“Ishlar juda yomon ketmoqda” — Tramp Rossiya iqtisodiyoti “doʻzaxga ketayotganini” aytdi

15:50 26 Sentyabr 2025 Dunyo
135 0

Ukrainadagi qurolli mojaro tufayli Rossiya iqtisodiyoti yomon ahvolda. Bu fikrlarni AQSH prezidenti Donald Tramp Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan uchrashuvdan soʻng jurnalistlarga aytdi.

“Ularning ishlari juda yomon ketmoqda, chunki ular mutlaqo hamma narsani xavf ostiga qoʻygan. Ularning iqtisodlari “doʻzaxga ketmoqda”, — dedi u.

Tramp 23-sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi doirasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida ham xuddi shunday bayonot bilan chiqqandi. U Rossiya iqtisodiyotini “dahshatli holatda, qulayotganini” taʼkidlagandi.

Tramp Erdogʻan bilan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini yana bir bor tanqid qildi va Moskvani “toʻxtashga” chaqirdi.

“Rossiya millionlab va millionlab dollarlarni bombalar, raketalar, oʻq-dorilar va odamlarning hayotiga... sarfladi va deyarli hech qanday hududiy yutuqlarga erishmadi. Menimcha, toʻxtash vaqti keldi. Men haqiqatan ham shunday fikrdaman”, — dedi Tramp.

Tramp Turkiya rahbari Ukrainadagi mojaroga barham berishda sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkinligiga ishonch bildirdi.

“Erdogʻan xohlasa, katta taʼsir koʻrsatishi mumkin edi. Hozir u juda betaraf. U betaraf boʻlishni yaxshi koʻradi”, — dedi Oq uy rahbari.

Tramp Anqarani Rossiya neftini sotib olishni toʻxtatishga chaqirdi. Uning qoʻshimcha qilishicha, chunki dengizga chiqa olmaydigan Vengriya va Slovakiyadan farqli oʻlaroq Turkiyada “koʻp imkoniyatlar” bor.

“Agar men [uning toʻxtashini] istasam, u buni qilgan boʻlardi… Bilasizmi, nega? Chunki uni [neftni] boshqa koʻplab odamlardan sotib olishi mumkin”, — dedi Tramp.

Turkiyaning “Hurriyat” gazetasining yozishicha, Rossiya 2024-yilda xuddi oʻtgan yili boʻlgani kabi Turkiyaning asosiy tabiiy gaz va neft yetkazib beruvchi mavqeini saqlab qolgan.

“Oʻsha yerda ularning oʻzlari oʻlishadi”

Shu yilning 18-sentyabr kuni Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina Moskva moliyaviy forumida mamlakatda iqtisodiy oʻsish moʻtadilroq boʻlsa-da, davom etayotganini aytdi. Iqtisodiy tiklanish belgilari yozda, isteʼmol talabi va korporativ kreditlashda sezilarli boʻldi, deya qoʻshimcha qildi u.

“Menimcha, bizda iqtisodiy tanazzulga olib keladigan alomatlar yoʻq. Yoz uchun soʻnggi maʼlumotlar oʻsish davom etayotganini koʻrsatmoqda”, — deya uning soʻzlarini keltiradi “Vedomosti”.

Shu yilning 27-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gʻarb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotini “koʻmib yubora olmadi”, Germaniya va Fransiyada esa “hamma tanazzul yoqasida” ekanini taʼkidlagandi.

“Ular [Gʻarb davlatlari] bizni tinimsiz koʻmib tashlashmoqda. Tez orada ularning oʻzlari oʻlishadi, lekin ular bizni toʻxtovsiz dafn etishadi. Oʻtgan yili bizda 4,3, avvalgi yili esa 4,1 foiz iqtisodiy oʻsish kuzatildi”, — degan edi oʻshanda Rossiya yetakchisi.

Trampning vaʼdasi

Joriy yilning 23-sentyabr kuni Tramp Ukraina Yevropa Ittifoqi koʻmagida “mamlakatini asl koʻrinishiga qaytarishi…, balki undan ham uzoqroqqa borishi” mumkinligini maʼlum qildi. Zelenskiy bilan BMT Bosh Assambleyasida uchrashganidan soʻng, Oq uy rahbari “TruthSocial” ijtimoiy tarmogʻida Moskvaning Ukrainadagi kurashi “maqsadsiz” ekanini yozdi va Rossiyani “qogʻoz yoʻlbars” deb taʼrifladi.

Biroq keyinroq Erdogʻan bilan uchrashuv chogʻida u: “Hech qachon hech kimni “qogʻoz yoʻlbars” demayman”, dedi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Dmitriy Medvedev Trampning tanqidini izohlar ekan, AQSH yetakchisi “yana bir bor muqobil haqiqatga kirib, “Rossiya qanchalik zaif” mavzusida bir qator siyosiy fitnalarni ishga solganini” taʼkidladi.

CNN telekanali va “New York Post” nashriga koʻra, Trampning ritorikasi Moskvaga bosim oʻtkazish va uni muzokaralar stoliga oʻtkazishga qaratilgan “strategik harakat”dir.

Shu fonda Moskva va Vashington oʻrtasidagi aloqalar davom etmoqda. 24-sentyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasining yuqori darajadagi haftaligi doirasida Alyaska sammitida erishilgan kelishuvga asoslanib, Ukraina inqirozini hal qilish boʻyicha fikr almashdi.

Lavrov amerikalik hamkasbi bilan uchrashgach, jurnalistlar yonidan oʻtayotganda “zoʻr” ishorasini qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер