“Ish oʻrni ochildi” deb qoʻshib yozishdan kimga foyda?

19:08 11 Sentyabr 2023 Jamiyat
385 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Chimboy tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarga munosib turmush sharoitlarini yaratish va xalq farovonligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A.Orinbayev soʻzga chiqib, oʻtgan uchrashuvlarda belgilab berilgan vazifalarning ijrosi xususida toʻxtaldi. Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar oʻrin olayotgani tanqid qilindi.

Taʼkidlash joizki, tumanda joriy yilga belgilangan yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha vazifalar toʻliq amalga oshirilmagan boʻlsada, yangi ish oʻrinlari yaratildi, deb hisobotlarga qoʻshib yozish holatlari aniqlangan.

Tumanda hududlarni kompleks rivojlantirishni doimiy moliyalashtirish,kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka yordamlashish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi, byudjet tushumlari, kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni undirish talab darajasida emas.

Shuningdek, tuman soliq ­inspeksiyasi rahbarlarining oʻz vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan qaraganligi sababli bir qator moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan, ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun qarzdorlikni undirish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan.

Prezidentimizning 2021-yil 19-iyundagi “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi boʻyicha ishlar bajarilmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va infratuzilmalar bilan taʼminlash darajasini yanada yaxshilash orqali xalqning farovonligini oshirishga qaratilgan qarori sektor rahbarlari tomonidan talab darajasida ijro etilmagan.

Joriy yilgi Investitsiya dasturi asosidagi yangi loyihalarni ishga tushirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish, eksport koʻrsatkichlari, xalqni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash tadbirlari, ekin maydonlarida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlari talab darajasida emas.

Kambagʻallikni qisqartirish va xalqning bandligini taʼminlash doirasida ayrim holatlarda kredit mablagʻlari shu kungacha ajratilmagan, ajratilgan kreditlarning baʼzilari maqsadli sarflanmagan.

Yigʻilishda shu kabi qator kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan ayrim soha rahbarlariga egallab turgan lavozimidan ozod qilish boʻyicha koʻrsatma berilib, ayrimlariga intizomiy chora qoʻllanildi.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?