Ishtixonda respublika mutasaddilari 2 mingdan ortiq murojaatlarni o‘rganib chiqdi

Foto: «Xalq so‘zi»
Xalq bilan muloqot qilish va “mahallabay” ishlash tizimini yanada takomillashtirish, joylarda uchrayotgan muammolarga tezkor yechim topish maqsadida Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida Respublika ishchi guruhining ommaviy qabuli bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokuror, Ichki ishlar vaziri, shuningdek, Soliq qo‘mitasi, Prezident Xalq qabulxonalari va boshqa vazirlik, idoralar rahbarlari ishtirok etib, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari aholisining murojaatlarini eshitdi.
Har bir murojaat belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, qonun doirasida hal etish choralari ko‘rildi.
Ommaviy qabulda adolat istab O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va sudyalarga murojaat qilayotgan fuqarolar ham ko‘pchilikni tashkil etdi.
Qashqadaryolik Ravshan Jovliyevning Oliy sud mas’ullariga murojaatidan so‘ng ichki ishlar idoralarida ishlab, 2021 yilda nohaq qamalgan o‘g‘li Maqsud Jovliyevni oqlash haqida qaror qabul qilindi.
- Adolat bor ekan, Oliy sud bolamni oqlab berdi, - deydi R.Jovliyev. - Bugun bu haqdagi hujjatlarni oldik. Oliy sud raisiga minnatdorlik bildirish uchun qabulga keldim. Adolatni qaror toptirgan rahbariyatga, sudyalarga ming rahmat!
Samarqand shahridagi “Farmshop” oilaviy korxonasi rahbari Nurillo Abdumajidov pul tushumi bo‘yicha nazorat kassa mashinasidagi xatolik tufayli ikki yildan buyon turli idoralarda sarson bo‘layotgani, bundan tadbirkorlik faoliyatiga zarar yetayotganini bildirib, Oliy sud raisidan ko‘mak so‘radi. Masala shu yerning o‘zida o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Shuningdek, qabul davomida sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 19 nafar fuqaro qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini bildirib murojaat qildi va ularning jazosi yengilrog‘iga almashtirildi.
Taqdirlar turfa, masalalar har xil, ammo haqiqat bitta: muammosi hal bo‘lgan insonning chindan ham yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ladi.
Bosh prokuratura mas’ullari bilan muloqotlardan so‘ng ishtixonlik Sayyora Shokirovaning ham bag‘ri butun bo‘ldi. Yetkazilgan zararni ma’lum muddatda qoplash sharti bilan ayolning 24 yashar o‘g‘liga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilindi.
- O‘quv markazi va tikuvchilik syexi ochib, 40 nafarga yaqin nogironligi bor fuqarolarni ish bilan ta’minladik, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Shavkatjon Bozorov. - Oradan ko‘p o‘tmay, faoliyatimizga to‘sqinliklar boshlandi. Muammoga batafsil to‘xtalmayman, lekin tadbirkor sifatida prokuratura bizning haqiqiy ko‘makchimiz bo‘lganini alohida ta’kidlashim mumkin. Ularning yordami bilan qisqa kunlarda faoliyatimizni qayta yo‘lga qo‘yib, kelgusida yanada kengaytirishni o‘ylab turibman.
Ichki ishlar vaziri tomonidan soha mas’ullari ishtirokida aholining murojaatlaridan kelib chiqqan holda, 29 nafar probasiya hisobida turib tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslarni muddatidan oldin shartli ravishda jazodan ozod qilish uchun o‘rnatilgan tartibda tegishli sudlarga taqdimnomalar kiritildi, 13 nafar surishtiruv yoki dastlabki tergov harakatlaridan norozi fuqarolarning murojaatlari qanoatlantirildi, 8 nafar sobiq xodimlar ichki ishlar organlariga qayta ishga tiklandi hamda ichki ishlar organlariga xizmatga kirish istagini bildirgan 24 nafar fuqarolarga navbatdagi tanlovda ishtirok etishga ruxsat etildi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi A.Muqimov va H.Muqimovaning masalasi ham shu haqda edi. Ular ikki yil profilaktika inspektori vazifasida faoliyat ko‘rsatgan o‘g‘lining o‘tgan yil nohaq ishdan bo‘shatilganini bildirib, uni ishga tiklashda vazirdan ko‘mak so‘rashdi. Vazir murojaatchilarni eshitib, masalani o‘rganib chiqqan holda xulosa berilishini bildirdi. Surxondaryolik Mansur Shukurov 12 yil, samarqandlik Bekmirza Bahodirov esa 13 yil deganda yana qadrdon sohasiga ishga qaytadigan bo‘ldi.
Ommaviy qabul davomida Soliq qo‘mitasi mutasaddilariga ham ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Ularning ba’zilari ijobiy hal etilgan bo‘lsa, o‘rganish talab etiladiganlari nazoratga olindi. Shuningdek, ayrim murojaatlar bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Samarqand viloyati hokimi, boshqarma va idoralar mas’ullari ham shu yerda qayd etilgan idoralarga tegishli bo‘lmagan murojaatlar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qildi. Ularni qiynab kelayotgan muammo va masalalarini eshitib, har bir murojaatni qonun doirasida hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Xullas, Ishtixondagi ommaviy qabulda ko‘rib chiqilgan jami 2 ming 294 ta masalaning 1 ming 33 tasi joyida hal qilinib, 87 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 1 ming 174 ta masala nazoratga olindi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring