablarga javob berishi kerak?”, “Bir yillik tarbiyaning natijalari qanday boʻldi?”, degan aniq savol qoʻyilmagan. Qoʻyilsa ham “Hamkorlikda koʻp tadbirlar oʻtkazdik. Endi, bolalar katta boʻlsa, maʼlum boʻladi-da, tarbiyasi”, degan fikrlar bildirilgan. Yoki 5-6 nafar iqtidorli yoshlarni koʻrsatib, tarbiyaviy ishlar yutugʻi, deyilgan. Bugungi uyushmagan yoshlarimiz ana shu noilmiy tarbiyaning jabrdiydalari.
Bolalar gʻayratli raqsga tushishar, sheʼrni koʻzlari yonib, toʻtidek oʻqishar, biroq, sheʼr, raqs tugagach, koʻzlari boʻm-boʻsh, hamma qatori boʻlib qolishar edi. Chunki tarbiya ogʻzaki edi. Amaliy emas edi. Fazilatlar treninglarda oʻrgatilmas, shu sabab natija fazilatga aylanmasdan, bilim darajasida qolib ketar edi. Shuning uchun bugun 15-20 yoshli bolalarimizning xulqi bizni ranjitayotgan boʻlsa, bunga ular aybdor emas. Ularning bilmasligi – tushuntirilmaganidan, qilmasligi – oʻrgatilmaganidan. Vatanparvarlikni ham, choy suzishni ham, uyalishni, masʼuliyatni, salom berishni ham.
Endi “Bugun maktablarni bitirayotgan yoshlarimiz Uchinchi Renessansga xizmat qilishga tayyormi?”, degan savolga “Hamkorlikda koʻp tadbir oʻtkazganmiz. Endi tarbiyasi katta boʻlsa bilinadi-da”, deyish, oʻzini aldash. “Ha endi tarbiya, maʼnaviyatni oʻlchab boʻlmaydi-da. Boshiyam, oxiriyam yoʻq-ku”, deyish toʻxtaydi. Milliy gʻoyaning tarbiyaga qanday joriy boʻlayotgani amalda, hamma joyda, bolalarimiz fazilatlarida har kuni yoshiga mos koʻrinib, eshitilib turadi.
Maʼnaviyat va maʼrifat, mafkuraviy tarbiya bizga Vatanning oʻgʻil-qizlari sifatida, ishlash va yashash burchini eslatadi. Uchinchi Renessans nima uchun, kim uchun kerakligini xalqqa uning orzulari bilan bogʻlab uqtiradi, koʻrsatadi. Tushungan xalq – gʻoya bilan qurollangan xalqqa aylanadi. Oʻz milliy gʻoyasini anglagan xalqni esa toʻxtatib boʻlmaydi.
Innovatsion fikrlash
“Uchinchi Renessans” natijalarining qachon, qanday boʻlishi har bir oilaning innovatsion fikrlashiga bogʻliq. Buning uchun innovatsion yashash – har birimizning hayot tarzimizga aylanib, har bir oʻzbekistonlik oʻz sohasining innovatori boʻlishi kerak. Yaʼni har bir ota-ona, tadbirkor, fermer, oʻqituvchi, sanʼatkor, jurnalist, bogʻcha tarbiyachisi, imom, talaba, quruvchi, olim, provayder, tikuvchi, targʻibotchi, mahalla raisi “Nima qilsam ishimning samarasi oshadi?”, deb oʻylansin. Ijod qilsin, bosh qotirsin. Oʻz ishiga, hayotiga yangiliklar kiritib yashasin. Ana shunda baxtning oʻzi unga qarab kelaveradi. “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Konsepsiyasi”da oʻn tayanch fazilatning biri innovatsion fikrlash, etib belgilanganligining hikmati shunda. Harakatdan barakat.
Tarixda bir kishining innovatsion fikrlashi butun boshli xalqni halokatdan saqlab qolganiga misollar bor. Bir tarixiy misol esga tushadi. Dunyodagi eng katta gonorar II asrda Rim imperatori Mark Avreliy tomonidan shoir-metodist Oppianga berilgan. Oppian sevgi, ishqiy oʻrtanishlar haqida emas, baliqchilik va ov qilish qoidalari haqida 20 000 baytli ikki doston yozgan edi. Imperator dostonlarning har bir satri uchun bir oltin tangadan qalam haqi beradi[1]. Chunki odamlar bu dostonlarni oʻqib, kuylab, eshitib, baliq tutish, ov qilish qoidalarini oʻrganib olishdi. Mana shu bitta artpedagogik innovatsiya xalqqa baliq tutish mahoratini oʻrgatib, uni ochlikdan saqlab qolgan.
Xullas, Uchinchi Renessans maʼnaviyati yoshlarimizni, xalqimizni innovatsion fikrlashga, oʻylashga, yashashga oʻrgatishni talab qiladi. Buning uchun nafaqat bolalar bogʻchalari, maktab, litsey, institutlar, balki oilalarda ham bolalarimizni innovatsion fikrlashga oʻrgatish ham farz, ham qarzga aylanmogʻi maqsadga muvofiqdir.
Milliy gʻoya – milliy motivatsiya
Milliy gʻoya – xalq orzusi, niyatining ifodasi. U milliy rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib yangilanib turadi. Oʻz chiqishlaridan birida Prezidentimiz “Milliy gʻoya nima uchun kerak?”, degan savolni oʻrtaga tashladi. Javobini ham bir jumlaga jo qilib, “Vatanni sevish uchun”, dedi. Uchinchi Renessans bizdan ana shu sevgini — Vatanni uyimizdek, xalqimizni oilamizdek sevishni soʻrayapti. Chunki faqat sevgi insonni yangi, yaxshi kelajak yaratishga safarbar qiladi, madadkor boʻladi.
Uchinchi Renessansni kim amalga oshiradi? Oʻzida Vatanga sodiqlik, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibat, masʼuliyat, bagʻrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlikni mujassam qilgan oʻzbekistonliklar. Uchinchi Renessans bizdan jon, sogʻliq, mablagʻ emas, yuqoridagi fazilatlarni har kuni amalda koʻrsatishni soʻraydi. Oʻz ishimizni halol-pok, sifatli, vijdonimiz nazoratida bajarishni soʻraydi.
Uchinchi Renessans inson maʼnaviyatidagi renessansdan seziladi va boshlanadi. Bu esa milliy xarakterimizga, maʼnaviy innovatsiyalar kiritishimizni talab qilmoqda. Aslida eng qiyin ammo eng toʻgʻri yoʻl va resurs shu. Bu xalqimiz xarakterini kuchli fazilatlar – iroda, tirishqoqlik, mehnatsevarlik, innovatsion fikrlash, tadbirkorlik bilan kuchaytiradi. Buning uchun oʻta aniq ilmiy pedagogik-psixologik tadqiqotlarni muntazam oʻtkazib borishimiz zarur. Ularda “Uchinchi Renessans uchun xalqimiz xarakterida qaysi fazilatlarni kuchaytirish kerak?”, “Qaysilari bor?”, “Nimalar yetishmayapti?”. “Qaysi illatlar Uchinchi Renessansni boshlashimizga xalaqit beradi?”(masalan, hasad, koʻrolmaslik, isrofgarchilik, loqaydlik, yolgʻon, mehrsizlik, gʻiybat...) qabilida. Bularni bir tizimga solish uchun Islom sivilizatsiyasi boshchiligida “Jamiyatni Uchinchi Renessansga tayyorlashning ilmiy-amaliy dasturi”ni ishlab chiqib, dadil joriy qilish maqsadga muvofiq. Nega deganda, yuqorida aytganimizdek, Uchinchi Renessans avvalo oʻzbekistonliklarning maʼnaviyatida, feʼlida roʻy beradi.
Maʼnaviy Renessans qancha kuchli boʻlsa, Uchinchi Renessans shuncha tez, samarali boʻladi. Ana shunda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar maʼnaviyatdagi, xarakterimizdagi islohotlar bilan qoʻllab-quvvatlanadi. Buning uchun ilgari uchrab turgan “Maʼnaviyatni oʻlchab boʻlarmikan?”, degan ikkilanishlar voz kechishimiz kerak. Zero, ajdodlarimiz Birinchi va Ikkinchi Renessanslarni ilmdan najot olib yaratishgan. Demak, Uchinchi Renessansda ham “Ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagʻay”(Imom Buxoriy).
Har sohaning oʻz ilmi bor. Ilmga suyanmagan sohaning kelajagi yoʻq(Sh.Mirziyoyev). Uchinchi Renessans tarbiya, maʼnaviy-maʼrifiy sohaning ixtisoslashuviga bogʻliq. Ana shunda jamiyat yoshlarimizdan kutayotgan tayanch fazilatlar, ularning real hayotda qanday namoyon boʻlayotganini diagnostik oʻrganish imkoni yaratiladi. Natijada “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Konsepsiyasi” asosida har bir oʻzbekistonlikda tayanch fazilatlarni ilmiy asosda kuchaytirishga erishiladi. Uchrayotgan maʼnaviy illatlarni quritib borish mumkin boʻladi. Bunda har bir inson bilan amaliy ishlash, eng milliy-zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish zarur.
Prezidentimiz oʻz chiqishlaridan birida “Kurashga tayyorlangan, kurashgan odam yutadi”, degan edi. Uchinchi Renessans bizdan qiyinchiliklarga qarshi kurashga tayyor boʻlishimizni taqozo qiladi. Bu tayyorlik barcha sohalarni qamrab olishi va hamma joyda, har birimizda namoyon boʻlishi lozim.
Masalan, xalq oʻz vatandosh tadbirkorlarini, tadbirkorlar oʻz xalqini qoʻllab-quvvatlashi kerak. Millionta “Men”dan ahil bitta “Biz”ga koʻtarilish umumxalq harakatiga aylanishi kerak. Afsuski, buning aksi ham uchrab turadi. Oʻtgan yillar hayit bayramlarida mamlakatimizning ayrim shaharlarida narx-navo ikki karra koʻtarilganini koʻrdik. Baʼzi shaharlarda esa bir necha bor tushirilganini ham koʻrdik. Bu holat yaqinda koronavirus sharoitida talabalarga taksi xizmatini koʻrsatilishida, dori savdosini ham uchradi. Kimdir bepul, savob uchun, vatandoshim, deb xizmat qilsa, kimdir narxni ikki-uch marotaba oshirdi. Har bir oʻzbekistonlikning bir-birida vatandoshlik haqqi va burchi bor-ku.
Demak, milliy gʻoya – motivatsiyaning taʼsiri, roʻyobi iqtisodiyotda, kundalik hayotda koʻrinib tursa, Uchinchi Renessans yoʻlida ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar ahil, qars ikki qoʻldan boʻlsa, biz yanada birlashamiz.
Milliy gʻoya odamlarga Uchinchi Renessans kim uchun, nima uchunligini, ahamiyatini tushuntiradi. U bergan motivatsiya yotganni – oʻtirishga, oʻtirganni – turishga, turganni – yurishga, yurganni – yugurishga undaydi. Ragʻbat berib, shavqlantiradi. Tushuntiradi. Chunki “Nega?”ligini bilmagan tushunmagan odamlar birlashmaydi. Qoʻshilsa ham, koʻr-koʻrona, yuzaki ishlaydi. Biri ishlasa, ikkisi tomoshabin boʻladi. Milliy gʻoyada oʻz manfaatini koʻrganlar birlashib, ixtiyoriy, zavq bilan ishlaydi. Natijada hayotidan rozi boʻladi.
Milliy gʻoyamizning ijtimoiy mazmun-mohiyatini bir soʻzda aytsa, bu soʻz – rozilik. Bu tushuncha Uchinchi Renessansni tushunish va tushuntirish, amalga oshirish uchun fundamental, jipslashtiruvchi asos boʻladi. Zero milliy gʻoya roʻyobi xalqning muayyan vaqt va makonda oʻzini baxtli deb his qilishida, bu esa uning shukronalarida – hayotdan roziligida namoyon boʻladi.
Albatta, bularning barchasi uchun tinchlik, mustaqillikni jon qadar mustahkam, kafolatli himoyalashimiz kerak. Mustaqillik harbiy, gʻoyaviy va siyosiy himoyalanadi. Bunda ham oʻtmishdan saboq chiqarish kerak. Biz har gal mustamlaka boʻlib, oyoq-qoʻllarimizga kishan taqishganida bir narsadan afsuslanganmiz – xalqning birlashmaganidan. Xalqning birlashmagani sababi, hammani “Biz”, degan bayroq ostiga birlashtiradigan gʻoya boʻlmaganligi. Natijada “Biz” boʻlib yengadigan kuch “men”larga parchalanib, magʻlub boʻlganmiz.
Bugun bizda “men”larni “Biz” qiladigan gʻoya bor. Bu Uchinchi Renessans gʻoyasi. Qurilayotgan Uchinchi Renessans poydevorini gʻoyaviy himoya qilishimiz kerak. Biz uni preventiv, oʻz vaqtida himoya qilmasak, uni buzishlari mumkin. Bu maʼnaviy, gʻoyaviy hujum. Ularga javob berishimiz va javobimiz ilmiy asosda boʻlishi kerak. Nima uchun? Chunki ilmiy asosda boʻlmasa, biz qilayotgan tadbirlar bir martalik, oʻtkinchi boʻlib qoladi. Shu maʼnoda milliy gʻoya targʻibotini ilmiy asosga qurishga qaratilgan saʼy-harakatlar nihoyatda zarur.
Muhammadjon Quronov
Pedagogika fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring