Iqtisodiyot barqarorligi nimalarda namoyon boʻladi?

17:29 20 May 2021 Iqtisodiyot
3621 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik jihatdan yangilash, yuqori texnologiyali qayta ishlash yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh muhitni shakllantirish, ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatdoshligiga erishish, eksport tarkibi hamda geografiyasini diversifikatsiya qilish, shuningdek, hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish orqali milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar ancha faollashdi.

Buni quyidagi dolzarb masalalar bilan izohlash mumkin: birinchidan, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, uning tarmoqlarida ishlab chiqarish surʼatlari oʻsishiga erishish mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Ikkinchidan, jahon bozoridagi keskin raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilarning yuqori sifatli mahsulotlar bilan jahon bozorlariga chiqishini faollashtirish zaruriyati mavjud. Uchinchidan, ilmiy sigʻimi yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan tendensiyalarning rivojlanishi hamda shunga muvofiq tarzda sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashda milliy iqtisodiyot doirasida doimiy ravishda zamonaviy texnologiyalar hamda innovatsiyalarni joriy etish talab qilinadi.

Milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish koʻp jihatdan iqtisodiyot yoʻnalishlari hamda sohalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini barpo etish boʻyicha qulay shart-sharoitlarni yaratish bilan bevosita bogʻliq. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun uning tarmoqlari rolini, ayniqsa, yuqori qoʻshimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Harakatlar strategiyasining ahamiyati katta

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi hamda unda belgilangan ustuvor vazifalar milliy iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori natijalarga erishishda qoʻl kelmoqda. Jumladan, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot (YAIM) ishlab chiqarish hajmi 2020-yil yakunlariga koʻra, 580,2 trillion soʻmni tashkil etgan holda 2019-yildagiga nisbatan 70 milliard soʻmga oshdi, YAIM tarkibida tovarlar ishlab chiqarishda 341,5 trillion soʻm, xizmatlar koʻrsatish sohasida 194,4 trillion soʻm miqdorida yalpi qoʻshilgan qiymat yaratildi. Mahsulotlarga sof soliqlar esa 44,4 trillion soʻmga yetdi. Bunday natijaga iqtisodiyotning barcha tarmogʻida islohotlarning tizimli va izchillik bilan amalga oshirilishi tufayli erishildi, albatta.

Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2020-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 2016-yildagiga nisbatan qariyb ikki yarim barobarga oshgan holda 580,2 trillion soʻmlik koʻrsatkichni ishgʻol etdi. Milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlashda mamlakat sanoati yetakchi oʻrin tutadi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish umumiy hajmi soʻnggi yillarda barqaror oʻsish surʼatlariga ega boʻldi, jumladan, mazkur koʻrsatkich 2020-yilda 367,1 trillion soʻmni tashkil etgani holda 2016-yildagiga nisbatan 255,2 trillion soʻmga oshgan. Bu jarayonda mamlakatimizda sanoat salohiyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir tarmoq dasturlari doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi.

Pandemiyaning salbiy taʼsiri

Oʻtgan yili butun dunyoda yuzaga kelgan va hanuzgacha davom etayotgan pandemiya nafaqat odamlar salomatligiga, balki milliy iqtisodiyotlarning rivojlanishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Bu jahonning qariyb barcha mamlakatida infeksiya tarqalishidan himoyalanish maqsadida bir qator cheklovlar hamda karantin tadbirlari joriy etilishi natijasida iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan koʻplab yirik kompaniya va korxonalarda ishlab chiqarish surʼatlari hamda aholi bandlik darajasi keskin pasayishi kabi holatlarda namoyon boʻldi.

Umuman olganda, pandemiyaning taʼsiri oqibatida global iqtisodiyotda inqirozli holatning shakllanishi quyidagilar orqali yuzaga keldi:

milliy iqtisodiyotda yalpi talab hajmining keskin tushishi va uning tarkibida sezilarli oʻzgarishlarning roʻy berishi;

mamlakatlar oziq-ovqat, energiya, tibbiyot, ishlab chiqarish vositalari, mudofaa sanoati mahsulotlari bilan toʻliq oʻzini oʻzi taʼminlashga intilishi;

aholi real daromadlarining kamayishi, ishsizlik va kambagʻallikning ortishi;

neft inqirozlari va savdo “urushlari” natijasida ayrim mamlakatlarda salbiy saldo yuzaga kelishi;

tadbirkorlik subyektlari daromadlarining keskin pasayishi, makro va mikro darajada moliyaviy oqimlar harakati hamda hajmidagi oʻzgarishlar;

jahon bozorlarida talabning susayishi hisobiga milliy mahsulotlar eksporti hajmining qisqarishi;

global iqtisodiyot va logistika tarkibining oʻzgarishi;

ishlab chiqarishning asosiy mintaqalarida oʻzgarishlar roʻy berishi va raqobatbardoshlikning pasayishi;

iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmatlar hajmining tushishi;

yalpi talab va yalpi taklif oʻrtasidagi muvozanatning buzilishi;

boy hamda qashshoq mamlakatlar oʻrtasidagi tavofutning kengayishi va boshqalar.

Yuqoridagi holatlar eng yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlarining keskin qisqarishi, global ishlab chiqarish “zanjir”lari hamda savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xom ashyo tovarlari narxining pasayishi va konyunkturaning yomonlashuviga olib keldi.

Oʻzbekiston qoʻllagan choralar

Mazkur omillar global iqtisodiyotning bir qismi boʻlgan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham muayyan darajada taʼsir qilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ushbu holatning salbiy taʼsirlarini yumshatish boʻyicha samarali oldini oluvchi choralar koʻrishni taqozo etdi.

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, maqsadli cheklov choralarini qoʻllash natijasida iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatiga imkon yaratildi. Ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bojxona boji hamda soliq toʻlovlari boʻyicha imtiyozli tizim joriy qilindi. Mazkur chora-tadbirlar va yaratilgan qulay shart-sharoitlar milliy iqtisodiyotning nisbatan barqaror rivojlanishi hamda real sektor korxonalarining odatiy faoliyatga qaytishi va ishlab chiqarish hajmining koʻpayishida muhim rol oʻynadi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 19-martda “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 3-aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 27-aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 18-mayda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 20-iyulda “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlar qabul qilingani ayni muddao boʻldi.

Oʻz vaqtida amalga oshirilgan taʼsirchan choralar tufayli mamlakatimizda pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramasdan ayrim davlatlarga nisbatan sezilarli darajada iqtisodiy oʻsishga erishildi. Xalqaro valyuta fondi (XVF) maʼlumotlariga koʻra, yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 2018-yilda 5,4 foizni, 2019-yilda esa 5,6 foizni tashkil etdi. Pandemiya taʼsiri natijasida mazkur koʻrsatkichning taxminan 0,7 foizgacha pasayishiga qaramay, XVF mintaqada YAIM oʻsishini 2025-yilgacha 5,5-6 foiz darajasida prognoz qilmoqda. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) mamlakatlari orasida Oʻzbekiston 2020-yilda ijobiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolgan uchta davlatdan bittasi hisoblanadi. Xususan, 2020-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda YAIMning oʻsishi 1,6 foiz, Turkmanistonda 5,9 foiz, Tojikistonda 4,5 foiz koʻrsatkichda saqlanib, MDHning qolgan mamlakatlarida esa 2019-yildagiga nisbatan pasayish tendensiyasi qayd etilgan. Bu holatga pandemiya sharoitida mamlakatimiz hukumati tomonidan milliy iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar qoʻllanishi ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Pandemiya sharoitida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni saqlashga xizmat qilgan asosiy omillar sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin:

soʻnggi yillarda iqtisodiyot tarmoq hamda sohalarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash ishlari faol tarzda olib borilganligi hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar tashkil etilganligi;

tashqi savdoni erkinlashtirish hamda valyuta siyosati barqarorligini taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarning samarali tarzda amalga oshirilganligi;

moliya, pul-kredit siyosati boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarning amaliyotga tatbiq etilganligi;

xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha imtiyozli tartiblarning joriy qilinganligi;

barqaror oltin-valyuta zaxirasining shakllantirilganligi;

puxta oʻylangan tashqi qarzlar siyosatini amalga oshirish hamda jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish asosida mablagʻlarning istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilganligi;

tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, yetakchi xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar bilan aloqalarni kengaytirish borasida muhim islohotlarning amalda qoʻllanilganligi;

aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish, yangi ish oʻrinlarini yaratish borasida yuqori natijalarga erishilganligi va boshqalar.

Ragʻbat ijobiy natijaga yetaklamoqda

Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar tufayli sanoat boʻyicha mehnat unumdorligining jadal oʻsishiga erishildi. Bunga, birinchi navbatda, eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning barqaror faoliyatini taʼminlash, iqtisodiyotning real sektorida resurs bazasini kengaytirish hamda investitsiyaviy faollikni oshirish, iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, xususiy tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish borasidagi chora-tadbirlar sabab boʻldi.

Sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga toʻgʻri kelib, uning ulushi 2020-yilda 83,0 foizni, shuningdek, YAIM tarkibida sanoatning ulushi 28,5 foizni tashkil etdi. 2019-yilning mos davri bilan solishtirganda ishlab chiqaradigan sanoat tarkibida yuqori texnologiyali tarmoqning ulushi 1,9 foiz, oʻrta-yuqori texnologiyali — 22,4 foiz, oʻrta-quyi texnologiyali — 40,1 foiz va quyi texnologiyalisi 35,6 foiz boʻldi.

Jami ishlab chiqaradigan sanoat tarkibida mashina va asbob-uskunalar ishlab chiqarish, taʼmirlash hamda oʻrnatish, avtotransport vositalari, yarimtirkamalar va boshqa tayyor buyumlarni ishlab chiqarish sohasining ulushi — 19,4 foiz, metallurgiya sanoatining ulushi — 26,0 foiz, toʻqimachilik, kiyim, teri mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi — 15,8 foiz, oziq-ovqat, ichimliklar hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi — 16,9 foiz, kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlarini ishlab chiqarishning ulushi — 6,9 foizni tashkil etdi. Bu mamlakatimizda sanoat tarkibini diversifikatsiya qilish borasidagi amalga oshirilgan chora-tadbirlarning ijobiy natijasi sifatida izohlanadi. Shuningdek, yaqin istiqbolda milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlovchi sanoat tarmogʻini tarkibiy jihatdan oʻrganish, tahlil qilish va sanoat mahsuloti ishlab chiqarish uchun eng samarali tarmoqlarga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida milliy iqtisodiyotda chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror oʻsishni taʼminlashning qator muhim yoʻnalishlari belgilab berildi. Ulardan biri sifatida yangi eksport bozorlariga chiqish Hukumatning eng asosiy vazifalaridan ekanligi qayd etildi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, qayta ishlangan mahsulotlarning jahon bozorlaridagi ulushi sezilarli boʻlsada, uni yana-da oshirish imkoniyatlari mavjud. Milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini rivojlantirish va uning mahsulot tarkibini diversifikatsiya qilish oʻzaro aloqador boʻlgan ikkita omil guruhi orqali belgilanadi. Bir tomondan bu, tabiiy resurslar sohasidagi qiyosiy ustunliklar bilan tavsiflangan statik omillar boʻlib, ularning taʼsiri natijasida keyinchalik yuqori texnologik hamda yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarga eʼtiborni kuchaytirishga imkon yaratiladi. Boshqa tomondan bu, innovatsiyalar va ilmiy-texnik yutuqlar bilan bogʻliq boʻlgan dinamik ravishda oʻzgarib turadigan raqobat ustunligi omillari hisoblanadi. Ularning birgalikda uzviy harakati natijasida milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, eksportning barqaror oʻsishini va umuman, iqtisodiyot rivojida ragʻbatlantiruvchi taʼsirni taʼminlashga erishiladi.

Xulosa oʻrnida aytganda, milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlash borasida soʻnggi yillarda mamlakatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar iqtisodiy oʻsishning barqaror poydevori sifatida xizmat qilmoqda. Jahon iqtisodiyotida pandemiyaning salbiy taʼsiri hali toʻliq bartaraf boʻlmaganligini hisobga olgan holda, milliy iqtisodiyotning yaqin istiqbolda barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha chora-tadbirlarni yana-da faollashtirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

milliy iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik yangilash va diversifikatsiya qilish ishlarini yana-da faol davom ettirish;

sanoatda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan mahsulotlar turini kengaytirish va sifat jihatidan raqobatbardoshlik darajasini oshirish;

inson kapitaliga investitsiyalar kiritishni faollashtirish orqali istiqbolda ilmiy sigʻimi yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish;

iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat yurituvchi korxonalarning eksport va import tuzilmasini, ularning ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish hamda eksport tarkibini diversifikatsiyalashga qaratilgan chora-tadbirlarni faollashtirish;

faol investitsiya siyosatini olib borish orqali muhim strategik ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, xorijiy kapitalni, avvalo, moddiy eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishga jalb qilish;

milliy iqtisodiyot barqaror rivojining muhim omili sifatida yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholining bandlik darajasini koʻtarish hamda mazkur jarayonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yana-da ragʻbatlantirish.

Nodir JUMAYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Jasurbek ATANIYAZOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?