Ishonch va imkoniyatdan mamnunmiz

18:01 26 Dekabr 2025 Jamiyat
458 0

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida tarixiy voqealardan biri — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasi yurtimiz boʻylab keng jamoatchilik eʼtibori markazida boʻldi. Xususan, Surxondaryo viloyatida ham Murojaatnoma viloyat, shahar va tumanlarda tashkil etilgan studiyalar orqali katta qiziqish bilan kuzatildi.

Davlatimiz rahbarining ushbu Murojaatnomasini viloyat studiyasida katta hayajon bilan kuzatar ekanman, bu jarayon oddiy maʼruza emas, biz yoshlar hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi strategik hujjatligini chuqur angladim.

Prezidentimiz yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida urgʻu berdi. Masalan, kasbiy va oliy taʼlim muassasalarida “dual taʼlim” tizimini keng joriy etish bizga nafaqat bilim olish, balki ish tajribasini ham egallash imkonini beradi.

Biz oʻqiydigan maktab ham bu yoʻnalishda oʻz hissasini qoʻshmoqda. Maktabda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan fan kabineti, tajribali va mehnatga sadoqatli oʻqituvchilar, talabchan va ilgʻor pedagogik yondashuv — barchasi biz yoshlarning fan va bilimga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻqituvchilarimiz har bir fan boʻyicha faqat bilim berish bilan cheklanmay, ularni mustaqil fikrlashga, ijodiy yondashishga va hayotiy muammolarni hal qilishga ham oʻrgatadi.

Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar, xususan, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, maktablarimizdagi bilim olish muhitining ahamiyatini yanada oshiradi. Zamonaviy texnikum va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik, “Kasblar shaharchalari” va dual taʼlim tizimi — barchasi biz yoshlarga oʻz iqtidorimizni toʻla namoyon etish imkonini beradi. Biz bunga ishonch bilan qaraymiz. Murojaatnomada belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha har bir imkoniyatdan foydalanishga tayyormiz.

Sarvinoz ERKINOVA,

Termiz shahar 3-son umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?