Islohotlarning haqqoniy o‘lchovi

17:45 23 Mart 2025 Jamiyat
39 0

Illyustrativ foto

Bugungi kunda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatini baholash va natijadorlikka yo‘naltirish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaning huquqiy baza ham mustahkamlanmoqda.

Jumladan, 2022-yilda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunda xizmatchilarni baholash va rag‘batlantirishning adolatli mezonlari belgilandi.

Prezidentimizning 2024-yil 13-martdagi “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimida muhim qadamlar tashlandi.  

Farmonga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlarida 91 ta respublika tashkilotining 338 nafar rahbar va o‘rinbosarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlari faoliyati baholandi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari ish samaradorligi tahlil qilindi.

Natijalarga ko‘ra, yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan rahbarlar rag‘batlantirildi, qoniqarsiz natija ko‘rsatganlarga tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlandi. Bunday tizim davlat xizmatchilarining samaradorligini oshirish hamda yuqori natijalarga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, KPI baholash amaliyoti tahlili natijalari rahbarlarning strategik rejalashtirishga bo‘lgan ko‘nikmasini oshirmoqda.

Bu hali hammasi emas. Davlat boshqaruvida samaradorlikni baholash uchun KPI ko‘rsatkichlarining to‘g‘ri shakllantirilishi va ularni aniq mezonlar asosida ishlab chiqish, shu bilan birga inson omilini kamaytirish va shaffoflikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, davlat fuqarolik xizmatidagi rahbar xodimlar samaradorligini baholash uchun samaradorlik.uz platformasi orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Jahon tajribasini o‘rganish natijalariga ko‘ra, KPI baholash tizimi hisobdorlikni oshirish, resurslardan samarali foydalanish va korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishish imkonini yaratadi. Shu bois, davlat boshqaruvini isloh qilish jarayonida KPI ko‘rsatkichlarini joriy etish va takomillashtirish muhim vazifalardan biri sanaladi. Ko‘plab davlatlarda, xususan, AQSH, Yevropa mamlakatlari, Singapur va Janubiy Koreyada KPI baholash tizimi davlat boshqaruvining ajralmas qismiga aylangan. O‘zbekistonda ham bu tizimni rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida xorijiy tajribalar o‘rganilmoqda. BAA va Latviya davlatlari bilan hamkorlikda davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash loyihalari amalga oshirilmoqda.

Umuman, baholash tizimi davlat xizmatini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Sardor ABDULLAYEV,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер