Iqtisodiy va ijtimoiy yuksalishning asosiy mezoni

Oʻzbekistonda kutilayotgan umr koʻrish davomiyligida barqaror oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda
Bugungi globallashuv davrida inson kapitali rivojlanishining eng muhim koʻrsatkichlaridan biri, shubhasiz, kutilayotgan umr koʻrish davomiyligidir. Mazkur koʻrsatkich nafaqat jamiyat sogʻligʻi, balki iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik barqarorlik darajasini ham oʻzida aks ettiradi. Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar tomonidan kutilayotgan umr koʻrish davomiyligi doimiy ravishda tahlil qilib boriladi. Bundan esa mamlakatlar salohiyati va aholi farovonligini baholashda muhim mezon sifatida foydalaniladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning ijobiy samaralari asosiy iqtisodiy-ijtimoiy koʻrsatkichlardan hisoblangan aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi, umumiy daromadlar ulushi, kutilayotgan umr koʻrish davomiyligi, turmush tarzi, savodxonlik koʻrsatkichi kabi statistik raqamlarda oʻz aksini topyapti.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, “kutilayotgan umr davomiyligi” deganda, tugʻilgan (0 yoshdagi) insonlarning oʻrtacha umr koʻrish yillari soni tushuniladi. Ushbu koʻrsatkich asosiy demografik indikatorlardan biri boʻlib, har bir yosh guruhi boʻyicha alohida hisoblanadi. Shunisi muhimki, kutilayotgan umr davomiyligini hisoblashda qayd etilgan oʻlim koʻrsatkichlari kelgusi yillarda ham oʻzgarmasdan shunday saqlanib qolishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda doimiy aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 75,1 yoshni tashkil etadi. Quvonarlisi, bu borada soʻnggi yillarda barqaror oʻsish surʼati kuzatilmoqda. Ushbu koʻrsatkich 2023-yilda 74,7 yosh, 2022-yilda — 74,3, koronavirus pandemiyasi davri, yaʼni 2020-yilda — 73,4, 2010-yilda — 73, 2000-yilda — 70,8, 1991-yilda esa 66,4 yosh boʻlgan.
Koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonda umr koʻrish davomiyligi barqaror oʻsish tendensiyasiga ega. Mazkur koʻrsatkich jinslar boʻyicha tahlil qilinganda, 2024-yilda erkaklar uchun oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 72,9 yosh, ayollar uchun esa 77,3 yoshni tashkil etdi. Shahar joylarda 74,9 yosh, qishloq joylarda esa 75,1 yoshga teng boʻlgan.
BMT Aholishunoslik boʻlinmasining Ijtimoiy va iqtisodiy masalalar boʻyicha departamenti maʼlumotlariga qaraganda, dunyo miqyosida umr koʻrish davomiyligi oʻrtacha 73,5-yil koʻrsatkichida turibdi. Oʻzbekistonda ushbu raqam 75,1 yosh ekanligini inobatga oladigan boʻlsak, mamlakatimizda umr koʻrish davomiyligi dunyo boʻyicha oʻrtacha 1,6 yoshga yuqori ekanligi oydinlashadi. Garchi yurtimizda bu tendensiya oʻsib borayotgan boʻlsa-da, hali ham rivojlangan mamlakatlar, masalan, Yaponiya (84,9-yil), Koreya Respublikasi (84,4-yil) bilan qiyoslanganda sezilarli farq borligi koʻzga tashlanadi. Bu esa umr koʻrish davomiyligiga taʼsir etuvchi omillarni chuqur tahlil qilish va ular asosida tegishli islohotlarni davom ettirishni taqozo qiladi. Shu maqsadda mamlakatimizda koʻp omilli regressiya tahlili amalga oshirildi.
Taʼkidlash kerakki, bu saʼy-harakatlar iqtisodiy, ijtimoiy yoki boshqa sohalardagi jarayonlarni oʻrganishda muhim vosita hisoblanadi. Bunda bogʻliq oʻzgaruvchi sifatida umr koʻrish davomiyligi, mustaqil oʻzgaruvchilar sifatida esa aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi, aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi, har 10 ming aholiga toʻgʻri keladigan shifokorlar soni, atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar, bolalarni kasalliklarga qarshi emlash, roʻyxatga olingan jinoyatlar soni, roʻyxatga olingan ruhiyat va xulq atvor buzilishi kasalliklari soni oʻzgaruvchilari qabul qilindi. Tahlil natijalari har bir mustaqil oʻzgaruvchining bogʻliq oʻzgaruvchiga taʼsirini baholash va umumiy modelning statistik ahamiyatliligini aniqlash imkonini berdi.
Regressiya tahlillari aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi umr koʻrish davomiyligiga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli taʼsir qilishini koʻrsatdi. Aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi ham umr koʻrish davomiyligiga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli taʼsir koʻrsatadi. U bir birlikka oshganda, umr koʻrish davomiyligi oʻrtacha 0,1 birlikka ortadi. Har 10 ming aholiga toʻgʻri keladigan shifokorlar soni statistik jihatdan deyarli ahamiyatli emas, deb topildi. Bu esa umr koʻrish davomiyligini oshirishda nafaqat shifokorlar soni, balki sogʻliqni saqlash tizimi samaradorligi muhimligini koʻrsatadi.
Roʻyxatga olingan jinoyatlar soni umr koʻrish davomiyligiga salbiy taʼsir koʻrsatsa-da, bu taʼsir statistik jihatdan ahamiyatsizdir. Birinchi marta tashxisi aniqlanib roʻyxatga olingan ruhiyat va xulq atvor buzilishi kasalliklari soni umr koʻrish davomiyligiga salbiy va statistik jihatdan ahamiyatli taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni ruhiyat va xulq atvor buzilishi kasalliklari soni bir birlikka oshganda, umr koʻrish davomiyligi oʻrtacha 0,02 birlikka kamayadi.
Mustaqil oʻzgaruvchilardan uchtasi statistik jihatdan ahamiyatli boʻlib chiqdi: aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi va aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi umr koʻrish davomiyligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, hisobot davrida birinchi marta tashxisi aniqlanib roʻyxatga olingan ruhiyat va xulq atvor buzilishi kasalliklari soni esa salbiy taʼsir koʻrsatadi. Qolgan toʻrtta oʻzgaruvchi esa 15-yillik maʼlumotlar tahlilida statistik jihatdan sezilarli ahamiyatga ega emas deb topildi.
Tahlillar natijalariga tayangan holda, umr koʻrish davomiyligiga taʼsir qiluvchi omillarni quyidagi asosiy toifalar — sogʻliqni saqlash tizimi, iqtisodiy unsurlar, ekologik holat, turmush tarzi va demografik omillarga ajratish mumkin.
Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi umr koʻrish davomiyligiga eng muhim taʼsir koʻrsatuvchi omillardan biridir. Buni BMT Aholishunoslik boʻlinmasi rasmiy saytida keltirilgan umr koʻrish davomiyligi boʻyicha reyting maʼlumotlari va amalga oshirilgan statistik tahlil natijalari ham tasdiqlamoqda. Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, turmush tarzini yaxshilash va kambagʻallikni qisqartirish borasida muhim islohotlar olib borildi. Ushbu islohotlar natijasi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning soʻnggi oʻn besh yildagi oʻzgarishi dinamikasida yaqqol namoyon boʻladi. Jumladan, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2010-yilda 2 763,7 ming soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib, ushbu koʻrsatkich 14 barobarga koʻpaydi va 39 131,4 ming soʻmga yetdi, aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi esa 2010-yildagi 2 192,8 ming soʻmga nisbatan qariyb 11 karra oshib, 2024-yilda 24 111,9 ming soʻmni tashkil etdi. Kambagʻallik darajasi 2021-yilda 17 foiz boʻlgan boʻlsa, 2024-yilda 8,9 foizgacha kamaydi.
Sogʻliqni saqlash tizimi umr koʻrish davomiyligiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi omillardan biridir. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar natijasi birgina onalar oʻlimi darajasi soʻnggi yillarda sezilarli kamaygani misolida oʻz isbotini topyapti. Eʼtibor qiling, 1990-yilda 100 ming tugʻuruqqa 34,1 ona oʻlimi qayd etilgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 14,8 ga tushdi. Chaqaloqlar (1 yoshgacha bolalar) oʻlimi darajasi ham pasaydi: 2000-yilda har 1000 nafar tugʻilgan chaqaloqqa 18,9 ta oʻlim toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 9,0 taga kamaydi.
Tahlillarga qaraganda, Oʻzbekistonda oʻlimning asosiy sababi yurak-qon tomir kasalliklari boʻlib, 2024-yilda umumiy oʻlimlarning 61,9 foizini tashkil etdi. Boshqacha aytganda, har 100 000 aholiga nisbatan yurak-qon tomir kasalliklari tufayli qayd etilgan oʻlimlar soni 2024-yilda 290,4 ga yetdi. Ushbu holat, 2020-yildagi pandemiyadan keyin keskin oshgan boʻlib, bugungi kunda pasayish tendensiyasi ketayotgani kishiga taskin beradi. Shuningdek, nafas yoʻllari kasalliklaridan vafot etganlar 4,7 foizni, oʻsma kasalliklaridan 8,9 foizni va hazm qilish organlari kasalliklari sabab hayotdan koʻz yumganlar 4,4 foizni tashkil qildi.
2025-yil 1-yanvar holatiga koʻra Oʻzbekiston nufusining oʻrtacha yoshi 29,3 koʻrsatkichda boʻldi. Aholining 11,9 foizi mehnat yoshidan yuqori boʻlib, bu guruhda surunkali kasalliklar koʻproq uchraydi.
Jismoniy faollikning pastligi Oʻzbekistonda keng tarqalgan muammo boʻlib, aholining faqat 32 foizi muntazam jismoniy mashqlar bilan shugʻullanadi xolos. Vaholanki, umr koʻrish davomiyligi boʻyicha dunyoda yetakchi Yaponiya (84,9 yosh), Janubiy Koreya (84,4) va Shveysariya (84,1 yosh) singari mamlakatlarda sogʻliqni saqlash tizimining yuqori sifati, toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 100 foizga yetgani, eng asosiysi, sogʻlom turmush tarzi keng namoyon boʻlishi muhim omil sifatida keltiriladi.
Jahon banki maʼlumotlariga koʻra sogʻliqni saqlash sohasiga moliyaviy resurslarning nisbatan koʻp yoʻnaltirilishi umr koʻrish davomiyligini oshiradi. Misol uchun, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlashga qilingan xarajatlarning YIMdagi ulushi 7,4 foizni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich Turkiyada — 3,7, Ozarbayjonda — 4, Qirgʻizistonda — 4,9, Xitoyda — 5,4, Belarusda — 6,7, Rossiyada — 6,9, Gruziyada — 7,3, Norvegiyada — 8, Italiyada — 9, Braziliyada — 9,1, Koreya Respublikasida — 9,4, Kanadada — 11,2 va Yaponiyada — 11,4 foizga teng. Bu koʻrsatkich dunyo boʻyicha oʻrtacha 9,9 foizni tashkil etadi.
Jahon mamlakatlari bilan taqqoslanganda, Oʻzbekiston umr koʻrish davomiyligi boʻyicha MDH orasida oʻrtacha natijalarga ega boʻlsa-da, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Shveysariya kabi rivojlangan davlatlardan hali orqada. Shu bois demografik barqarorlik, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, tibbiy xizmatlardan keng foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi saʼy-harakatlarni davom ettirish zarur. Zero, umr koʻrish davomiyligi nafaqat sogʻliq, balki mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotining asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
Umuman olganda, Oʻzbekistonda kutilayotgan umr koʻrish davomiyligi soʻnggi yillarda barqaror oʻsish tendensiyasini namoyon etmoqda. Bu aholi salomatligi, sogʻliqni saqlash tizimi islohotlari, iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy turmush sharoitlarining yaxshilanishi bilan bevosita bogʻliqdir.
Behzod HAMROYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy statistika qoʻmitasi raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring